O‘zbekiston | 11:51
1619
4 daqiqa o‘qiladi

“Jabrlanuvchilar rozi emas” - Farg‘ona viloyat sudida protsessni tasvirga olmaslik uchun “yopishmagan” sabab ko‘rsatildi

Foto: Kun.uz

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rilayotgan ishni yoritish uchun borgan muxbirga sud majlisini tasvirga olishga ruxsat berilmadi. Raislik qiluvchi bu qarorini “jabrlanuvchilar qarshi” ekani bilan izohladi. Bu qarorning g‘alatiligi shundaki, ko‘rilayotgan ishda jabrlanuvchi mavjud emas. Bu bilan sudlov hay’ati a’zolarining jinoyat ishi materiallari bilan to‘la tanishmagani ma’lum bo‘lib qoldi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudining hukmi bilan Asaka tuman prokurori o‘rinbosari Sarvarbek Hamidov Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mazkur ish bo‘yicha S. Hamidov tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati Farg‘ona viloyat sudining tegishli sudlov hay’atida ko‘rib chiqilmoqda (sudlanuvchi va uning advokatlari tomonidan kiritilgan iltimosnomaga muvofiq ishni ko‘rish Farg‘ona viloyati sudiga o‘tkazilgan).

Mazkur sud jarayonlarini yoritish uchun borgan Kun.uz muxbiriga protsessni tasvirga olishga ruxsat berilmagan.

Sudya bu qaroriga asos sifatida “jabrlanuvchilar qarshi” ekanini ko‘rsatgan. Sudda ma’lum bo‘ldiki, mazkur jinoyat ishida jabrlanuvchi mavjud emas (tergov va dastlabki instansiya sudlarida ham biror shaxs jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilmagan).

Sudlanuvchi Sarvarbek Hamidov va uning advokatlari tomonidan raislik qiluvchining bu “bahonasi” yo‘qqa chiqarilgach, “jinoyat ishida maxfiy hujjat bor”ligi aytildi.

Ammo raislik etuvchi bundan ham qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Gap shundaki, dastlabki tergovda chindan ham ish hujjatlari orasida “maxfiy” grifli hujjat bo‘lgan. Ammo u tergov zarurati tufayli, tezkor qidiruv organining qarori bilan maxfiylikdan yechilgan. Bu haqda sudlanuvchi Sarvarbek Hamidov va advokatlar ma’lum qildi.

Bu bilan sudlov hay’ati a’zolarining jinoyat ishi materiallari bilan to‘la tanishmagani ma’lum bo‘lib qoldi.

Sud majlisi 7 oktyabrga qadar tanaffus e’lon qildi.

Ma’lumot uchun, Oliy sud plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi 21.02.2020 yildagi 04-son qaroriga ko‘ra ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translatsiya qilishga jinoyat ishini ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

Kun.uz muxbiri ishtirok etayotgan sud majlisida tasvirga olishga va OAVda yoritishga biror bir taraf (sudlanuvchilar, advokat va prokuror) qarshilik bildirmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz ushbu mavzuga avvalroq to‘xtalgan, unda Andijon viloyati prokuraturasi tergovchisi tezkor tadbirdan yozib olingan so‘zlashuvlar stenogrammasiga soxta ma’lumotlar kiritgani, aynan shu ma’lumotlar Asaka tuman prokurori o‘rinbosarining 8 yil 6 oyga qamalishiga asos bo‘lgani haqida aytilgandi.

Mavzuga oid