Iqtisodiyot | 15:29 / 26.01.2023
14120
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank 2023 yilda 8,5–9,5 foiz inflatsiyani prognoz qilyapti 

Yilning I choragida YaIMning o‘sishi ma’lum darajada sekinlashishi mumkin. Regulyator 2023 yil yakunida 4,5–5 foiz iqtisodiy o‘sish va 8,5–9,5 foiz yillik inflatsiyani prognoz qilmoqda. 

Foto: KUN.UZ

Markaziy bank boshqaruvi 26 yanvar kuni yillik asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish yuzasidan qaror qabul qildi

Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlariga ko‘ra, I chorakda YaIM o‘sishining ma’lum darajada sekinlashishi bo‘yicha ehtimol yuqori va 2023 yil yakunida iqtisodiyotning 4,5–5 foizga o‘sishi va yillik inflatsiya 8,5–9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Markaziy bank reliziga ko‘ra, bazaviy inflatsiyaning o‘suvchi dinamikasi va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar darajasi, ikkinchi tomondan, tashqi iqtisodiy sharoitlar va taklif omillaridagi xatarlar pul-kredit siyosati ta’sir doirasini qisqartirishi mumkin.

«Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini sinchkovlik bilan baholashda davom etadi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar talab va taklif mutanosibligini ta’minlash hamda inflatsiyaning prognoz koridori doirasida shakllanishiga va 5 foizlik o‘rta muddatli targetiga erishishiga qaratiladi», – deyiladi rasmiy xabarda. 

Iqtisodiyotda dollarlashuv pasayishda davom etadi 

O‘tgan yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiyotni moliyalashtirish jarayonlarida tarkibiy o‘zgarishlar kuzatilib, banklar ko‘proq ichki resurslardan foydalangan holda faoliyat yuritishga o‘tishi tezlashdi. Bu, o‘z navbatida, mavjud moliyaviy imkoniyatlar samarali mobilizatsiya qilinishi bilan birgalikda iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasi pasayishiga xizmat qildi. Bu jarayon joriy yilda ham davom etishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2022 yil yakuni bo‘yicha YaIM o‘sishi Markaziy bankning oktabr oyidagi prognozlariga mos bo‘lib, 5,7 foizni tashkil etdi. 

Mavzuga oid