Rossiya kelajagiga otilgan o‘q. Nemsov o‘ldirilganiga 8 yil bo‘ldi
Bundan 8 yil muqaddam Moskvada dahshatli qotillik sodir bo‘lgan, Kreml devorlaridan 300 metr masofadan o‘tuvchi ko‘prikda rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Boris Nemsov otib ketilgandi. Bu zamonaviy Rossiya tarixidagi eng shov-shuvli qotillik deyish mumkin, chunki Boris Nemsov o‘z vaqtida mamlakatning keyingi prezidenti sifatida qaralardi.
Voqea qanday sodir bo‘lgandi?
27 fevral kuni Nemsov ukrainalik fotomodel va keyinchalik «Ukraina go‘zali» tanlovi g‘olibi bo‘lgan Anna Duritskayani Sheremetevo aeroportida kutib oladi. Keyinchalik birgalikda Moskvadagi mashhur GUM (davlat universal do‘koni)ga borishadi. Tungi soat 23:31 da Nemsov va Duritskaya Kreml oldidagi ko‘prik bo‘ylab ketayotganda qotil Nemsovga qarata oltita o‘q uzadi. Siyosatchi voqea joyida vafot etadi. Qotil mashinadan tushib Nemsovni otgach, voqea joyidan qochib ketadi.
Voqea Moskvaning eng markaziy hududida, Rossiya prezidenti qarorgohi bo‘lmish Kreml saroyi devoridan 300 metr masofada, juda ko‘p yaxshi qo‘riqlanadigan obektlar mavjud bo‘lgan hududda sodir bo‘lganiga qaramay, atrofdagi birorta kamera qotillikni qayd etmagani aytiladi. Faqat GUMning juda balandda turgan kamerasi holatni g‘ira-shira yozib qoladi va bu holat hamon yagona videofakt sifatida qaraladi.
Eng qizig‘i, Rossiyadagi eng qattiq ko‘riqlanadigan bino bo‘lmish Kreml devoridagi kamera 300 metr naridagi holatni yozmaganini aytishadi. Avvaliga Moskva merligi bu kamera nazorati Federal qo‘riqlash xizmatiga tegishli ekanini ma’lum qiladi. FQX esa bu kamera faqat Kremlning ichida sodir bo‘layotgan voqealarni yozib qolishini bildiradi. Vaholanki, blogerlar keyinchalik Kreml devorlarini suratga olib e’lon qilishadi va o‘sha kadrlarda devordagi kamera qotillik sodir bo‘lgan joyga qaratilgani aks etgandi.
Ya’ni Rossiyadagi birinchi davlat organining bayonotini ikkinchi davlat organi rad etadi. Mana shu yerda qotillik bilan bog‘liq g‘alati holatlar boshlanib ketadi.
Qotillik sodir bo‘lganidan keyin mustaqil nashrlar bilan gaplashgan FXXning iste’fodagi polkovnigi Vladimir Lutsenko bu hududda yashirin ish qilib bo‘lmasligiga ishora qilib, shunday deydi: «Moskvaning bu yerida qotillik qilish uchun yoki ahmoq bo‘lish yoki shaharni umuman bilmaslik kerak».
Moskva kriminal militsiyasi sobiq rahbari Yevgeniy Xarlamovning aytishicha, bunday holatda voqeani aniqlashtirish uchun kosmik harbiy kuchlarni jalb qilish ham muammo emas. «Nemsovning o‘ldirganlar tez orada topib ko‘rsatilishiga ishonchim komil. Ammo bu haqiqiy qotillikni sodir qilganlar bo‘ladimi yo‘qmi – mana shundan xavotirdaman», degandi keyinchalik advokatlik bilan shug‘ullangan Xarlamov.
Qotil kim edi?
Rossiya tergov qo‘mitasiga ko‘ra voqea birorta kamerada yozib qolinmagan bo‘lishiga qaramay, Nemsovning qotili kutilganidan ancha tez topiladi. 5 mart kuni, qotillikdan 5 kun o‘tib Zaud Dadayev, Anzor va Shadid Gubashev, Tamerlan Eskerxanov, Hamzat Baxayev kabi chechen millatiga mansub rossiyaliklar qotillikda gumonlanib qo‘lga olinadi. Yana bir gumonlanuvchi Beslan Shavanov qo‘lga olish vaqtida o‘ldirilgan.
