O‘zbekiston | 14:08 / 27.01.2023
33401
7 daqiqa o‘qiladi

5 oy avval “Tashkent Index”ga joylashtirilgan talabalar majburan chiqarilmoqda

“Biz “Tashkent Index”da yashovchi talabalarmiz. Iltimos, bizga yordam bering, shu sovuqda yashirincha ko‘chaga haydashyapti. “Zamdekan”larimiz kelib, bugunning o‘zida ketishimizni talab qildi. Biz shu sovuq kunda chiqib qayerga boramiz?”

26 yanvar kuni Kun.uz'ga shu mazmundagi onlayn murojaat kelib tushgach, “Tashkent Index” savdo-ishlab chiqarish majmuasida tashkil etilgan yotoqxonaga yetib bordik. Majmua hududiga yetib boriboq ko‘rganimiz yoppasiga ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirayotgan talabalar bo‘ldi.

Biz vaziyatga oydinlik kiritish uchun yuklarini yig‘ishtirib ketayotgan talabalarga mikrofon tutdik. Ammo savdo majmuasining qo‘riqlash xizmati xodimlari va OTM o‘qituvchilari nazorati hamda qarshiligi sabab ular bilan suhbatlashishimiz oson bo‘lmadi.

“Shu paytgacha yotoqxonamizda joy yo‘q edi. Hozir 4-kurslar amaliyotga chiqyapti, shuning uchun talabalarni yotoqxonaga olib borib joylashtiramiz”, – dedi Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilaridan biri.

Nega, qayerga chiqib ketyapsiz mazmunidagi savollarimizga xuddi shu universitetning bir nechta talabalaridan javob oldik.

“Bu yerda 8 kishi turar edik. Hozir o‘z xohishimiz bilan ijaraga chiqmoqchimiz. Yotoqxonaga ham bolalarni olib ketishyapti, lekin biz ijara uyga chiqmoqchimiz. O‘z xohishimiz bilan”, – deydi ulardan biri.

“Bilmadim nega chiqib ketayotganimizni. “Srogi” tugagandir...” – deydi boshqa bir talaba.

O‘zlari yolg‘iz yoki ota-onalari bilan yuklarini yig‘ishtirayotgan talaba qizlarni uchratdik. Ular vaqtincha ijaraga ko‘chishayotganini aytishdi.

“Stomatologiya institutida o‘qiymiz. Yotoqxonamiz bitgani uchun bu yerdan chiqib ketyapmiz. Hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q, hech kim quvib chiqarmayapti. Hozircha ijara uyda turibmiz, bir haftada yotoqxonaga ko‘chirishar ekan”, – deydi ulardan biri.

Ko‘ch-ko‘ronini yelkasiga ortib koridorda shoshilib harakatlanayotganlar orasidan o‘tib, yuklari yig‘ilgan bo‘lsa-da haliyam xonalarini tark etmagan talabalarga mikrofon tutamiz. Ming bor o‘ylanib ulardan biri dardini ochadi:

“15 daqiqa oldin chiqib ketishimizni aytishdi. Hech bo‘lmasa, bir necha kun oldin aytish kerak edi. Institut xodimlari kelib, shu yerda turgan hamma talabani chiqarib yuboryapti. Hozir ijara uyga chiqib ketishga majburmiz. Institut yotoqxonasiga borsak, joy bo‘lmasa, polga yotishimizni aytishyapti. U yerdan ham keyin ijaraga chiqishimiz kerak ekan, faqatgina ijara uy topguncha joy berib turishar ekan.

Bezib ketganmiz. Dekabr oyida qor yog‘ib turgan holatda bizni «V» blokdan «A» blokka ko‘chirishdi. «A» blokda konditsioner ishlamadi, issiq suv yo‘q. Yo issiq payti, yo qordan so‘ng ko‘chirishsin edi. Pulini olishyapti, lekin talabga javob bermaydi.

Bu gaplarim ortidan institutdan haydalib ketishim ham mumkin. Lekin ichim achiyapti, talabalar qiynalyapti. Hamma ko‘rishi kerak vaziyatni. Birinchi sharoit yaratib berishi kerak, keyin ta’lim bo‘ladi. Bu tarzda qanday biz ilm olamiz?”

