Jahon | 10:04 / 11.02.2023
18677
2 daqiqa o‘qiladi

Xodorkovskiy Rossiyani qayta tashkil etishga chaqirdi

Rossiya Shveytsariyaga o‘xshash federalistik modelga o‘tishi mumkin, deb hisoblaydi sobiq oligarx Mixail Xodorkovskiy.

Mixail Xodorkovskiy / Foto: AP

Kreml tanqidchisi, o‘n yillik qamoqdan so‘ng xorijda surgun qilingan sobiq neft magnati Mixail Xodorkovskiy boshqa muxolifat vakillari bilan Rossiyada davlatni qayta tashkil etish va hokimiyatni o‘zgartirishga chaqirmoqda. Gap mamlakatning parchalanishi haqida emas, balki federal model haqida, dedi u 10 fevral, juma kuni chop etilgan Shveytsariyaning Blick gazetasiga bergan intervyusida.

"Ikki yo‘l bor, - deydi hozirda Londonda yashovchi Xodorkovskiy. - Birinchisi, Yugoslaviya modeli bo‘lib, Rossiya bir necha davlatlarga bo‘linadi. Bu juda xavfli, yadroviy mojarolar va yangi diktaturalarga olib kelishi mumkin. Men butunlay qayta qurish va Shveytsariyaga o‘xshash parlament va federalistik modelga o‘tish yo‘lini qo‘llab-quvvatlayman".

Xodorkovskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya elitasini "boshini yo‘qotishdan" qo‘rqmasdan, hukumatdan yuz o‘gira olishiga ishontirish kerak. Rossiyada qarshilik bor, lekin bu "rejim larzaga kelgandagina seziladi", dedi u. Xodorkovskiyning aytishicha, u va hamkorlari o‘z g‘oyalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka yetkazishga, shuningdek, elita vakillari bilan aloqada bo‘lishga harakat qilmoqda.

Davlatni qayta tashkil etish, Xodorkovskiyning fikricha, kamida yigirma yil davom etadi. "Hozirda Rossiya Germaniya Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin bo‘lgan rivojlanish darajasida", dedi u.

Mavzuga oid