O‘zbekiston | 08:11 / 16.02.2023
3086
2 daqiqa o‘qiladi

BAA O‘zbekistonda pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqchi

O‘zbekiston ishchi guruhining BAAga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: Kun.uz

Vazir va ENOC kompaniyalar guruhining bosh ijrochi direktori Humaid al-Falasi o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan ushbu muzokaralarda mamlakatimizning manfaatdor vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etishdi.

IFFCO Group kompaniyasi direktori Shiraz Allana bilan uchrashuvda qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish istiqbollari muhokama qilindi.

BAA tomoni pomidor yetishtirish va qayta ishlashning to‘liq jarayonini nazarda tutgan holda O‘zbekistonda eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Bundan tashqari, IFFCO Group'ning shaxsiy gigiyena va sintetik yuvish vositalari segmentidagi tajribasini hisobga olgan holda Chirchiq shahridagi Kimyo sanoat parki negizida ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihani birgalikda ishlab chiqish masalasi kelishib olindi.

Shu kuni Masdar kompaniyasi bosh direktori Muhammad Jamil al-Ramaxi bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda «yashil» energiyani rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar ishonchga asoslangan sheriklik munosabatlariga tayangan holda o‘zaro hamkorlikdagi muvaffaqiyatlarni yuqori sur’atlarda rivojlantirishga kelishib oldi.

Mavzuga oid