O‘zbekiston | 15:39 / 02.04.2023
11502
3 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: bolalar kitob o‘qimay qo‘ydimi?

1967 yildan beri dunyo mamlakatlari 2 aprel sanasini Xalqaro bolalar kitoblari kuni sifatida nishonlab keladi. Bu kunda bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, ularda bu mashg‘ulotga mehr va ishtiyoqni uyg‘otish uchun turli tadbirlar, festivallar o‘tkaziladi, odamlar minbarlarga chaqiriqlar bilan chiqadi. Xo‘sh, bu borada yurtdoshlarimiz farzandlariga qanchalik e’tibor berishmoqda? Bolalar kitob o‘qishyaptimi?

Kun.uz muxbiri sana munosabati bilan Toshkent ko‘chalarida ota-onalar va o‘quvchilar orasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Dastlab bolalar bilan suhbatlashib, ularning oxirgi marta kimning qaysi kitobini mutolaa qilgani bilan qiziqdik.

So‘rovnomada qatnashgan aksariyat maktab yoshidagi bolalar badiiy kitob emas, ertaklar o‘qishini aytdi.

«Men uncha kitob o‘qimayman. Kitob o‘qigim kelmaydi-da»,– deydi bir maktab o‘quvchisi.

Bolalar orasida kitobxonlarini ham uchratdik. Misol uchun bir bolakay Junayd Suavining «Oilasiga nur kiritgan farzand» nomli kitobni mutolaa qilayotganini aytsa, boshqa bir bola Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sehrli qalpoqcha»sini o‘qiganini ta’kidladi.

Ota-onalar esa so‘rovnoma davomida farzandlari kitob o‘qishi yoki o‘qimasligi, bu jarayonda ular qanchalik ishtirok etayotgani, qolaversa, so‘nggi kunlarda bolalar o‘qimay qo‘ygani haqidagi xavotirlari haqida gapirdi.

«Bolalarim matematika, arifmetika kabi fanlar bilan shug‘ullanadi. Hozir shularga oid kitob qidirib yuribman. Badiiy kitob o‘qishmaydi. Kitoblarni o‘zlari o‘qishadi, men qatnashmayman. Darsdan tashqari bo‘ladigan mashg‘ulotlari uchun kitob olib beraman, lekin badiiy kitob olib berganimcha yo‘q, chunki qiziqishmaydi.

Haqiqatan ham bolalar kitob o‘qimay qo‘ydi. Bizning vaqtda kitob o‘qishardi, biz ham mutolaa qilardik. Menimcha, bolalarning kitob o‘qimasligiga smartfonlar sabab bo‘lmoqda», – deydi so‘rovnomada ishtirok etgan onalardan biri.

So‘rovnoma vaqtida turli fikrlar yangradi. Fikrlar turfa bo‘lishi tabiiy hol. Ammo shunisi aniqki, bolalarning kitob o‘qishiga e’tibor berish, ularni shu mashg‘ulotga qiziqtirish, rag‘bat berish muhim. Zero, kitob farzand kamolotida katta rol o‘ynaydi.

Mavzuga oid