SSSRning harbiy qudrati nega sovet qo‘shinlarini Afg‘onistonda muvaffaqiyatsizlikdan asray olmagan?
Bu kuchli armiyaga ega, harbiy jihatdan barqudrat davlat «qoloq» davlatga yengilishi ilk marta ro‘y berishi emasdi. Fransiya o‘z mustamlakalarini saqlab qolish uchun Hindixitoyda muvaffaqiyatsizlikka uchragani, AQSh esa Vetnamda yutqazgani kabi, sovet qo‘shinlari ham Afg‘onistonni o‘z niyatiga erisha olmasdan tark etadi.
«Xalqlar ustidan hukmronlik. 1400 yildan bizning davrimizgacha texnologiyalar, tabiat va g‘arb imperializmi» kitobini yozgan Amerikaning Ruzvelt universiteti ijtimoiy fanlar va tarix bo‘yicha faxriy professori Deniyel Hedrikning ixtisoslashuvi imperializm xizmatida bo‘lgan texnologiyalar bilan bog‘liq.
Uning nomi yuqorida zikr etilgan kitobi eng rivojlangan davlatlarning boshqa mamlakatlardan harbiy ustunlik nuqtayi nazaridan evolyutsiyasiga bag‘ishlangan. Muallif xususan Ikkinchi jahon urushi g‘oliblari aql bovar qilmas texnologik yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, alal oqibatda «qoloq» davlatlarni yerparchin qila olmaganini savol ostiga oladi: «Garchi Fransiya, sovetlar ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar havo hujumidan mudofaa tizimi kuchsiz bo‘lgan raqiblariga nisbatan havoda ustunlikka ega bo‘lsa-da, buyuk barqudrat davlatlarga quruqlikda — tog‘larda, o‘rmonlarda, shaharlarda va botqoq joylarda qaqshatkich zarba berilgan». Boshqa misollar qatori, Hedrik SSSR parchalanishida yetarli rolni o‘ynagan sovet qo‘shinlarining Afg‘onistondagi mag‘lubiyati sabablarini tahlil qiladi. Quyida kitobning o‘sha bo‘limidagi fikrlar keltiriladi.
* * *
Bir necha tajovuzkor davlatlar o‘z tanasida sinab ko‘rib, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushganidek, Afg‘onistonni mahv etish oson ish emas. Uning katta qismi o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘liklardan iborat bo‘lib, yozda jazirama issiq, qishda esa qahraton sovuq bo‘ladi. Inson istiqomat qiladigan vodiylar juda tor, tog‘ dovonlari esa yilning katta qismida qor bilan qoplangan bo‘ladi. Afg‘on qabilalari mudom bir-biri bilan jang qilib turadi, erkaklarning aksariyati yo ov, yo jang qilish uchun qurol ishlatishni biladi.
1979 yil dekabrida sovet transport uchoqlari qo‘shinlarni Kobul shahriga, Afg‘oniston kommunistik hukumatiga yordam berish vaji ostida eltib tashlay boshlaydi. Aslida esa mamlakatni egallash bo‘yicha yaxshilab rejalashtirilgan kampaniya haqida gap borayotgan edi. Ko‘p o‘tmasdan yettita motoo‘qchi va bir havo-desant diviziyalari Afg‘oniston chegarasini kesib o‘tib, yirik shaharlar va asosiy yo‘llarni tezlik bilan egallab oldi. Ikki yil mobaynida Afg‘onistondagi sovet harbiy kontingenti 110 ming kishigacha oshdi. Afg‘onistonga qo‘shni Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonda yana 30–40 ming odam zaxirada ushlab turilgandi.
Quruqlikdan turib keng miqyosli bosqin uyushtirish uchun sovet armiyasi 1980 yilning martini kutdi — bu vaqtga kelib Afg‘oniston tuprog‘idagi qor qoplamining asosiy qismi eriy boshlagandi. O‘tgan vaqt ichida diniy qarashlarga ega va begona bosqinchilarga nafrat hissini tuygan afg‘onlar qarshilik ko‘rsatishga tayyorlanish uchun tog‘larga chiqib ketgan edi.
Leonid Brejnev va sovet qurolli kuchlari qo‘mondonligi harbiy harakatlarning asosiy og‘irligi Afg‘oniston kommunistik hukumati qo‘shinlari zimmasiga tushadi deb o‘ylagan va qattiq adashgan edi. Afg‘on armiyasidan katta sonda harbiy xizmatchilar qurol-yarog‘lari bilan qochib ketadi, sovet qo‘shinlari ularning qolgan-qutganlarini ham qurolsizlantirib, harbiy harakatlarni yolg‘iz o‘zlari olib borishga majbur bo‘ladi. Bu juda murakkab vazifa bo‘lib chiqdi, chunki sovet qo‘shinlari 1945 yildan buyon urush ko‘rmagan, 18-20 yoshli askarlarning aksariyat qismi jangovar harakatlarga tayyor emasdi.
Avvaliga sovet generallari Ikkinchi jahon urushida hitlerchilar Germaniyasiga qarshi o‘zini a’lo darajada namoyish etgan taktikadan foydalanishdi. Ular hujumni astoydil rejalashtirib, qattiq intizom va barcha operatsiyalar ustidan markazlashtirilgan nazorat o‘rnatib, ko‘p sonli og‘ir tanklar va zirhli transportyor (BTR)larga ishonishdi. Biroq, ikki tomoni baland tog‘lar bilan o‘ralgan tor vodiylarda bunday bo‘linmalar osongina pistirma nishoniga aylanar, tanklarga qarshi minalar va snaryadlar vositasida yo‘q qilinardi. Isyonchilarga qarshi urush olib borish uchun Afg‘onistonga Shimoliy Vetnamdan harbiy mutaxassislar jalb qilindi, biroq SSSR mudofaa vazirligining Afg‘onistondagi operativ guruhi rahbari Sergey Sokolov ularning tavsiyalarini rad etdi. U hududni tinch aholidan tozalashning sovetlarga xos an’anaviy usuli — kulini ko‘kka sovurish va odamlarni qochib chiqishga majburlashdan foydalana boshladi.
Viyetkong va Shimoliy Vetnam armiyasidan farqli o‘laroq, afg‘on isyonchilari (mujohidlar) hech qachon bir front bo‘lib jang qilmasdi. Mamlakat hududida son-sanoqsiz qurollangan guruhlar (ularning aksariyati qabilalarning ko‘ngilli lashkarlari) bor edi. Mujohidlar 2 mln kishi qochib o‘tgan Pokistonda mashq lagerlari tuzishgan edi. Pokiston orqali ular Saudiya Arabistoni va antikommunistik mafkuraga sodiq boshqa musulmon davlatlardan yordam olib turishardi. Mujohidlar Shimoliy Kavkaz toqchilari, Rif va Jazoirda bo‘lgani kabi partizanlik urushi taktikasidan foydalana boshlashdi. Avvaliga ularning qurollanish darajasi juda abgor edi — ularning qo‘lida eski armiya vintovkalari va Pokiston bozorlarida sotib olingan Kalashnikov avtomatlari bor edi, xolos. 1982 yilga kelib, ularning ixtiyorida granatomyotlar va tanklarga qarshi minalar paydo bo‘ladi. Mujohidlar karvonlari xachir, tuya yoki yuk mashinalari orqali, asosan tunda harakatlanardi. Ba’zan ular sovet qo‘shinlariga bevosita yaqin joylarda kunduzi ham qo‘rqmasdan yo‘l bosishardi.
Mujohidlar harbiy bazalar va quruqlikdagi qo‘shinlariga hujum qilishining oldini olish uchun SSSR Afg‘onistonga ko‘plab uchoqlar jo‘natgan. O‘nlab aviabazalar barpo etildi, ularning eng yirigi mamlakat shimolidagi Bagrom aviabazasi bo‘ldi. Xavfli yo‘llardan yurmaslik uchun qo‘shinlar va qurol-aslahalar An-12 va An-26 turboparrakli transport samolyotlarida tashila boshlandi. Bombardimon qilishda MiG-21 va MiG-23 reaktiv qiruvchi samolyotlari hamda Su-24 va Il-28 front bombardimonchilaridan foydalanildi. Eng katta rol vertolyotlarga ajratildi. 1981 yilga kelib Afg‘onistondagi sovet qo‘shinlari ixtiyorida 500 dan 700 tagacha vertolyot bo‘lgan: Mi-6 va Mi-8 vertolyotlaridan qo‘shinlarni tashishda foydalanilgan, biroq NATO tasnifi bo‘yicha Hind deb ataluvchi, SSSRda «uchar tank» va «timsoh» deb ataluvchi Mi-24 janglarda qatnashgan. Bu zirhlangan shturm vertolyoti to‘p, raketa va pulemyotlar bilan jihozlangan, to‘liq ekipirovkaga ega sakkiz askarni ham tashishi mumkin edi.
1982 yilga kelib sovet qo‘shinlari aviatsiyadan samaraliroq foydalanishni o‘rganib olishadi. Har qanday operatsiyani o‘tkazish uchun Bosh shtabdan ruxsat so‘rash o‘rniga qo‘shinlar quruqlikdagi va osmondagi harakatlarini o‘zlari muvofiqlashtira boshlashdi, qaror qabul qilish esa joydagi komandirlar zimmasiga yuklatildi.
Vertolyotlar yo‘ldagi pistirmalarni bartaraf etish uchun o‘ta samarali chiqib qoldi. Ular askarlarni vodiylar uzra olib o‘tib, piyoda va tank qismlari harakat qilayotgan tog‘ tizmalariga yetkazardi. Vertolyotlar mujohidlarning karvonlariga pistirma qo‘yadigan maxsus bo‘linmalarni ham tashiy boshladi. Sovet qo‘shinlari isyonchilar nazorati ostidagi tumanlarni qonli bombardimon qilishga kirishdi. Ular dalalar va so‘qmoqlarga minglar piyodalarga qarshi minalarni tashlab chiqishdi. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi SSSRni «sariq yomg‘ir» deb ataluvchi zaharli gazdan foydalanganlikda aybladi, biroq mujohidlar nazorati ostidagi tumanlarda ish olib borgan «Chegara bilmas shifokorlar» humanitar tashkiloti vakillari buni tasdiqlay olishmadi.
