Jahon | 15:45 / 14.02.2023
25332
4 daqiqa o‘qiladi

Atambayev qamoqdan qo‘yib yuborilmoqda

Qirg‘izistonda «qonundagi o‘g‘ri» Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi bo‘yicha korrupsiyada ayblangan Almazbek Atambayevga chiqarilgan hukm bekor qilindi. Ish qayta ko‘riladi. Unga xorijda davolanish uchun mamlakatni tark etishiga ruxsat berilgan.

Foto: Govori.tv

Bishkekdagi Pervomayskiy rayon sudi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga davolanish uchun mamlakatdan tashqariga chiqishga ruxsat berdi. Bu haqda «Ozodlik Radiosi» qirg‘iz xizmati xabar bermoqda.

TASS agentligi xabariga ko‘ra, Atambayevni axloq tuzatish koloniyasidan ozod qilishgan: bu haqda nashrga respublika sobiq prezidentining oilasi xabar qilgan. Bu ma’lumotni «Sotsial-demokratlar» partiyasi raisi Temirlan Sultanbekov ham tasdiqladi: uning aniqlik kiritishicha, «sobiq prezident Almazbek Atambayev ikkita muhim jarrohlik amaliyotidan o‘tishi kerak, shundan keyin u davolanish va tiklanish kurslarini o‘tashi kerak bo‘ladi». «Ozodlik» hozircha siyosatchi ozodlikka qo‘yib yuborilganini tasdiqlamagan: nashr ma’lumotiga ko‘ra, Atambayev hamon koloniya devorlari ortida qolmoqda.

2022 yil iyunida Bishkek sudi Atambayev va boshqa figurantlarni 2020 yil oktyabrida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar (Jinoyat kodeksining 278-moddasi) ishi bo‘yicha ularning harakatlarida «jinoyat tarkibi yo‘qligi» sababli oqlagandi. Atambayev sud jarayonini «sirk» deb atagan va unda ishtirok etishdan bosh tortgan, «so‘nggi so‘zni ozodlikka chiqqanidan keyin aytishi»ni bildirgandi.

2022 yil avgustida Atambayevning tarafdorlari uning davolanish uchun Moskvaga borishiga ruxsat berishni so‘ragandi.

2023 yil 14 fevral kuni Qirg‘iziston Oliy sudi sudyalari hay’ati yopiq yig‘ilishda Atambayevning ishini qayta ko‘rib chiqish uchun yuborishga qaror qilgan. Qarorda mamlakatning sobiq prezidenti advokatlarining jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta boshlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan.

Shuningdek sudlov hay’ati Oliy sudning Atambayevga nisbatan 2021 yil 12 oktyabr va 2022 yil 15 martida chiqargan qarorlarini bekor qilgan.

  • Almazbek Atambayev 2011 — 2017 yillarda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. 2019 yilda u korrupsiya va noqonuniy boylik orttirishda ayblanib, undan daxlsizlik huquqi olib tashlangan. Sobiq prezidentni qo‘lga olish uchun huquq-tartibot organlari xodimlari Atambayevning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohini shturm qilishga to‘g‘ri kelgan — uning tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan.
  • Qirg‘izistonda 2020 yil 5 oktyabr kuni parlamentning quyi palatasi uchun saylovlar natijalari e’lon qilinishi ortidan ommaviy mitinglar boshlanib, tartibsizliklarga aylanib ketgandi. Qirg‘iziston parlamenti va prezident ma’muriyati joylashgan Oq uy binosi va hududi egallangach, namoyishchilarning bir qismi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga yo‘l olgandi. Davlat qo‘mitasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng 2019 yil avgustidan buyon qo‘mita tergov izolyatorida hibsda saqlanayotgan Atambayev ozodlikka chiqarib yuborilgandi. 10 oktyabr kuni uni yana qo‘lga olishadi.
  • Qirg‘izistonning sobiq prezidenti kriminal avtoritet Aziz Batukayev noqonuniy ravishda ozodlikka chiqarilgani bo‘yicha ish doirasida hibsga olingan. 2020 yil 23 iyunida u mol-mulki musodara qilingan holda 11 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum etiladi. Atambayev davlat unvonlari, mukofot va ordenlaridan ham mahrum etilgan.
  • Ma’lumot uchun, millati chechen bo‘lgan «kriminal avtoritet» Aziz Batukayev 2004 yilda qamalgandi. U uzoq yillik qamoq jazosini o‘tayotgan vaqtda 2013 yil ozodlikka chiqariladi. Rasmiy ma’lumotlarda u salomatligidagi muammo sabab ozod qilingani aytiladi. 2013 yilning o‘zida Qirg‘izistonda bu ish bo‘yicha surishtiruv boshlangan va asosiy aybdor sifatida ombudsman rahbari Tursunbek Akun aytilgandi. Ammo surishtiruv ishlari to‘xtatib qo‘yilgandi.

Mavzuga oid