Iqtisodiyot | 17:46 / 14.02.2023
58542
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi neft-gaz konlari qaysi kompaniyalarga tegishli?

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda O‘zbekistonda 295 ta neft va gaz koni ochilgan bo‘lib, shulardan 60 foizi qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalar ixtiyorida.

12 fevral kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “O‘zbekneftgaz” AJ raisi Mehriddin Abdullayev jurnalistlar hamda jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, neft va gaz sohasiga oid savollarga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, hozirda mamlakatda 295 ta neft-gaz koni bor. Shundan 118 tasi – 40 foiziga “O‘zbekneftgaz” (davlat) egalik qiladi. Qolgan 176 tasi qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalarga tegishli.

“O‘zbekneftgaz” raisi Mehriddin Abdullayevning aytishicha, kompaniya ixtiyorida 2017 yildan keyin asosan gaz konlari qolgan. Neft konlari esa “Sanoat energetika guruhi” (Saneg; avvalgi Jizzakh Petroleum)ga berilgan. Ayni paytda bu guruh ixtiyorida 104 ta neft koni bor.

6VwTY_cDFwLFYp9y8OawmQTYYho4EFbG.png (796×575)
O‘zbekistondagi neft va gaz konlariga egalik qiluvchi kompaniyalar

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda neft-gaz koniga egalik qiluvchi kompaniyalar ro‘yxati quyidagicha:

Davlat korxonasi:

  • “O‘zbekneftgaz” – 118 ta kon

Qo‘shma korxonalar:

  • Natural Gas Stream (“O‘zbekneftgaz” – 50%, Altmax Holding va Gas Project Development Central Asia – 50%) – 10 ta
  • Uz-Kor Gas Chemical (“O‘zbekneftgaz” – 50%, Koreya kompaniyalari konsorsiumi: KOGAS, Lotte Chemical Corporation, GSE&R – 50%) – 1 ta (eng yirik konlardan biri bo‘lmish Surg‘il koni)
  • Gissarneftgaz (“O‘zbekneftgaz” – 55%, Gas Project Development Central Asia – 45%) – 8 ta
  • AndijanPetro (“O‘zbekneftgaz” – 50%, “Zarubejneft” – 50%) – 3 ta
  • UzMaloil – (O‘zbekiston-Malayziya qo‘shma korxonasi) – 1ta
  • Gazli Gas Storage (“O‘ztransgaz” – 40%, “Forus” – 60%) – 1 ta

Xorijiy kompaniyalar:

  • Saneg – (sobiq Jizzakh Petroleum; Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan, Baxtiyor Fozilovga aloqador Belvor Holding – 98%, Gas Project Development Central Asia – 2%) – 105 ta
  • “Lukoyl” – 13 ta
  • “Gazprom” – 2 ta
  • Epsilon (AQShda ro‘yxatdan o‘tgan; o‘z vaqtida Zeromax bosh direktori bo‘lgan Mirodil Jalolov boshqaruvida) – 18 ta
  • Surhan Gas Chemical (Altmax Holding – 75%, Gas Project Development Central Asia – 5%, “O‘zbekneftgaz” – 20%) – 1 ta (eng yirik konlardan biri hisoblangan “Mustaqillikning 25 yilligi” koni)
  • Petromaruz (Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Rossiya kompaniyasi) – 1 ta
  • CNPC (Xitoy) – 13 ta

Yuqoridagi ro‘yxat – faqat konlarning soniga oid ekani, bu obektlarning salohiyati (ulardagi zaxiralar hajmi) bir-biridan jiddiy farq qilishini e’tiborga olish lozim.

“O‘zbekneftgaz”ga qarashli neft va gaz konlari

2019 yilda O‘zbekistonda ochilgan neft-gaz konlari soni 270 taga yetgani, shulardan 11 tasi 2017-2019 yillarda ochilgani ma’lum qilingandi.

Madina Ochilova tayyorladi,
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid