Bahorning ilk kunlarida to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari tushuntirildi
Qish tugab, bahor fasli boshlanishi bilan insonlarda holsizlik va ruhiy toliqish kuzatiladi. Bunda to‘g‘ri ovqatlanish qanday bo‘lishi kerak?
Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi Guli Shayxova bahorning ilk kunlarida to‘g‘ri ovqatlanish qoidalarini tushuntirdi.
— Darhaqiqat, fasllar almashinuvi davri, xususan, kuzdan qishga, qishdan bahorga o‘tayotgan payt aksariyat kishilarda bunday holat ko‘p uchraydi, — dedi mutaxassis. — Bu esa organizmda moddalar almashinuvi tezlashishi va vitaminlarga bo‘lgan ehtiyoj ortishi bilan bog‘liq. Ya’ni, avitaminoz (vitaminlar yetishmasligi) sababli inson ertalab uyqudan turishni istamaydi. Ko‘pchilikni lanjlik, uyquchanlik, diqqat-eʼtiborning susayishi, ruhiy toliqish, tushkunlik va bosh og‘rig‘i qiynaydi.
Ba’zi kishilarda esa yuz-qo‘l terisi qurib, yoriladi. Ko‘z tagida ko‘kimtir izlar paydo bo‘ladi, ko‘rish qobiliyati pasayadi. Soch to‘kilib, tirnoqlar mo‘rtlashadi. Shu bois bu davrda vitaminlar, minerallar, ozuqali moddalar va o‘simlik tolalariga boy oziq-ovqatlar tanovul qilish, ichaklar faoliyatini yaxshilash uchun toza suv ichish lozim.
Mutaxassis fikriga ko‘ra, bahor faslida ko‘katli taomlar, sabzavotlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
— Chunki ular tarkibida organizm uchun zarur bo‘lgan S vitamini, ozuqa tolalari, bioflavonoidlar, antioksidantlar mavjud. Ayniqsa, ismaloq, yalpiz, mador, otquloq, jag‘-jag‘ kabi giyohlardan tayyorlangan taomlar tanada moddalar almashinuvi va oshqozon-ichak tizimini yaxshilaydi.
Shuningdek, qishda zaiflashgan organizm A, V, D va Ye vitaminlariga muhtoj bo‘lgani sababli ularning o‘rnini to‘ldirish uchun to‘liq donli undan tayyorlangan non, yong‘oq, go‘sht, baliq, qaymoq, tovorog, mayiz, bodom va asal yeyish kerak. Tushlik va kechki ovqatda esa ko‘proq yog‘siz va tez hazm bo‘luvchi ovqatlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
Shifokorning ta’kidlashicha, bahorda sitrus mevalarni ko‘p yeyish tavsiya etilmaydi.
— Chunki tabiat uyg‘onishi, daraxtlarning gullashi allergiyaga moyil kishilarda kasallikni qo‘zg‘ashi mumkin. Shuningdek, soch, qo‘l-oyoq va yuz parvarishiga e’tibor qaratish, teri kasalliklari hamda allergiyaga moyil insonlar shifokor nazoratida kerakli muolajalarni olishi lozim.
Mavzuga oid
15:19 / 13.11.2024
Ularni har kuni yutamiz: havoni ifloslantiruvchi 10 ta eng zararli modda
12:53 / 10.11.2024
Yangi tadqiqot ijtimoiy tarmoqlarning zarari haqidagi stereotipni rad etdi
22:16 / 08.11.2024
Shavkat Mirziyoyev bir guruh tibbiyot xodimlarini mukofotladi
17:59 / 08.11.2024