O‘zbekiston | 11:25 / 03.03.2023
11541
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya kompaniyasi «Chimyon» oromgohi obektlarini qurish bo‘yicha tanlov g‘olibi bo‘ldi

Foto: imagesait.ru

«Beldersoy – Chimyon – Nanay» xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va undan foydalanish bo‘yicha loyiha ofisi» tomonidan e’lon qilingan Fransiya g‘aznachiligi ishtirokidagi «Chimyon turistik zonasini qurish» loyihasi doirasida «Chimyon» umummavsumiy oromgohi obektlarini loyihalash, tadqiq qilish, qurish, jihozlar yetkazib berish, o‘rnatish va sozlash-ishga tushirish ishlarini olib borish yuzasidan 1-, 6-sonli lotlar bo‘yicha ochiq tanlov yakunlandi.

Fransiyaning Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi tanlov g‘olibi deb topildi. Kompaniya Kurshevel, Shamonix-Mon-Blanc, Rosa Xutor, Bosco Gurin, Moleson, Narvik va boshqalar kabi dunyo bo‘ylab 1500 dan ortiq loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan.

Chimyondagi loyiha doirasida dam oluvchilarni 2515 metr balandlikka ko‘tariladigan gondol tipidagi 10 kishilik asosiy osma yo‘li (maksimal quvvati - 2000 kishi/soat) va 3309 metr balandlikka chiqadigan mayatnik tipidagi 80 kishilik oraliq osma yo‘li (maksimal sig‘imi - 800 kishi/soat) quriladi. Kurort bunday inshootlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland nuqtaga aylanadi. Unda XXL Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, Tubing, Via ferrata kabi 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar tashkil etiladi, umumiy uzunligi 20 kmdan ortiq bo‘lgan turli darajadagi 11 ta chang‘i uchish joylari, 6000 nafar sayyohga mo‘ljallangan mehmonxona majmualari va kottejlar quriladi.

Mehmonxona majmualari va kottejlar qurishni tashkil qilish yer uchastkalarini turli lotlarga bo‘lish (tasdiqlangan dizayn-kodi bilan) va yaqin kelajakda qiziqish bildirgan investorlarga sotish uchun E-IJRO AUKSION savdo maydonchasida joylashtirish orqali amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid