«Hammasi ilmsizlikdan» - muftiy Nuriddin Xoliqnazarov mazhablar borasidagi tortishuvlar haqida
Ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, e’tiqodga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishi mumkin bo‘lgan tahdidlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov tomonidan «Ixtiloflar va yechimlar» nomli turkum suhbatlar doirasida «Mazhabga ergashishning zarurati va foydalari» mavzusida suhbat tashkil qilindi.
Unda hozirgi kunda xalqimizning mazhabga ergashishi muhimligi, foydalari va mazhabsizlik zararlari to‘g‘risida so‘z bordi.
«Eng katta musibat — musulmon ummatining ixtilofi, tortishuvi. Chunki bu oyatga xilof. Qur’oni karimda aytiladi: «Hammangiz Allohning «Arqon»ini mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang…» («Oli Imron» surasi, 103-oyat).
Allohning arqoni bu — shariat, Qur’on va hadis. Mana shuni mahkam ushlang, bir-biringiz bilan ixtilofga bormang deb Alloh taolo Qur’onda alohida oyat buyurgan. Payg‘ambar (s.a.v) ham bir nechta hadisda ummatni tortishmaslikka, ixtilofga bormaslikka chaqiradi. Musulmon musulmon kishini kufrda ayblamasligi kerak. Yaxshi gumonda bo‘lish lozim…
Nega bitta vatanda yashab, bir masjidga kirib, bir imomga ergashib, bitta qiblaga yuzlanib turib, biz hammamiz turlicha bo‘lishimiz kerak? Agar qadimdan bizning diyorimizda har xil mazhablar bo‘lganda edi, buni tabiiy qabul qilardik. Bu Shofi’iy ekan, Molikiy ekanda degan fikrlar qilardik. Ammo bir necha asrdirki, barchamiz Hanafiy mazhabida kelyapmiz. E’tibor berilsa, qachonki «mazhab kerak emas» degan holatlardagina ixtilof kelib chiqqaniga guvoh bo‘lish mumkin. Ungacha tortishuv bo‘lmagan. Bir xil odamlarda «Payg‘ambarimiz (s.a.v) vaqtida mazhab bo‘lganmi?», «ularning o‘zlari qaysi mazhabda bo‘lganlar?» degan savolni berib, mazhablarda turganlarni hayron qoldirishga, mot qilishga harakat bor.
Tabiiyki, biz ularga «Rasululloh (s.a.v) davrlarida mazhablar bo‘lmagan» deb javob beramiz. Keyin esa ular «unda nega Payg‘ambar (s.a.v)ning yo‘li, hadislari qolib, siz Hanafiy, Molikiy, Shofi’iy mazhablarini tanlashingiz kerak» degan da’volarni qiladi. Bularning hammasi esa ilmsizlikdan.
Mazhab so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, «yo‘l», «yo‘nalish» degan ma’nolarni bildiradi. Payg‘ambar (s.a.v) davrida ularning o‘zlari har bir savolga javob bergan. Agar sahobalar biror savolga javob topishda qiynalsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri ularga murojaat qilishgan. U zot har birini tushuntirib bergan. Bu orqali esa sahobalarning orasida turli tortishuvlar, ixtiloflarning oldi olingan. Lekin o‘sha davrning o‘zida ham sahobalar Payg‘ambar (s.a.v)ning so‘zlarini turlicha tushungan, har xil qabul qilgan. Bu tabiiy narsa edi. Mana shundan mazhab kelib chiqqan. Ya’ni turli xil tushunish oqibatida mazhablar yuzaga kelgan.
Imom Buxoriy rivoyat qiladi. “Ibn Umar naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Xandaq g‘azotidan qaytganlaridan so‘ng: «Biror kishi Baniy Qurayzaga yetib olmaguncha asr namozini o‘qimasin!» dedilar. Ba’zi birovlar asrni yo‘lda o‘qidi, ba’zilar: «Bormaguncha o‘qimaymiz», deyishdi, yana ayrimlar: «O‘qiyvergaymiz, «Namoz o‘qimangiz!» deganlaridan maqsad, manzilga tezroq yetib olmoqdir», deyishdi. Keyin, bu gapni Rasululloh (s.a.v)ga yetkazishdi. Janob Rasululloh (s.a.v) ularning birortasini ham koyimadilar”.
Bu hadisni ham xuddi o‘sha davrdagidek hamma har xil tushunishi mumkin…
Shuningdek, muftiy ulamolarning 4 ta mazhab ham (Hanafiy, Molikiy, Shofi’iy, hanbaliy) Allohning rizoligiga yetishishga yo‘llanma berishini qayd etib kelishini alohida ta’kidladi.
Bundan tashqari to‘rttala mazhab ham aslida haq ekanligi va ularni kamsitishga hech kimga huquq berilishi mumkin emasligi, faqat ular o‘z yurtida xalqiga manfaat keltirib turgani jihatidan amal qilinishi qayd etildi.
«Bitta yurtda bitta mazhab tarqab, hamma shunda ibodat qilayotgan bo‘lsa, shuni (mazhabni) ushlash kerak. Shunda tortishuv-janjal bo‘lmaydi», dedi muftiy Xoliqnazarov.
Mavzuga oid
13:56 / 02.07.2024
“Bolalarimizni ilmga, ma’rifatga o‘rgatishimiz kerak” – muftiy Nuriddin Xoliqnazar
22:23 / 23.04.2024
Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom olami uyushmasi Oliy Kengashiga qabul qilindi
16:05 / 21.04.2024
Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islomiy fiqh akademiyasi a’zoligiga qabul qilindi
12:44 / 14.03.2024