O‘zbekiston | 18:56 / 16.01.2023
25798
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq vazir o‘rinbosari Piskent tumaniga hokim bo‘ldi

Nodirbek Gulmuradovich Yoqubov Toshkent viloyatining Piskent tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Xalq deputatlari Piskent tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tavsiyasiga ko‘ra, Nodirbek Yoqubov Piskent tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Nodirbek Yoqubov 1975 yili Olmaliq shahrida tug‘ilgan. Mutaxassisligi - huquqshunos. U 2001 yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini bitirgan. Oilali, uch nafar farzandi bor.

Nodirbek Yoqubov mehnat faoliyatini «O‘zelektrkimyosanoat» ishlab chiqarish birlashmasida ishchi vazifasida boshlagan. Faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida ishlagan.

Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar 2018 yildan buyon Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Piskent tumaniga 2020 yilning 15 sentabridan buyon Rahimjon Rixsiyev hokimlik qilib kelayotgandi. 2022 yil sentabrida e-auksion platformasida o‘tkazilgan savdoda ushbu hokim g‘olib chiqib, Ohangaron tumanidagi salkam 400 gektar yaylovni qariyb 1 trln so‘mga 30 yilga ijaraga olgan olgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid