O‘zbekiston | 12:52 / 07.01.2023
110486
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng kuchli armiyalar reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

Global Firepower Index’ning yangilangan reytingida O‘zbekiston qurolli kuchlari Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida beshinchi va dunyoning 145 mamlakati orasida 62-o‘rinni egalladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston armiyasi harbiy salohiyat bo‘yicha 145 ta davlat orasida 62-o‘rinda qayd etildi. Bu haqda Global Firepower'ning yangilangan reytingida keltirib o‘tilgan.

Mutaxassislar qurolli kuchlarni oltmishdan ortiq parametrlar bo‘yicha baholagan. Ularning asosiylari qatorida mudofaaga mablag‘ sarflanishi darajasi, texnik ta’minot, armiya soni, tanklar, kemalar, samolyotlar va boshqa harbiy texnikalarning miqdori, neft mahsulotlari mavjudligi, davlatning geografik xususiyatlari, ishlab chiqarish va ba’zi resurslarning iste’moli, logistik imkoniyatlar kabi mezonlar hisobga olingan.

Reytingga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston armiyasi harbiy salohiyat bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. Chegaradosh mamlakatlar: Qozog‘iston 63-o‘rin, Turkmaniston 82-o‘rin, Qirg‘iziston 107-o‘rin, Afg‘oniston 114-o‘rin, Tojikiston esa 120-o‘rinda qayd etilgan. O‘zbekistonning mudofaa budjeti 692,5 mln dollarga baholangan.

Sobiq SSSR davlatlari orasida O‘zbekiston beshinchi o‘rinni egallab, Rossiya (2-o‘rin), Ukraina (15-o‘rin), Ozarboyjon (57-o‘rin) va Belarus (60-o‘rin) armiyalaridan ortda qoldi.

Yangilangan reytingda harbiy salohiyati dunyo bo‘yicha eng yuqori baholangan davlatlar Top-10taligi quyidagicha:

  1. AQSh
  2. Rossiya
  3. Xitoy
  4. Hindiston
  5. Buyuk Britaniya
  6. Janubiy Koreya
  7. Pokiston;
  8. Yaponiya;
  9. Fransiya;
  10. Italiya.

Ro‘yxatning eng quyi pog‘onasidan Moldova, Benin va Butan kabi mamlakatlar o‘rin olgan.

Mavzuga oid