Ulardan uch nafari Checheniston huquqni muhofaza qilish organi xodimlari edi. Xususan, Dadayev va Shavanov «Shimol» batalonidan, Eskerxanov esa Chechenistondagi Shelkovskaya rayonida ichki ishlar boshqarmasi sobiq xodimi edi. Ma’lumot uchun, bu rayonni Ramzan Qodirovning eng yaqin odami hisoblangan deputat Adam Delimxanovning jiyani boshqaradi. O‘z navbatida, bu hudud rahbari senator Sulaymon Geremeyevga ham qarindosh bo‘lgan.
Dalillar yashirilmaydi
Huquq faollari Kreml oldida amalga oshirilgan qotillikdagi bir holatga e’tibor qaratishadi: qotillar voqea joyida hech qanday izni yo‘qotish haqida o‘ylamaydi. Otilgan olti o‘qning isboti sifatida voqea joyida xuddi shuncha gilza topiladi. Qotillikdan oldingi jamoat joylarida qotillar kameradan qochishga harakat ham qilmaydi. Hatto qotillik joyiga borishdan avval mashinani yuvdirishadi ham. Odatda qandaydir izlarni yo‘qotish uchun mashina qotilliklardan keyin yuviladi.
Mashinada genetik va porox gazi izlari topiladi. Hatto mashinadagi videoregistrator qaydlari o‘chirilmaydi, qotillar kvartiradagi sim-kartalarni ham tashlab yuborishmaydi. Ya’ni go‘yoki qotillikni ular qilganini bilishlarini istaydi. Ammo shuncha ishni qilgan qat’iyatli qotillarga politsiya uchastkasiga borib Nemsovni o‘ldirganini tan olishga qat’iyat yetmaydi.
Asosiy gumondor nima degandi?
Nemsovning qotili sifatida gumonlanib qo‘lga olingan Zaur Dadayev ilk ko‘rsatmasidayoq Boris Nemsovni o‘ldirganini aytib, aybiga iqror bo‘ladi. Nemsov o‘ldirilishidan oldinroq Fransiyadagi «Sharli Ebdo» jurnalida musulmonlarni tahqirlovchi karikatura chiqadi. Keyin jurnal tahririyatiga hujum qilinib, 12 nafar jurnalist o‘ldiriladi. Nemsov bu qotillikni vahshiylik deb atab post qoldiradi. Zaur Dudayevning aytishicha, u Nemsovni mana shu posti uchun o‘ldirgan. Qotil bu ishni pul uchun emas, musulmon bo‘lgani uchun qilganini aytadi.
Dadayev so‘zidan qaytadi
Tergovda Nemsovni musulmon bo‘lgani uchun o‘ldirganini aytgan Zaur Dadayev sud majlisida bu gapidan tonadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olingan vaqtida Nemsovni o‘ldirgani haqida bosim ostida gapirgan. «Menga va do‘stimga tahdid qilishgani uchun ular bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘ldim. Men hech qachon bu ko‘prikda bo‘lmaganman, Nemsovni kuzatmaganman va bu jinoyatda ishtirok etmaganman», degandi Dadayev.
Keyinroq asosiy gumondor Dadayevning advokati mijozi Nemsov haqida faqat umumiy ma’lumotga ega bo‘lgani, uni kuzatmaganini aytadi. Advokat Nemsovni aynan Dadayev o‘ldirganiga hech qanday isbot yo‘qligini aytadi. Asosiy gumondor Dadayev qo‘lga olingan vaqtida «sayragach» go‘yoki bu ish oson yopiladi deb o‘ylashgandi. Ammo u so‘zidan qaytgach, hammasi chalkashib ketdi va ishda juda ko‘p noaniqliklar paydo bo‘la boshladi.
Qodirovga borib taqaladigan taxminlar
Tergov Nemsovning qotili Dadayev ekanini ko‘rsatar ekan, mustaqil jurnalistlar Rossiyadagi eng mashhur siyosatchining o‘limini ochiq manbalar orqali juda chuqur surishtirishdi. Va bu surishtiruvlar davomida bir nomga tez-tez duch kelish mumkin edi: Ramzan Qodirov.
«Novaya gazeta» manbalariga ko‘ra, qotil ekani aytiladigan Zaur Dadayev deputat Adam Delimxanovning shaxsiy tansoqchilari rahbari bo‘lgan. Delimxanov esa Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning eng yaqin odamlaridan biri hisoblanadi. Qodirovning o‘zi Nemsovning o‘limini chechen deputat va senatorga olib borib taqash safsata ekanini aytadi. Uning fikricha, Nemsov G‘arbdagilarga xizmat qilgan, uning o‘limini chechenlar bilan bog‘laganlar ham «G‘arb xizmatkorlaridir». Qodirov bu ish orqali Chechenistonga qarshi axborot urushi olib borilayotganini iddao qilgandi.
