Jahon | 14:52 / 31.12.2022
13129
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq Rim papasi Benedikt XVI 95 yoshida vafot etdi

Foto: AP

Sobiq Rim papasi Benedikt XVI vafot etdi. Papa 95 yoshda edi. U 2005 yildan 2013 yilgacha apostollik taxtini egallab turgan, so‘ng kutilmaganda taxtdan voz kechish qarorini e’lon qilgan

O‘z hayotining so‘nggi yillarida u Vatikan bog‘laridagi Mater Ecclesiae kichik monastirida yashagan.

Benedikt XVI'ning papalik taxtidan voz kechishi Vatikanda bir necha asrlar davomida birinchi bo‘lib sodir bo‘ldi - 1415 yilda Konstansdagi kengash papa Grigoriy XII'ning iste’fosini qabul qilib, bir vaqtning o‘zida antipapalar Benedikt XIII hamda Ioann XXIII'ni taxtdan ag‘dardi, ilgari taxtdan ixtiyoriy ravishda voz kechgan yagona papa esa Tselestin V bo‘lgan, bu 1294 yilda yuz bergan.

Benedikt XVI (Yozef Ratsinger, Myunxenning sobiq arxiyepiskopi) bir necha asrlar ichida asli kelib chiqishi Germaniyadan bo‘lgan birinchi papaga aylangandi.

Benedikt XVI 1927 yil Germaniyada tug‘ilgan, Myunxen universiteti huzuridagi Ilohiyot institutini tugatgach, 1951 yili ruhoniy rutbasini qabul qilgan. 1952—77 yillarda Germaniyadagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qituvchi bo‘lgan. 1977 yildan Myunxen va Frayzing arxiyepiskopi, shuningdek, kardinal. 

1981—2005 yillarda diniy ta’limotlar bo‘yicha kongregatsiya (boshqaruv organi) prefekti, ayni vaqtda Vatikan kardinallari hay’ati dekani (2002—2005) bo‘lgan. 2005 yil 19 aprelda Rim papasi va Rim katolik cherkovi boshlig‘i etib saylangan hamda Benedikt XVI nomini olgan.

Mavzuga oid