Fan-texnika | 22:37 / 13.03.2023
95406
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kuniga 15 daqiqaga kamaytirish immunitetni yaxshilaydi 

Bundan tashqari, odamlarda yolg‘izlik va depressiya tuyg‘ularining ko‘rsatkichi pasayadi. 

Foto: Getty Images

Angliyaning Suonsi universiteti tadqiqotchilari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kuniga 15 daqiqaga qisqartirish umumiy salomatlik va immunitetni sezilarli darajada yaxshilashini aniqladi. Bundan tashqari, odamlarda yolg‘izlik va depressiya tuyg‘ularining ko‘rsatkichi pasaydi. Tadqiqot natijalari Journal of Technology in Behavior Science jurnalida chop etildi. 

Tadqiqot davomida mualliflar uch oy davomida 20-25 yoshdagi 50 ishtirokchini (33 ayol va 17 erkak) kuzatdilar. Har oyda ularning jismoniy va ruhiy salomatligi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarni ko‘rishga qancha vaqt sarflagani tahlil etildi, keyin esa odatdagi vaqtini kuniga 15 daqiqaga qisqartirish so‘raldi. Olingan ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlardan odatdagidek foydalangan yoki ataylab boshqa biror narsa bilan shug‘ullangan nazorat guruhining ma’lumotlari bilan taqqoslandi. 

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kamaytirgan guruhning immuniteti o‘rtacha 15 foizga yaxshilangan. Xususan, ular shamollash va grippga kamroq chalingan, uyqu sifati 50 foizga yaxshilangan va depressiya belgilari 30 foizga kamaygan. 

Kelajakda tadqiqotlar orqali ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va salomatlik omillari o‘rtasidagi bog‘liqlikni chuqurroq tahlil qilish rejalashtirilmoqda. Jumladan, bu ruhiy tushkunlik yoki jismoniy faoliyat kabi ko‘rsatkichlar bilan bog‘liqligini aniqlashni o‘z ichiga oladi. 

Mavzuga oid