O‘zbekiston | 16:15 / 05.04.2023
21756
2 daqiqa o‘qiladi

9 viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlariga hayfsan berildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi O‘zbekiston massivlarida uy-joy qurilishi va 2023 yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tyapti.

2022 yilda 31 ta Yangi O‘zbekiston massivlarini qurish dasturi boshlangan edi.

Yig‘ilishda bu boradagi ishlar Andijon va Xorazmda yaxshi ketayotgani ta’kidlanib, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryodagi massivlarda hokimlarning e’tiborsizligi oqibatida birorta uy foydalanishga topshirilmagani qattiq tanqid qilindi.

Yangi O‘zbekiston massivlari bo‘yicha Farg‘onada 80 ta, Samarqandda 36 ta, Toshkent viloyatida 15 ta, Namanganda 14 ta uyni foydalanishga topshirish cho‘zilib ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari, Markaziy bankning viloyat bo‘linmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi va vaziyatni o‘zgartirish uchun bir oy muhlat berildi. 

2023 yilda yangi uy-joy qurish hajmini 1,5 baravarga oshirib, 90 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid