Jahon | 16:30 / 17.02.2023
7067
2 daqiqa o‘qiladi

Portugaliya «oltin viza» dasturini bekor qilyapti

Foto: AP

Golden Visa Portugal dasturi chet elliklarga sarmoya evaziga yashash uchun ruxsat olish imkonini bergan. Hozirgi «oltin viza» faqat bir nechta hollarda uzaytiriladi.

Portugaliya hukumati Golden Visa Portugal dasturini yopishga qaror qildi, u orqali xorijliklar sarmoya evaziga mamlakatda yashash ruxsatnomasini olishlari mumkin, deb ma’lum qildi Portugaliya bosh vaziri Antoniu Koshta 17 fevral, juma kuni Lissabondagi hukumat yig‘ilishidan so‘ng. 

Koshtaning so‘zlariga ko‘ra, agar sarmoya investor yoki uning avlodlarining doimiy yashash joyiga yo‘naltirilgan bo‘lsa yoki mulk uzoq muddatga ijaraga berilgan taqdirdagina hukumat amaldagi «oltin vizalar»ni uzaytiradi. 

2012 yil oktyabridan 2023 yil yanvarigacha Portugaliya 11 628 ta «oltin viza» berdi, ulardan 10 668 tasi umumiy qiymati olti milliard yevrodan ortiq uy-joy sotib olish uchun taqdim etildi. Ushbu dastur bo‘yicha yashash uchun ruxsatnomalarning aksariyatini Xitoy (5258), Braziliya (1178) va AQSh (558) fuqarolari olgan. 

Portugaliya hukumati Rossiya fuqarolariga «oltin vizalar» berishni o‘tgan yilning 26 fevralida – Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganidan ikki kun o‘tib to‘xtatgan edi. O‘sha paytda 431 nafar Rossiya fuqarosi Portugaliya «oltin vizasini», shu jumladan 2022 yil boshidan yetti nafari olgan.

Mavzuga oid