Yagidnedagi «o‘lim yerto‘lasi», Baxmut atrofidagi harbiylar. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 404-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Peterburgda «voyenkor» Vladlen Tatarskiy halok bo‘lgan va yana 33 kishi yaralangan kafedagi portlashga aloqadorlikda gumon qilinayotgan Darya Trepova qo‘lga olindi. Tergov qo‘mitasi ishni qayta kvalifikatsiyaladi va hodisani terakt deb baholadi.
- Milliy aksilterror qo‘mitasi Tatarskiyning qotilligi «ukrain maxsus xizmatlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi xodimlarini jalb etish» orqali rejalashtirilganini ma’lum qilgan. Fond vakillari ham, Kiyev ham buni rad etdi.
- Vladimir Putin Tatarskiyni o‘limidan keyin Jasorat ordeni bilan taqdirladi.
- Yevgeniy Prigojin Baxmut «yuridik jihatdan» egallangani haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Vagner» XHK yollanma jangchilari shahar ma’muriyati binosi ustida Rossiya bayrog‘ini ko‘tarishgan. Ukraina tomoni va «DXR» rahbari Denis Pushilin Baxmut markazi uchun janglar davom etayotganini bildirgan.
- Anneksiya qilingan Melitopolda avtomobil portlashi oqibatida rossiyaparast mulozim — Akimovka posyolkasining Kreml tomonidan tayinlangan rahbari Maksim Zubarev jarohat olgan.
- Bryansk oblastining Sevskiy rayonida harbiy komissariat binosi va IIV boshqarmasiga ikkita dron hujum uyushtirdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.
Yagidne qishlog‘i ozod etilganidan bir yil o‘tib
Yagidne qishlog‘i Chernihivdan 15 kilometr janubda, Kiyevdan taxminan 130 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. Bosqinga qadar Yagidneda 400 nafar atrofida kishi yashagan. Rossiya qo‘shini Yagidneni 2022 yil 1 mart kuni bosib olgan — bir oy o‘tib, RF armiyasi Kiyev va Chernihiv oblastlaridan chekingach, Ukraina qurolli kuchlari uni ozod etishgan. Okkupatsiyaning butun davrida rossiyaliklar qishloq aholisi vakillari bo‘lgan 360 nafardan ortiq kishini mahalliy maktab yerto‘lasida saqlashgan, ular orasida 70 nafar atrofida yosh bola bo‘lgan: yerto‘ladagilarning 12 nafari shu yerda vafot etgan, shuningdek, qishloqning o‘zida yana 17 kishi o‘ldirilgan.
Ukraina hukumati Yagidneda tinch aholi vakiliga qarshi jinoyatlarda RF armiyasining 55-alohida motoo‘qchilar brigadasini ayblagan. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov BBC uchun bergan intervyusida Yagidnedagi yerto‘la haqidagi xabarlarni «G‘arb tomonidan tarqatilgan feyk» deb atagan.
Yagidne qishlog‘i ozod etilganiga bir yil to‘lgan kunda bu yerga prezident Volodimir Zelenskiy tashrif buyurdi. «Mahalliy aholi vakillari, katta yoshlilar ham, bolalar ham bu yerda qiynoqlarga solingan. Men ularga tirik qolganlari, bizning jangchilarimizni kutishgani, Rossiya, rossiyalik harbiylar olib kelgan fojia haqida butun dunyoga gapira olganliklari uchun katta rahmat aytaman», dedi Ukraina prezidenti va «Rossiya prezidentiga umrining qolgan qismini yerto‘lada, hojatxona o‘rniga chelakdan foydalangan holda o‘tkazish»ni tiladi.
Quyida Yagidneda Rossiya qo‘shinlari chekinganidan bir yil o‘tgandagi vaziyat aks etgan suratlar.
Baxmut atrofidagi ukrain shifokorlari
Fevral oyidayoq ko‘plab harbiy ekspertlar Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastining Baxmut shahridan chekinishini taxmin qilgan bo‘lsa-da, shahar uchun janglar davom etmoqda. Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) navbatdagi hisobotida «Vagner» XHK yollanma jangchilari katta ehtimol bilan shahar ma’muriyati binosini egallagani va shaharning markaziy qismiga yurishda davom etayotganini ma’lum qilgan.
Baxmut «yuridik jihatdan» egallangani haqida 2 aprel kuni XHK rahbari Yevgeniy Prigojin xabar qilgandi. Ukraina bu ma’lumotni rad etdi. Ukraina QK sharqiy qo‘shinlar guruhi rasmiy vakili Sergey Cherevatiy rossiyalik harbiylar «hech narsani egallamagani, yumshoq qilib aytganda, ular bundan juda uzoqdaligi»ni aytgan. Shahar markazi uchun janglar davom etayotgani haqida «DXR» rahbari Denis Pushilin ham tasdiqlagan.
Avdiyivkadagi hayot
Avdiyivka — Donetsk atrofidagi shahar bo‘lib, 2014 yildan buyon front chizig‘i ushbu shahardan o‘tadi. 2023 yil mart oyi oxirida Avdiyivka Baxmut bilan birgalikda frontning eng qaynoq nuqtasiga aylandi.
RF mudofaa vazirligi so‘nggi hisobotlarida Avdiyivkadagi vaziyat bo‘yicha izoh bermagan, Ukraina tomoni esa Rossiya qo‘shinlari Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga muntazam ravishda hujum qilayotgani va «jiddiy yo‘qotishlar»ga uchrayotganini tasdiqlagan. Bundan tashqari, Ukraina qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, RF armiyasiga Avdiyivka yo‘nalishida harbiy texnikalar yetishmayapti — «ularda shturm qilish uchun o‘q-dorilar qo‘llashda «diyeta» fursati keldi», deya qayd etgan Tavr yo‘nalishi mudofaa kuchlari birlashgan matbuot markazi rahbari Oleksiy Dmitrashkovskiy.
Quyida Avdiyivkadagi vaziyat aks etgan suratlar.
Horlivka o‘qqa tutilishi oqibatlari
Mavzuga oid
14:54
Kaya Kallas: Ukrainaning YeIga qo‘shilish bo‘yicha aniq yo‘li bor
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024