Sport | 18:26 / 02.01.2023
47123
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo qit’asi uchun JCh-2026 saralashi tartibi belgilandi

Osiyo jamoalari jahon chempionatining 8+1 shaklidagi yo‘llanmalar uchun kurash olib boradi.

Foto: Getty Images

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2026 yili AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan jahon chempionati saralash o‘yinlari tizimini e’lon qildi.

Osiyo qit’asi uchun JCh-2026 yo‘llanmalari soni 8+1 shaklida belgilangan va milliy jamoalar 5 ta bosqichdan iborat saralash tizimida kurash olib borishadi.

1-bosqichda FIFA reytingining eng quyi qismidagi 22 ta milliy jamoa 11 ta juftlikka ajratiladi. Juftlik g‘oliblari keyingi bosqichga chiqadi.

2-bosqichda FIFA reytingida Osiyoning eng yaxshi 25 ta milliy jamoasi va 1-bosqichda g‘olib bo‘lgan 11 jamoa qo‘shiladi va 36 jamoani tashkil qiladi. Ular 4 ta ishtirokchidan iborat 9 ta guruhga ajratiladi. 2 davrali o‘yinlar o‘tkaziladi va har bir guruhning 2 ta yetakchi jamoasi (jami 18 ta jamoa) keyingi bosqichga chiqadi. O‘yinlar 2023 yil noyabr, 2024 yil mart va iyun oylarida o‘tkaziladi. O‘zbekiston milliy jamoasi ishtirokini mana shu bosqichdan boshlaydi.

3-bosqichda 18 ta jamoa 6 ta ishtirokchidan iborat 3 ta guruhga ajratiladi. Har bir guruhdan 2 ta yetakchi jamoa (jami 6 ta) JCh-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. 3-bosqich o‘yinlari 2024 yil sentabridan 2025 yil mart oyiga qadar bo‘lib o‘tadi. Guruhda 3- va 4-o‘rinni egallagan jamoalar keyingi bosqichga chiqadi.

4-bosqichda jami 6 ta jamoa 3 ta ishtirokchidan iborat 2 ta guruhga ajratiladi. Guruh g‘oliblari JCh-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. 2-o‘rinni egallagan jamoalar keyingi bosqichga chiqadi.

5-bosqichda 2 ta jamoa o‘zaro 1 o‘yinda g‘olibni aniqlab oladi. O‘z navbatida ushbu jamoa qit’alararo pley-offga chiqadi.

2026 yilgi jahon chempionatida tarixda ilk marotaba 48 ta milliy jamoa ishtirok etadi. Hozircha musobaqaning formati tasdiqlanmagan.

Mavzuga oid