O‘zbekiston | 18:24 / 17.01.2023
14921
2 daqiqa o‘qiladi

OTMlardagi ta’til muddatini ham hokimlar belgilaydi

Bu haqda ma’lum qilgan Oliy ta’lim vazirligiga ko‘ra, qishki ta’til uzaytirilishi munosabati bilan talabalar poyezd chiptalarini bepul almashtirishi mumkin. Aviachiptalar masalasiga aniqlik kiritilmadi. Oraliq va yakuniy nazoratlar bo‘lib-bo‘lib o‘tkazilishi mumkin, bunda barcha talabalarga imkoniyat beriladi.

Foto: KUN.UZ

Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini tashkil qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarga o‘quv grafiklarini moslashtirgan holda amalga oshiriladi.

Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Nazorat ishlari (oraliq, yakuniy) ta’lim muassasalari tomonidan belgilanadigan shakllarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin. Bunda, barcha talaba va o‘quvchilarga nazorat ishlarida ishtirok etishlariga imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari uchun qishki ta’til muddati uzaytirilishi munosabati bilan temiryo‘l poyezdlariga qo‘shimcha joylar soni yanada ko‘paytirilib, xarid qilingan yo‘l chiptalari bepul almashtirib beriladi.

Bundan tashqari, tezyurar va yo‘lovchi poyezdlarga chiptalarning ekonom sinfi tarifi qiymatidan 50 foizli chegirma sotuvi muddati ham uzaytiriladi.

Barcha temiryo‘l kassalarida talaba-o‘quvchilar avval xarid qilgan chiptalarini boshqa sanaga almashtirishlari yoki ta’til yakunlanguniga qadar chegirma bilan sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Vazirlik axborotida samolyot chiptalari masalasiga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, qishki ta’tildan keyin oliygohlarda darslar 9 yanvardan boshlanishi kerak edi. Avvaliga qattiq sovuq tufayli 18 yanvarga ko‘chirilgan birinchi o‘qish kuni keyinchalik aksariyat hududlarda 23 yanvar, dushanbaga surildi.

Mavzuga oid