Jahon | 23:02 / 04.03.2023
13613
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Marion yo‘tal siroplari zararli ekani haqida ogohlantirish berishi mumkin 

Ushbu kompaniyaning yo‘talga qarshi siroplari O‘zbekistonda o‘nlab bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan edi. 

Hindiston hukumati Marion Biotech kompaniyasining yo‘talga qarshi siropi bo‘yicha dunyo mamlakatlarini ogohlantirishi mumkin. Avvalroq, ushbu kompaniyaning yo‘talga qarshi «Dok-1 MAKS» va «Ambronol» siropidan O‘zbekistonda kamida 20 nafar bola vafot etgan edi. 

3 mart kuni kompaniya dorilarining 36 ta namunasidan 22 tasi tarkibi laboratoriya tekshiruvidan keyin «buzilgan va qalbakilashtirilgan» deb topilgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, Hindiston politsiyasi Marion kompaniyasining uch nafar xodimini hibsga oldi va yana ikki rahbarini qidiruvga bergan edi. 

Marion tergovida ishtirok etgan inspektor Vaibhav Babbar so‘zlariga ko‘ra, namunalar tarkibida etilenglikol (EG) va dietilenglikol (DG) topilgan. Ushbu moddalar o‘ta zaharli hisoblanadi va sanoatda suyultirish vositasi sifatida ishlatiladi. 

«Marion dorilari juda ko‘p mamlakatlarga eksport qilingani sababli, boshqa joylarda ham noxush voqea yuz bermasligi haqida duo qilaman», dedi Babbar. «Sog‘liqni saqlash vazirligi ogohlantirish berishi mumkin. Ular buni qila oladi. Ogohlantirish berilsa yaxshi bo‘lardi». 

U ogohlantirish bo‘yicha ish olib borilayotganidan bexabar ekanini aytdi. 

Babbar hukumatning ogohlantirishi barcha mamlakatlarda mahsulotlarni savdo rastalaridan, uydagi javonlardan olib tashlanishiga sabab bo‘lishidan umidvor. Garchi bunday ogohlantirish hech qanday yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da. 

Babbarning aytishicha, «zaharli» dorilar Qirg‘iziston va Kambojaga ham eksport qilingan. 

O‘zbekiston dekabr oyida hind kompaniyasining yo‘tal siroplaridan bolalar nobud bo‘lganini e’lon qilganidan so‘ng, Babbar Marion zavodini to‘rt marta tekshirgan guruh a’zosi bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay, Hindiston Marion zavodida ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatgan edi. 

Mavzuga oid