Iqtisodiyot | 14:11 / 08.03.2023
30970
2 daqiqa o‘qiladi

Fevralda O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 2 milliard dollarga kamaydi

Foto: Akio Kon / Bloomberg

Markaziy bankning xorijiy valutadagi zaxiralari yillik hisobda 3 milliard dollardan ortiqroqqa kamaydi.

1 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari 33,96 milliard dollarni tashkil etdi, deb xabar beradi Spot Markaziy bankka tayangan holda.

Fevral oyida ularning hajmi yanvar oyiga nisbatan 1,98 mlrd dollarga kamaygan, shu bilan birga, oktyabr oyidagi ikki yillik eng past ko‘rsatkichdan 1,65 mlrd dollarga oshgan.

Erkin ayirboshlanadigan valutadagi zaxiralar hajmi bir oy davomida 1,24 milliard dollarga kamaygan holda 10,07 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonning xorijiy banklardagi depozitlari va naqd valutalari hajmi 1,17 milliard dollarga kamayib, so‘nggi to‘rt oydagi minimal ko‘rsatkichga yetdi.

Tonnajning 100 000 troya unsiyasiga (3,1 tonna) qisqarishini hisobga olgan holda, oltin zaxirasi 717 million dollarga kamaydi. Hozirda u 22,83 milliard dollarga baholanmoqda, bu joriy yildagi eng past ko‘rsatkich, ammo rekord darajaga yaqin bo‘lishda davom etmoqda. 

Hozirda Markaziy bank zaxirasida 391 tonna yoki 12,6 million unsiyadan biroz ko‘proq qimmatbaho metall mavjud. 

Oxirgi oyda jahon birjalarida oltin kotirovkalari unsiya uchun 1842 dollargacha tushdi, biroq mart oyida ko‘tarilib, 1850 dollardan oshib ketdi. Yanvar oyi boshida ekspertlar 2023 yilda jahon bozorida oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 1900 dollargacha oshishi mumkinligini taxmin qilgan edi. 

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyida O‘zbekiston 1,18 milliard dollarlik oltin sotgan, bu umumiy eksportning 56,75 foizini tashkil etadi. Qimmatbaho metallni sotishdan tushgan daromad o‘tgan yanvarga nisbatan ikki baravar oshdi. 

Mavzuga oid