O‘zbekiston | 20:01 / 26.02.2023
18432
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi suv toshishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

To‘rtko‘l tumanida kanal toshishi oqibatida uylar va ekin maydonini suv bosgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qoraqalpog‘iston prokuraturasi To‘rtko‘l tumanidagi «Kaltaminor-1» xonadonlararo kanalining o‘ng qirg‘og‘idan suv chiqib ketishi oqibatida uylar va ekin maydonlarini suv bosgani holati yuzasidan qator mansabdorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, toshqin oqibatida shu hududda yashovchi 7 kishining yashash uyi va yordamchi xo‘jalik inshootlariga zarar yetgan. Suv toshqini jarayonida jarohatlangan fuqarolar bo‘lmagan. FVV tomonidan shu kuni soat 07:00 ga qadar suv toshqini bartaraf etilib, to‘planib qolgan suvdan hovli yer maydonlari tozalangan.

Hodisa joyiga Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi hamda respublika prokuraturasi mas’ullari yetib borib, vaziyat joyida o‘rganilib, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hududiy sektor rahbarlari hamda boshqa mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilgan.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida To‘rtko‘l tuman prokuraturasi tomonidan «Paxta arna nayman» irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi va To‘rtko‘l tuman Irrigatsiya bo‘limi mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 203-moddasi (Suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish), 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash yuzasidan ekspertiza tayinlangan.

«Hozirda hodisa yuz berishiga sababchi bo‘lgan aybdorlarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», deyiladi xabarda.

Bundan oldinroq suv bosishiga kanal yoqasidagi kemiruvchilar uyasi orqali o‘pqon olib, chiqib ketgani sabab sifatida ko‘rilayotgandi.

Mavzuga oid