Prokuror va qori kuralmagan maktab – aybdor prokurormi yoki tizim?
Videoni ko‘rib yana bir bor g‘azablandik, kimdir so‘kindi. Ammo manzaraga yuqoriroqdan qarasak... Gap prokurordami? Undan aynan mana shu narsalar talab qilinsa, u nima qilishi kerak edi? Keling, masalaning bu tomoniga nazar tashlaylik.
O‘zbekiston prokurorlarga yuklangan va yuklanayotgan vazifalar bo‘yicha g‘oyat noyob mamlakat hisoblanadi. Hatto davlatning bosh mafkuraviy targ‘ibotchisi bo‘lgan “Axborot” ko‘rsatuvida prokurorning yer haydab ketayotgan traktor ortidan temir asbob ko‘tarib, haydov chuqurligini o‘lchayotgani aks etgan lavha ko‘rsatilgandi. Bu lavhani chet ellik kimdir ko‘rsa, miyasi g‘ovlab ketadi: prokuror va fermerning dalasidagi ishlar – bu ikkisining bir-biriga nima aloqasi bor?
Angrendagi holat. Prokuror maktabga o‘zicha bormagani aniq: u sektor rahbari hisoblanadi va boshqa sektor rahbarlari bilan yuribdi. O‘zidan talab qilingan vazifani bajarayotgani ham ayon, chunki ertaga kimdir shu maktabni tekshirsa, boshida kaltak sinadi. Ha, u “o‘tkazib yubordi”, so‘z tanlamadi, ammo u shunga o‘rgangan va videosi tarqalib ketib, “qahramon”ga aylanishini o‘ylamagan.
Ha, o‘qituvchilarni turli ishlarga jalb qilishning o‘zi qonunga zid va qor kurash o‘qituvchining bevosita vazifasiga kirmaydi, prokuror qor kurashni o‘qituvchidan talab qilgani ham bahsli. Ammo mavjud holatda: tizim yo‘lga qo‘yilmagan, vazifalar belgilanmagan, gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, isloh qilinmagan “tizim”da... “qorni” kim “kurasin”?..
Hokimiyat markaziy ko‘chalarni-da eplay olmayapti, mahallaning mingta tashvishi bor, lekin ishchi kuchi yo‘q. Bolalarni jalb qilish to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas.
Bunday paytda “qo‘l boshqaruvi” ishga tushadi-da... Boshqa na iloj? Bir tomondan “shanbalik, hashar” degan tushunchalarni yomonladik. Ikkinchi tomondan vazifalarni tartibga keltiruvchi islohotlarni boshlamayapmiz. Natijada “qor kuralmay qolyapti”... “Qorda yiqilib, boshni yorish” qoldi...
Natijada turli ma’muriy “prokuror”larning do‘q-po‘pisasiga kunimiz qoldi...
Mavjud tizim – “yuqori talab qildi” bo‘lib qoldi... Kor-hol yuz bersa, to‘rt sektor javobgar bo‘ladi: “davlat qayoqqa qarayapti?!” Keyin “prokuror qahramon bo‘ladi”... Bosh berk ko‘cha...
Video tarqalgandan keyin maktab tezkorlik bilan qordan tozalangan. Rezonans ko‘tarilganidan, jamoatchilik noroziligi tug‘ilganidan keyin prokuratura o‘z xodimini maktabga olib borib, ommaviy uzr so‘ratgan, “mana u – aybdor, ko‘rib qo‘yinglar!”...
Videoda prokuror o‘qituvchilar ishga kelmaganini gapirdi. Sog‘lom aql buni ham inkor etadi – ta’lim tizimi o‘z-o‘zini nazorat qilishi kerak. Ammo tizim ishlamagandan keyin, “prokurorlar” o‘rtaga chiqadi...
Xulosa shuki, mantiq tarozisiga solinganda, ko‘rayotgan manzaramiz – g‘ayritabiiy, ammo mantiqsizlik holatimiz mohiyatiga aylangani bois – tabiiy.
Har qanday shahar, tumanga bormang, prokuratura xodimlari aqlga sig‘maydigan ishlarga aralashib yurishibdi. Ammo ko‘pincha buni o‘zlari istab qilayotgani yo‘q.
Abror Zohidov
P.S.: Muallif va tahririyat nuqtai nazari farqlanishi mumkin. Maqola prokurorlarni oqlash uchun emas, umumiy vaziyatga xolisona baho berish maqsadida e’lon qilindi.
Mavzuga oid
11:51 / 01.10.2024
“Jabrlanuvchilar rozi emas” - Farg‘ona viloyat sudida protsessni tasvirga olmaslik uchun “yopishmagan” sabab ko‘rsatildi
11:06 / 14.09.2024
Isroil Adhamov bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinlandi
11:37 / 01.07.2024
Surxondaryoda prokuror pora olayotganda tezkor tadbirda ushlandi
10:31 / 22.05.2024