Jamiyat | 18:50 / 06.04.2023
17555
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Navoiyda geologlar kuni keng nishonlandi

Har yili aprel oyining birinchi yakshanbasida geologlar o‘zlarining an’anaviy kasb bayramini nishonlashadi. Sana munosabati bilan Zafarobod qo‘rg‘onida o‘tkazilgan bayram tadbiriga “Navoiyuran” davlat korxonasida mehnat faoliyatini olib borayotgan soha fidoyilari, faxriylar, geologiya sohasi xodimlari taklif etildi.

Foto: Navoiyuran

Geologiya sohasi mamlakatning mineral-xomashyo bazasini rivojlantirishda, yer qa’rini o‘rganish va razvedka qilishda, foydali qazilma konlarini ochishda alohida ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri sanaladi.

Ma’danshunoslarning dunyo taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi juda yuqori. Boisi, geologlar davlatning energetik salohiyati, mineral-xomashyo zaxiralarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Ushbu sohaga alohida e’tibor qaratilib, Davlatimiz rahbari tomonidan kasb bayrami sifatida maxsus kunning belgilanishida ham ularga o‘zgacha hurmat va e’tirof mujassamdir.

Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ham soha xodimlarining mashaqqatli va sharafli mehnatlari e’tirof etildi.

Tadbir avvalida korxona bosh direktori Jahongir Xasanov tizimda mehnat faoliyatini olib borayotgan geologlar, geotexnologlar, marksheyderlar va geofiziklarga bayram tabrigini yo‘lladi.

Shundan so‘ng, korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda sana munosabati bilan bir guruh ishchi-xodimlar Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining Faxriy yorlig‘i hamda “Navoiyuran” DK rahbariyatining Faxriy yorlig‘i, “Tashakkurnoma”lari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

“Hozirgi kunda bizning geologiya qidiruv ekspeditsiyamiz “Ziyodin-Zirabuloq” maydoni bo‘yicha uranga dastlabki qidirish va razvedka ishlarini asosan 5 ta loyiha asosida olib bormoqda, - deydi “Navoiyuran” DK “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi geologiya xizmati boshlig‘i Dostonbek Bo‘riboyev. - Ushbu kasbda ishlayotganimga 12 yil bo‘lgan bo‘lsa, davlatimizning mineral-xomashyo bazasini boyitishda o‘zimning 4 ta loyiham va 3 ta geologiya hisobotim bilan hissamni qo‘shdim. Hozirgi kunda jamoamiz bilan birgalikda oldimizga qo‘yilgan barcha vazifa va majburiyatlarni a’lo darajada sifatli bajarishga harakat qilib kelayapmiz. Bugun butun dunyo yashil energiyaga o‘tmoqda. Shu bois, kelajakda barqaror yashil energiya manbai bo‘lgan uran sanoatini yanada rivojlantirib, davlatimiz zaxirasini boyitish, yangi konlarni izlab topish va ularni o‘zlashtirish oldimizdagi eng katta maqsadlarimizdan biridir.            

2015 yili O‘zbekiston Milliy universitetining geologiya fakultetini tamomlab, “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazida 8 yildan buyon mehnat faoliyatimni olib borayotgan Sanjar Kenjayev ham ushbu tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasi rahbariyatining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.

“Hozirda ilmiy ishlab chiqarish markazining 1-toifali geologi bo‘lib ishlayapman, - deydi S.Kenjayev. - Oddiy qishloqda voyaga yetganman. Bolaligimdan qishlog‘imizga geologlar ko‘p borishardi. Ularning tabiat qo‘ynida olib borgan ishlari menga juda qiziq tuyulgan va shundan menda ushbu kasbga qiziqish uyg‘ongan. Shu paytda menda maqsad bo‘lgan. Bugun shu maqsadima yetib, o‘zim sevgan kasbda ishlayapman. Bugun ozmi-ko‘pmi mehnatlarim e’tirof etilib, taqdirlashdi. Men bundan juda ham xursandman. Kelajakda albatta yangi loyihalar, yangi konlar ustida ish olib borish niyatidamiz”.  

“Bugun ajoyib bayramlardan biri geologiya sohasi xodimlari kuni nishonlanmoqda. Men geolog ekanligimdan, mana shu sohada ishlayotganimdan faxrlanaman. Bayram munosabati bilan bizning mehnatlarimizni e’tirof etib, rahbariyat tomonidan avtomashina topshirildi. Men bundan juda ham xursandman, - deydi “Navoiyuran” DK “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi “Bukantog‘” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi boshlig‘i Ortiq Sharipov. - So‘nggi yillarda “Bukantog‘” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida yangi konlar, yangi uchastkalar ochildi. Misol uchun, “Mingliboy”, “Qizilqoq” uchastkalarini aytib o‘tishim mumkin. Hozirda shu uchastkalarimizda uranni qidirish ishlari olib borilyapti. Joriy qish fasli juda qattiq kelganiga qaramasdan, ishchi-xodimlarimiz o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalarni, chin yurakdan uddalashdi.

Tantanali tadbir davomida madaniyat uyi badiiy jamoalari hamda xonandalarining kuy-qo‘shiq va raqslari barchaga birdek bayramona kayfiyat ulashdi. Zero, Ona zaminimiz qa’ridagi boyliklarni izlab topish va ularni ishlab chiqarishga yo‘naltirishdek mas’uliyatli va sharafli kasb sohiblarining mehnatlarini har qancha e’tirof etsa arziydi.

 "Navoiyuran" davlat korxonasi axborot xizmati.

Mavzuga oid