Curiosity marsyurari Marsda suv manbalarini topdi
Katta hajmdagi opal konlari suv manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Curiosity marsyurari tomonidan 10 yil davomida Marsni o‘rganish natijasida to‘plangan ma’lumotlar Qizil sayyorada katta hajmdagi opal konlari borligini aniqlash imkonini berdi. Kelajakdagi kolonistlar uchun opal zargarlik buyumi sifatida emas, balki kafolatlangan suv manbai sifatida qiziqarli. Bu Marsdagi kelajak bazasi taqdiri uchun muhim kashfiyot.
Marsda opal konlari borligi 2008 yilda Reconnaissance Orbiter apparati tomonidan aniqlangan edi. Zond Qizil sayyoraning bir qancha hududlarida kremniy dioksidi konlari bilan bog‘liq bo‘lgan katta dog‘larni topdi. Kremniy dioksidi gidrati aynan opal bo‘lib, u kremniyga boy jinslarning suv bilan parchalanishi jarayonida hosil bo‘ladi. Eritma yoriqlar va bo‘shliqlarga kiradi va qattiqlashib, millionlab yillar davomida qimmatbaho mineralga aylanadi.
Opal tarkibidagi suv kristallga aylanmaydi, balki mineralni maydalash va isitish jarayonida yana suyuqlik holatiga keladi. Curiosity ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, uzunligi 1 m va chuqurligi 30 sm bo‘lgan konning hajmi 5,7 litrgacha suvni o‘z ichiga olishi mumkin. Marsyurar yo‘nalishi bo‘ylab bunday konlar juda ko‘p miqdorda aniqlangan. Bu Marsni kolonizatsiya qilish rejalari uchun yaxshi yangilik.
Curiosity marsyurari 2012 yilda NASA tomonidan Qizil sayyora yuzasiga qo‘ndirilgan va 10 yil davomida 28 km masofaga yurgan. Uning yordamida Marsning fotosuratlari, geologik tarkibi, atmosferasi haqidagi ilmiy ma’lumotlar Yerga uzatilmoqda.
Mavzuga oid
20:10 / 10.11.2024
XKSda qolgan astronavt keskin vazn yo‘qotmoqda
20:08 / 10.11.2024
Xitoyga tegishli marsoxod Marsda qadimiy okean izlarini topdi
11:30 / 07.11.2024
NASA Yupiterning eng tiniq suratlarini e’lon qildi
10:56 / 07.11.2024