Ammo biz bilan suhbatlashgan xususiy OTM talabalari shartnoma o‘quv yili yakunigacha tuzilgani uchun, may oyigacha shu yerda qolishlarini ma’lum qilarkan, “...bizning chiqib ketishimiz haqida gap bo‘lgani yo‘q” – deyishdi ishonch bilan.

“Talabalar kelishi va ketishi ixtiyoriy. “Tashkent Index” administratsiyasi tomonidan hech kimga chiqib ket deyilmagan. Davlat universitetlari yoki xususiy farqi yo‘q. O‘quv yili oxirigacha shartnoma qilingan”, – deya tasdiqlaydi talabaning fikrlarini “Tashkent Index” savdo majmuasi yuristi.

Xo‘sh, shunday ekan nega talabalar ayni sessiyalar boshlangan paytda, o‘quv yilining o‘rtasida yoppasiga ko‘chirilyapti? Savolimizga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Lazizbek Mingishov quyidagicha javob berdi:

“Biz bolalarga ta’tilga ketishidan oldin bu yer qish mavsumiga javob berolmaydi, deb aytganmiz. Bu joy vaqtincha yashash uchun moslashtirilgan, anomal sovuq vaqtida juda qiyin ahvolga tushadi. Elektr pechkalar isitishi mumkin, lekin yong‘in xavsizligi masalasi bor, elektr o‘chib qolishi holati bor. Shuning uchun OTMlar choralar ko‘rgan.

Masalan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti TTJga qo‘shimcha karovatlar joylashtirish orqali 139 ta o‘rin yaratib, talabalarni olib chiqib ketdi. Toshkent davlat pedagogika universiteti Oqtepadagi kollejning TTJ binosini shartnoma asosida olib, 400 ga yaqin joy yaratib, “Toshkent Index”dan 300 ga yaqin talabani olib chiqish choralarini ko‘rgan. Toshkent davlat stomatologiya instituti qishki ta’til boshlanmasidan oldin barcha talabasini olib chiqib ketgan edi, birorta talaba qolmagan.

Nodavlat ta’lim muassasalari bilan biz shug‘ullanmaymiz. Biz hisob-kitob qilganimizda ta’tilga ketishdan avval umumiy 35 ga yaqin talaba qolgan edi”.

Mingishovning qo‘shimcha qilishicha, “Tashkent Index”ga talabalarning nazoratsiz joylashish holatlari ham kuzatilgan.

“Bu yerga hech qanday nazoratsiz, talabalarning o‘zlari kelib joylashish holatlari ham bo‘lgan. Yuklari bilan kelgan talabani ko‘chaga chiqarmaydi, joylashtirishga majbur bo‘ladi. Aniqlashimizcha, bunday 130 nafar talaba bor. Ular bilan ham ertalab gaplashdik. Chiqarib yubormasligimizni, o‘z xohishlari ekanini aytdik. Lekin OTMda imkoniyat bo‘lsa, ularni joylashtirishni so‘radik.

TTJda turgan talabalar ham tartib-intizom, nazoratdan qochib, “Toshkent Index”ga joylashmoqda. Sirtqi ta’limda tahsil oladigan, lekin o‘qimayotgan, ishlaydigan talabalar ham “Toshkent Index”ga joylashib olgan. Bu yerda nazorat yo‘q, noxush holatlar ham kelib chiqishi mumkin.

Hozirgi holatda 70 ga yaqin talaba qolgan. Qaytarib aytaman, ijara uylarga ham olib chiqilgani yo‘q. Agar o‘zi xohlab, “Toshkent Index”da qolmoqchi bo‘lsa, biz kiritamiz hozir ham”, – deydi vazirlik mas’uli.

Ma’lumot uchun, bu majmuaga talabalarni joylashtirish tashabbusi 2022/23 o‘quv yili avvalida Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan chiqqandi. Rasmiylar talabalar to‘laydigan ijara puli TTJga to‘lanadigan miqdordan oshmasligini aytishgandi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda 3 ming talaba o‘rni tashkil etilib, shu kungacha 13 ta davlat OTMning 1793 nafar talabasi yashagan.

Mavzuga oid