Qodirov bu gaplarini katta ehtimol bilan «Mediazona» nashrining surishtiruviga nisbatan aytgan. Unda Nemsov oilasining advokatlari qotillik tashkilotchisi deb ataydigan Ruslan Geremeyev voqea sodir bo‘lishidan bir kun avval qotil ekani aytiladigan Zaur Dadayevga telefon qilgani, qotillik sodir etilgan kunda esa amakisi senator Sulaymon Geremeyev hamda deputat Adam Delimxanov unga qo‘ng‘iroq qilgani yozilgan.
Chap qo‘lda otilgan o‘q
Nemsov o‘ldirilganidan keyin «Rosbalt» nashrining huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbasi qotil chap qo‘lda o‘q uzgani haqida yozgandi. Bu xabarga ekspertiza xulosalari ham ilova qilingan. Jurnalistlar esa Dadayev barcha mavjud suratlarida qurolni o‘ng qo‘l bilan ushlaganiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, Dadayevning advokati ham mijozi qurolni o‘ng qo‘lda ishlatishini ma’lum qilgan. U aynan mana shu faktni ham mijozini oqlash uchun ishlatmoqchi bo‘lgandi. Asosiy gumonlanuvchining yaqinlari sudda u o‘ng qo‘lli ekani haqida guvohlik berishga ham tayyor bo‘lgan.
Izsiz yo‘qolgan tashkilotchilar
Tergov xulosasiga ko‘ra Boris Nemsovga qarshi qotillikni «Shimol» bataloni qo‘mondoni o‘rinbosari Ruslan Geremeyevning haydovchisi Ruslan Muxudinov tashkil qilgan. Ammo qotillikdan 8 yil o‘tganiga qaramay, u topilmagan, mustaqil jurnalistlarning surishtiruviga ko‘ra hozirda qidirilmayapti ham.
Nemsov oilasi ishda aloqador deb biladigan Rustam Geremeyev esa bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan. Uni qarindoshi Artur Geremeyev bilan birga tergov qilmoqchi bo‘lishadi, lekin kulgili sabab bilan bu ish amalga oshirilmaydi: tergovchi uning uyiga borganida eshikni hech kim ochmaganini aytadi.
Ammo Ruslan Geremeyev bedarak yo‘qolmagandi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Ramzan Qodirov e’lon qilgan videolardan birida Geremeyev Checheniston bayrog‘ini ko‘targan holda Mariupolda yurgani ko‘rinadi. «Qadrdon inim Ruslan Geremeyev topshiriqni doim oxirigacha bajaradi. Unga Mariupoldagi eng qiyin hudud topshirilgandi. «Mehribon» (Geremeyevning laqabi shunday) vazifani +5 bahoga uddaladi», deb yozgandi Qodirov.
Qodirovning postida ko‘rinish berganidan keyin ham avval bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan Geremeyevni tergov qilishmaydi. Tergovga ko‘ra, Muxudinov hamda «yana bir noma’lum shaxs» Nemsovni o‘ldirgan guruhga 15 million rubl mukofot va’da qilgan.
Bedarak yo‘qolgan va tergov tomonidan qotillik tashkilotchisi deb atalgan Ruslan Muxudinov avvaliga Dubayga qochgani, keyin esa halok bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ladi. Lekin 2020 yilda Muxudinov ekani aytilgan odamning surati ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ladi. Chechenistonda olingan bu suratni Geremeyevlar oilasi vakili o‘z sahifasiga joylaydi. Shunga qaramay tergov qotillik tashkilotchisi deb atagan haydovchini topishga kirishmaydi.
Huquq faollarini Muxudinov qotillik tashkilotchisi ekani haqidagi fakt yana bir jihatdan ajablantiradi: qanday qilib oddiy haydovchi katta lavozimdagi harbiylar amalga oshirgan qotillikni tashkil qilishi mumkin? Buning uchun pulni qayerdan olgan? Axir qotillik tashkil qilish uchun guruh ikkita uyni ijaraga olgan, «toza» qurol topgan, mashina sotib olgan, Nemsovni kuzatish uchun pul sarflagan.
