O‘zbekiston | 14:06 / 06.04.2023
10721
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda

Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Foto: Senat.uz

Jinoyat kodeksi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra kodeksning tegishli moddalari, qismi va bandlarida nazarda tutilgan qilmishlar korrupsiyaga oid jinoyatlar deb topilishi belgilanyapti hamda ushbu jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish kabi normalar qo‘llanmaydi.

Qonunga muvofiq davlat organi va tashkilotlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi, nodavlat notijorat tashkilot xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan mazkur o‘zgartirishlar korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish, korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan adolatli jazo belgilanishiga hamda jinoyat oqibatida jabrlanganlarning huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid