Jahon | 08:23 / 25.03.2023
6284
2 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston muxolifati Berbok bilan Saakashvilining ishini muhokama qildi

Annalena Berbok va Gurjiston muxolifat partiyalari vakillari o‘rtasida Tbilisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Gurjistonning sobiq prezidentini davolashga Polsha shifokorlarini jalb qilish mumkinligi masalasi muhokama qilindi.

Mixail Saakashvili / Foto: Reuters

Gurjistonga tashrif buyurgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Gurjiston muxolifat partiyalari vakillari bilan qamoqdagi sobiq prezident Mixail Saakashvilining ahvolini muhokama qildi. Bu haqda 24 mart, juma kuni «Birlashgan milliy harakat» partiyasi bosh kotibi Petre Tsiskarishvili ma’lumot berdi.

«Uning hayoti xavf ostida, o‘lishi mumkin, sog‘lig‘i og‘ir ahvolda. Biz Berbok xonimga buni tushuntirdik. U bu masala bo‘yicha keng qamrovli ma’lumotga ega edi», — deya Tsiskarishvilining so‘zlarini keltirgan «Interfaks». Uchrashuvda, uning so‘zlariga ko‘ra, Saakashvilini davolashga Polshadan kelgan shifokorlarni jalb qilish masalasi muhokama qilingan.

Gurjistonda Mixail Saakashviliga qarshi beshta jinoiy ish ochildi. U 2021 yil sentabrida, saylovdan biroz oldin yashirincha vataniga qaytdi. Bir necha kundan keyin politsiya va razvedka idoralari siyosatchini topishga muvaffaq bo‘ldi. U Tbilisida hibsga olingan. 

2021 yil oktyabr oyida Mixail Saakashvili qamoqxonada 50 kun davomida ochlik e’lon qildi va reabilitatsiya uchun Goridagi harbiy gospitalga o‘tkazilgandan keyingina uni to‘xtatdi. Biroq, 2022 yil fevralida qamoqxonaga qaytgan siyosatchi yana 20 kun davom etgan ochlik e’lon qildi. 

May oyidan beri u sog‘lig‘i yomonlashgani sababli qamoqdan ko‘chirilgan va Tbilisi chekkasidagi xususiy klinikada alohida xonada saqlanmoqda. Gurjiston poytaxtida Mixail Saakashvilini ozod etish talabi bilan bir necha norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 

2023 yil fevralida Tbilisi sudi sobiq prezidentni sog‘lig‘i holatiga qaramay, ozodlikka chiqarishni rad etdi. Boshqalar qatorida Yevroparlament va Gurjiston sobiq prezidenti fuqarosi bo‘lgan Ukraina hukumati Saakashvilini ozod qilishga chaqirmoqda. 

Mavzuga oid