Nemsovning advokatlariga ko‘ra, ish rasman yopilmagan, lekin siljish yo‘q, amalda hech qanday ish qilinmayapti, shunchaki tergov uzaytirilgani haqida xat kelib turadi. Oxirgi marta tergov 2023 yil 28 fevralgacha davom etishi haqida xat kelgan. Shu tariqa, Rossiyaning eng mashhur muxolif siyosatchisining asl qotili, qotillikni buyurtma qilganlar 8 yildan buyon topilmayapti.
Putinning ashaddiy tanqidchisi
Nemsov kimligini bilmaganlar nega bu odamning qotilligiga bu qadar chuqur to‘xtalishmoqda deb hayron qolishi mumkin. Chindan Moskvadagi Toshko‘prikda o‘ldirib ketilgan odam oddiy rossiyalik bo‘lganida ko‘pchilik e’tibor bermasdi, o‘zi oddiy odam Kreml oldida o‘ldirib ham ketilmasdi. Noma’lum qotillar o‘ldirgan Boris Nemsov Rossiyani 23 yildan buyon boshqarib kelayotgan Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi edi.
1959 yil Sochida tug‘ilgan Boris Nemsov 1991 yildan 1997 yilgacha Nijyegorod oblastining birinchi gubernatori bo‘lgan. 1997 yil aprel oyidan noyabr oyigacha Rossiya Energetika va yonilg‘i vaziri bo‘lib ishlagan, 1997-98 yillarda Rossiya Xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lgan. Gebernatorlik lavozimini egallagan vaqtida Nemsov Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi va bu lavozimni egallagan eng yosh siyosatchi bo‘ladi.
Mutaxassisligi bo‘yicha fizik bo‘lgan Nemsov o‘z yo‘nalishi bo‘yicha 60 ta ilmiy ish qilgan. Siyosatda va ilmda ham nom qozona olgan Nemsovni ko‘pchilik asosan Rossiya prezidentining asosiy tanqidchisi deb bilardi. 2000-yillardan buyon Nemsov Putinni tanqid qilib, ko‘plab ma’ruzalar qiladi. Nemsov Rossiyada haqqoniy saylovlar va mamlakat armiyasining Ukraina hududida harbiy harakatlar olib borishiga qarshi namoyishlar tashkilotchisi bo‘lgan.
Putin haqida nimalar degan?
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning asosiy tanqidchisi hozir qamoqda bo‘lgan Aleksey Navalniy deb bilishadi, ammo hatto Navalniy ham Rossiya prezidenti haqida Nemsov kabi keskin fikrlar bildirmagan. Quyida Boris Nemsovning Putin haqida aytgan ba’zi gaplarini keltiramiz.
2011 yil: Putin vaqtida Rossiya faqat xomashyo sotadigan davlatga aylandi. Uning uchun hammasi yomon tugaydi, xuddi Qazzofiy bilan bo‘lgani kabi. Bizda mustaqil sud yo‘q, davlat institutlari yo‘q qilindi, zamonaviy texnologiyalar, IT yo‘nalishidan umid yo‘q. Rossiya armiyasi qudratli emas, maxsus xizmatlar ham. Rossiyaliklar terrordan himoyalanmagan.
2008 yil: Putin o‘zini Oq uyda o‘tiribman deb o‘ylaydi, bu xato. Rossiya AQSh emas. Bu narsa qurollanish poygasiga olib keladi. Hozir Rossiya qurol uchun 40 milliard dollar sarflamoqda. Bu davlat budjetining 20 foizi. Aytaylik, bu xarajat ikki baravar ko‘paysa, pulni kimdan olishadi? Nafaqaxo‘rlardan, shifokorlardan, o‘qituvchilardan.
Oqibatda Rossiyadagi eng muhim muammo – qashshoqlik o‘zgarishsiz qoladi. Masalan, mening onam 100 yevro pensiya oladi. Undan 70 yevrosini ijaraga to‘laydi. Bu esa tirikchilik qilish uchun kuniga 1 yevrodan puli qoladi degani. Putin esa bu vaqtda qurol-yarog‘ chiqarayotgan bo‘ladi. Men-ku, onamga yordam beraman, muammo yo‘q, lekin mamlakatda mening onamga o‘xshagan 38 million odam bor. 25 million odam kuniga 2 dollardan kam pulga yashayapti, Putin esa raketa chiqarish bilan band.
Oqibatda dunyodan uzilish boshlanadi, «katta sakkizlik»dan chiqarib yuborilamiz (hozir chiqarilgan), Yevropa Ittifoqi bilan muammolar bo‘ladi. Berluskoni va Sarkozi Putinni qanchalik sevmasin, YeI odamlarning fikrini inobatga olishga majbur. Shu sabab sanksiyalar bo‘ladi.
