Jahon | 14:23 / 06.02.2023
20029
2 daqiqa o‘qiladi

FT: Rossiya yaqin 10 kun ichida hujum boshlashi mumkin

Kiyevda Rossiyaning yangi keng ko‘lamli hujumi yaqinlashayotgani haqida «juda ishonchli razvedka ma’lumotlari» bor, deb yozadi Financial Times. Eng ehtimoliy yo‘nalish Luhansk viloyatining g‘arbi deb ko‘rilmoqda.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Ukraina hukumati Rossiyaning yangi keng ko‘lamli hujumni boshlash niyati haqida «razvedkadan juda ishonchli ma’lumot» oldi. Bu haqda 6 fevral, yakshanba kuni Ukraina Qurolli kuchlarining o‘zini tanishtirmagan maslahatchisiga tayanib, Financial Times xabar berdi. Unga ko‘ra, hujum keyingi 10 kun ichida boshlanishi mumkin. 

Mutaxassislar Luhansk viloyatining o‘tgan yil kuzidagi qarshi hujum paytida Ukraina armiyasi tomonidan ozod qilingan Kremennaya va Liman shaharlari yaqinidagi g‘arbiy qismini uning ehtimoliy yo‘nalishi deb atamoqda. Mahalliy rasmiylar va G‘arb tahlilchilariga ko‘ra, Rossiya bir necha haftadan beri bu yo‘nalishda qo‘shin to‘plamoqda. Ayni paytda, Moskva Donetsk viloyati janubida o‘z kuchlarini to‘plamoqda, deya ta’kidlaydi gazeta. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 5 fevral kuni kechki murojaatida OAVda rus qo‘shinlari fevral oyida «o‘tgan yilgi mag‘lubiyatlarni qaytarishni» rejalashtirayotgani haqidagi xabarlarga ishora qilib, Donetsk viloyatidagi «juda og‘ir vaziyat» va shiddatli janglarni qayd etdi. «Ammo qanchalik og‘ir bo‘lmasin va qanday bosim bo‘lmasin, biz chidashimiz kerak», dedi u. 

O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov o‘sha kungi matbuot anjumanida uning mamlakati Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganining yaqinlashib kelayotgan bir yilligi munosabati bilan fevral oyida Rossiyaning ehtimoliy hujumini kutayotganini aytdi, sababi Rossiya «ramziy narsalarni yaxshi ko‘radi». 

Mavzuga oid