O‘zbekiston | 18:21 / 25.01.2023
45125
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning gaz tarmoqlarini “Gazprom”ga berish ko‘zda tutilmagan

O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida tuzilgan yo‘l xaritasida O‘zbekistonning gaz-transport tarmog‘ini Rossiya kompaniyasi egaligiga yoki boshqaruviga o‘tkazish haqida hech qanday band mavjud emas. Bu haqda hukumatdagi manbalar yordamida yo‘l xaritasini bevosita ko‘rgan Kun.uz muxbiri ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

3 sahifalik yo‘l xaritasi 8 ta banddan iborat bo‘lib, unda Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali bozor narxida tabiiy gaz yetkazib berish uchun zaruriy texnik choralar aks etgan.

Kelishuvga ko‘ra, 2023 yil 1 martdan boshlab Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz importi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yo‘l xaritasida Rossiyadan O‘zbekistonga gaz uzatishni tashkil etish uchun O‘zbekiston o‘z gaz tarmoqlari haqida “Gazprom”ga rasmiy ma’lumotlar taqdim etishi ham nazarda tutilgan.

Manbaning bildirishicha, yo‘l xaritasi Rossiya tomonining so‘roviga asosan e’lon qilinmaydi.

Hujjat bilan tanishgan Kun.uz muxbiri, shuningdek, Energetika vazirligining bu masaladagi bayonotida aytilgan ma’lumotlarni tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, bayonotda O‘zbekiston o‘z gaz-transport tizimiga egalik va boshqaruv huquqini to‘liq o‘zida saqlab qolishi ta’kidlangan edi.

“Bunda gaz-transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, – deya bildirgan vazirlik.

Eslatib o‘tamiz, mazkur “Yo‘l xaritasi” kecha, 24 yanvar kuni imzolandi. Hujjat imzolanganidan keyin o‘tgan qariyb bir sutka vaqt ichida O‘zbekiston tomoni bu borada birorta ham izoh bermagani jamoatchilikda jiddiy xavotirlarni yuzaga keltirdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatning gaz transport tizimi “Gazprom”ga ishonchli boshqaruvga berib yuborilishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi.

“Gazprom” bunday hujjatni o‘tgan hafta Qozog‘iston bilan ham tuzgan edi.

Mazkur kelishuvlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokidagi uchtomonlama gaz ittifoqini tuzish taklifidan 2 oy o‘tib imzolandi. Rasmiy Toshkent ham, Ostona ham bu hamkorlik ittifoq shaklida bo‘lishiga rozi bo‘lmadi.

Ta’kidlash kerakki, Rossiyaning Markaziy Osiyoga gaz sotishga qiziqib qolishi Ukraina urushi fonida Yevropa rus energoresurslaridan yuz o‘girayotgan bir paytda ro‘y bermoqda.

Mavzuga oid