Jahon | 20:11 / 20.01.2023
11998
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Kiyevga yashirincha bordi – WP  

Uilyam Byorns Ukrainada prezident Volodimir Zelenskiy va Ukraina razvedka xizmati vakillari bilan uchrashdi.

Foto: Jabin Botsford/The Washington Post

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns o‘tgan haftada Kiyevga yashirin tashrif buyurdi va u yerda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Ukraina razvedka xizmati vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda The Washington Post o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. 

Nashrning yozishicha, uchrashuv chog‘ida Byorns Zelenskiyga Rossiyaning «yaqin haftalar va oylardagi harbiy rejalari» haqidagi taxminlari haqida ma’lumot bergan. 

O‘z navbatida, Zelenskiy va Ukraina razvedkasi vakillari uchun uchrashuvning asosiy masalasi respublikachilar AQSh Vakillar palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kiritganidan keyin Ukraina AQSh va G‘arb harbiy yordamiga qancha vaqt umid qilishi mumkinligi bo‘lgan. 

The Washington Post manbalariga ko‘ra, Byorns jang maydonidagi imkoniyatlarning dolzarbligini ta’kidlagan, shuningdek, qaysidir lahzada yordam olish qiyinroq bo‘lishini tan olgan. 

Uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy va uning yordamchilari AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining Kiyevga yordami hamon kuchli va Ukrainani moliyalashtirish kamida iyul yoki avgustgacha yetarlicha ekani haqida taassurotga ega bo‘lgan. 

Nashr manbalariga ko‘ra, hozirda Kiyev AQSh Kongressi Ukrainaga yana bir ko‘p milliardli qo‘shimcha harbiy yordam paketini ajratishiga ishonchi kamroq. 

Dekabr oxirida AQSh prezidenti Jo Bayden 2023-moliya yili uchun 1,7 trillion dollarlik budjet loyihasini imzoladi. Shu bilan birga, ularning 44,9 milliard dollari Ukraina va NATO davlatlariga yordam berish uchun ajratiladi. 

Mavzuga oid