Biroq Afg‘onistonda xuddi Vetnamda bo‘lganidek, havodagi hukmronlik va o‘t ochish quvvatidagi katta ustunlik g‘alaba uchun yetarli garov bo‘la olmadi. Katta balandliklarda vertolyotlar yukning yarminigina ko‘tara olishi ma’lum bo‘ldi. Jazirama, qum bo‘ronlari va Afg‘onistonning kuchli shamollari vyortolyot texnikasiga salbiy ta’sir qila boshladi. Ularga texnik xizmat ko‘rsatish ham juda qiyin edi va belgilangan talablarga muvofiq emasdi. Vertolyotlar va beso‘naqay sekin uchar transport samolyotlarini uchishi va qo‘nishi asnosida yerdan turib nishonga olish oson edi.
Avvaliga mujohidlar og‘ir pulemyotlardan foydalanishdi. Lekin tez orada ularda «yer-havo» tipidagi sovetlarning «Strela-2» ko‘chma zenit raketa tizimlari paydo bo‘ldi. Ular Afg‘onistonga Misr yoki Xitoydan olib kelingani taxmin qilindi, biroq taxminlar ichida eng kuchlisi sifatida KZRTni mujohidlarga Isroil qo‘shinlari tomonidan Bayrutdan siqib chiqarilgan Falastinni ozod qilish tashkiloti jangarilari yetkazilgani ko‘rsatildi. Bu tizimlardan foydalanish samolyot va vertolyotlarni yanada yuqoriroq balandlikka chiqishga majbur qildi, natijada ularning raketa va bomba zarbalari aniqligini yo‘qota boshladi. 1986 yilga kelib sovet qo‘shinlari 500 ga yaqin ziyod uchoqlaridan ayrilib bo‘lgan edi.
1986 yildan so‘ng Buyuk Britaniya mujohidlarga yuzlab Blowpipe zenit raketa tizimlarini yetkaza boshladi. Shundan so‘ng AQSh ham dushmanimning dushmani — mening do‘stim, qabilida ish tutib, Pokistonga 2700 ta issiqlikka qarab iz oluvchi Stinger ko‘chma zenit raketa tizimlarini yetkazib berdi, ularning bir qismi (hammasi emas) mujohidlar qo‘liga kelib tushdi. Stinger’larning og‘irligi bor-yo‘g‘i 13,5 kg edi va uni yelkada osib olib yurish oson edi. U bilan qariyb 5 km naridagi samolyotni aniq nishonga olish mumkin edi. Avvaliga AQSh Stinger’lar tufayli kuniga bitta samolyot yo‘q qilinayotganini ta’kidlay boshladi. Tez orada sovet harbiy havo kuchlari issiqlik qopqonlarini tashlab, yuqoriroq balandlikka chiqib zarbadan qochishni o‘rganib olishdi. Bu urib tushirilayotgan uchoqlar sonini ham, bombardimon qilish aniqligini ham pasaytira boshladi.
SSSR ustidan Stinger’larning yakka o‘zi g‘alaba qozongani yo‘q, albatta. Ammo ular yuqori ishtiyoqqa ega mujohidlar va yaxshi qurollangan, biroq yomon rahbariyatdan aziyat chekayotgan, bu urushdan biror manfaat ko‘rmayotgan sovet askarlari o‘rtasidagi urush yanada cho‘zilishiga yordam berdi.
Garchi texnik nuqtayi nazardan havodagi ustunlik SSSRda qolgan bo‘lsa-da, urush va qimmatbaho uchoqlardan ayrilish sovet iqtisodiyotini izdan chiqardi va SSSR siyosiy va iqtisodiy xarakaterdagi ko‘plab muammolar botqog‘iga botgan paytda mamlakatdagi siyosiy vaziyatga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 1988 yil aprelida KPSS rahbari Mixail Gorbachyov sovet qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish haqida buyruq berdi. 1989 yil fevraliga kelib qo‘shinlar to‘liq olib chiqildi, sovetlar ittifoqi esa parchalana boshladi. Fransiya o‘z mustamlakalarini saqlab qolish uchun Hindixitoyda muvaffaqiyatsizlikka uchragani, AQSh esa Vetnamda yutqazgani kabi, uchinchi dunyo mamlakati mutlaqo boshqacha urush olib borishga mo‘ljallangan og‘ir qurol-yarog‘larga ega barqudrat davlatning kuragini yerga tekkiza oldi.
Afg‘onistonda «tarsaki» yegan davlat birgina SSSR bo‘lmadi. Keyinchalik «Tolibon»ga do‘ngan mujohidlar o‘zlarining bu muvaffaqiyatli yurishini AQSh armiyasi misolida yana bir qur sinovdan o‘tkazishdi. Afg‘on urushidan buyon katta jangda qatnashmagan Rossiya armiyasi esa Ukrainada yana bir bor shunday muvaffaqiyatsizlikka duchor bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
14:58 / 03.11.2024