Biznesga zarba kuchli bo‘ladi. Aytaylik, hozir ular «Gazprom»ga biznes emas, siyosat deb qarashmoqda. Aslida ham shunday. Shu bois, ular endilikda Rossiyadagi har qanday biznesga siyosat deb qarashadi. Bu esa tadbirkorlik qilishni qiyinlashtiradi.
Hammani o‘ziga dushman deb biladigan Rossiya «dushmanlar» orasida qolgach, mamlakat ichida ksenofobiya boshlanadi. Sayyoradagi qolgan hammani yomon ko‘rish an’anaga aylanadi. Avtoritarlik kuchayib, diktatura shakllanadi.
Dmitriy Gordonga bergan intervyusida:
– Putinni ikki so‘z bilan ta’riflang-chi.
– Putin chekist. U sovetcha dunyoqarash bilan qolib ketgan odam. Chekist davlatni boshqara olmaydi. Yo‘q, bu ishda kasbning farqi yo‘q, lekin chekistlar o‘ta shubhali, odamlarni boshqarishni istaydigan kaslar. Ular hech kimga ishonmaydi. Bu esa davlat rahbari uchun juda yomon xususiyat.
– Putin bilan senlab gaplashasizmi?
– U bilan 2003 yildan beri ko‘rishganim yo‘q.
– Ungacha-chi?
– Ungacha menga bo‘ysunadigan odam edi.
– Yelsin nega Putinni o‘z o‘rinbosari etib tayinlagandi?
– O‘shanda Yelsin seytnot holatida, Putin esa Berezovskiy va boshqa oligarxlarning yaqin do‘sti edi, Yelsinga xuddi oila a’zosiday edi. Putin Yelsinga va yaqinlariga daxlsizlik taqdim etdi.
– Yelsin hayoti oxirida bo‘lsa ham o‘z xatosini anglab yetganmidi?
– U bilan oxirgi marta o‘limidan 4 yil avval, 2004 yil ko‘rishgandim. O‘shanda Yelsin mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealardan, senzuradan, qo‘shnilarga bo‘lgan munosabatdan, hammaga yov ko‘zi bilan qarashdan qattiq xafa bo‘lgandi. Lekin Tanyaga (qizi) biror nima qilishmasin deb ochiqchasiga hech narsa demagan. Shundan keyin Tanya uning oldiga meni kiritmaslikka harakat qila boshladi.
Nemsov Dmitriy Medvedev prezident bo‘lgan vaqtda ham mamlakatni Putin boshqarishda davom etgani haqida: «Aytaylik, Medvedev mamlakat rahbari sifatida nimanidir o‘zgartirmoqchi. Buning uchun o‘sha o‘ziga yoqmaydigan Rossiyaning arxitektori bo‘lmish odamni ishdan haydashi kerak. Bu esa Putin. Medvedev Putinni ishdan hayday oladimi? Amalda ha, lekin bunday farmonni tera oladigan harf teruvchi bormikin? Va bu farmonni Putingacha yetkazadigan odam ham topilmaydi. Tabiiyki, Medvedev bu ishni qila olmaydi».
Yelsin bilan munosabati
Boris Nemsov Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. SSSR tarqalishidan avvalgi Moskvadagi namoyishlarda Yelsin nutq so‘zlagan mashhur BTR ustida Nemsov ham bo‘lgan. Shu bois, 14 mustamlakasidan ayrilgan Rossiyada Nemsov Putin hukumatga kelguncha siyosiy lavozimlarda ishlagan. Nemsov keyinchalik Rossiya prezidenti bo‘ladi degan gaplar hukumat doiralarida ham muhokama qilingan. Yelsinning Nemsov bilan tushgan surati ustiga o‘z qo‘li bilan «Sov. sekretno. Peredayu estafetu» (O‘ta maxfiy, estafetani topshiraman) deb yozgani bunday gaplarni yanada ko‘paytirgandi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Yelsin bu suratni Nemsovga tug‘ilgan kunida sovg‘a qilgan.
Hozirgacha har yili 27 fevral kuni Moskvadagi To‘shko‘prikda Boris Nemsovning tarafdorlari uni xotirlab gullar qo‘yishadi. Dunyoda ko‘plab ko‘chalar, maydonlar Nemsov sharafiga nomlangan. Xususan, AQShdagi Rossiya elchixonasi joylashgan ko‘cha Boris Nemsov ko‘chasi deb nomlanadi.
Mavzuga oid
12:57
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi
07:55
WP: Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024