Sovuq bilan kurashayotgan hayvonlar. Ularga g‘amxo‘rlik qilinmoqda
Qalin qor va qattiq sovuq hayvonot olamiga ham jiddiy xavf soldi: baland tog‘larda va cho‘l hududlarida yashovchi yovvoyi hayvonlar uchun yemish topish mushkullashdi. Ularni asrab qolish maqsadida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda ozuqalar qo‘yib chiqilmoqda.
Sovuq havo yovvoyi hayvonlarga ham ta’sir qildi. Qalin qor ostidan yemish topish ularga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bunday paytda ularni asrab qolish muhim hisoblanadi. Shu sababli respublika bo‘ylab biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Muhofaza etiladigan hududlarda yovvoyi hayvonlar uchun ozuqalar qo‘yib chiqilyapti. Jumladan, qushlarga don, boshqa turdagi hayvonlarga yem va xashak berilmoqda. Suvloqlar ham hayvonlar kelib suv ichishi uchun har kuni muzdan tozalanyapti.
“Muhofaza etiladigan har bir tabiiy hududda o‘ziga xos hayvonot turlari mavjud. Ularni sovuqlardan talafotsiz olib chiqish maqsadida biotexnik tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada bizga mahalliy hokimliklar ham yordam bermoqda.
Har bir qo‘riqxonada inspektorlar, ilmiy xodimlar faoliyat olib boradi. Ular hayvonlar to‘planadigan, oziqlanadigan, suv ichadigan joylarni bilishdi. Hozirda o‘sha joylarga ozuqalar qo‘yib chiqilmoqda. Albatta, bu ancha mashaqqatli ish. Sababi baland tog‘ tizmalariga chiqib, ozuqa sochib kelishning o‘zi bo‘lmaydi”, — deydi Tabiat resurslari vazirligi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqarmasi boshlig‘i Xalilulla Sherimbetov.
Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yovvoyi hayvonlar uchun 100 tonna yem zaxira qilingan. 170 tonnadan ortiq xashak, 7 000 dona beda va somon presslari ham jamg‘arilgan.
Biotexnik tadbirlar havo haroratiga qarab fevral oyida ham davom etishi mumkin.
Mavzuga oid
13:20 / 16.04.2024
Qizilqum qo‘riqxonasidagi fotoqopqonga O‘rta Osiyo qunduzi muhrlandi
13:57 / 29.01.2024
Surxon davlat qo‘riqxonasida Buxoro tog‘ qo‘ylari tasvirga olindi
07:44 / 06.01.2024
O‘zbekistonda yanvar oyida anomal sovuq kutilmayapti
12:33 / 13.12.2023