O‘zbekiston | 08:27 / 07.03.2023
54052
2 daqiqa o‘qiladi

Hamkasbini «aybini ochmaslik uchun» to‘shakka chorlagan «elektroset» yuristi qamoqqa olindi

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand viloyat hududiy filiali yuridik bo‘limi boshlig‘i juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish hamda hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatlarda gumonlanmoqda.

Avvalroq Kun.uz Samarqand viloyati elektr tarmoqlari korxonasida ishlovchi ayol korxona yuristi uni jinsiy yaqinlikka chorlab, rad javobini olgach shantaj yo‘liga o‘tgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.

Viloyat prokuraturasining tahririyatga ma’lum qilishicha, tashkilot yuristi I.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 228-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Hududiy filial direktori o‘rinbosari G.S.ning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayni vaqtda unga bosim boshlangan va joyini bo‘shatib qo‘yish talab qilinmoqda. Biroq «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev bu ma’lumotni tasdiqlamadi.

Eslatib o‘tamiz, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ viloyat hududiy filiali yuridik bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan I.S. 2023 yil 2 mart kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid