Kambag‘allarga 12 foiz keshbek qaytarish tartibi ma’lum bo‘ldi
1 maydan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxslarga go‘sht, yog‘ va tuxum sotib olganlik uchun 12 foiz keshbek qaytariladi. Buning uchun “Soliq” ilovasida Face ID orqali ro‘yxatdan o‘tib, xarid chekini skanerlash kerak. QQS to‘lovchisi bo‘lmagan tadbirkorlardan mahsulot sotib olganda, QQS qaytarilmaydi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obektlaridan ayrim tovarlarni sotib olganda xarid summasidan 1 foiz miqdordagi keshbek o‘rniga 12 foiz QQS qaytariladi.
Reyestrdagi shaxslarga QQS qaytarib beriladigan mahsulotlar ro‘yxati:
- Qo‘y go‘shti
- Parranda go‘shti
- Mol go‘shti
- Tuxum
- O‘simlik yog‘i
Davlat soliq qo‘mitasi keshbek qaytarish tartibini ma’lum qildi.
QQSni qaytarib olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi iste’molchi “Soliq” mobil ilovasini yuklab olib, Face-ID orqali ro‘yxatdan o‘tishi hamda ilovada xarid chekining QR-kodini skanerlashi lozim.
QQS qaytarilishi uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak:
- xaridor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lishi;
- sotib olingan mahsulot QQS qaytariladigan mahsulotlar ro‘yxatiga kirishi;
- tadbirkorning QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani.
Reyestrdagi iste’molchi:
- QQS qaytariladigan mahsulotlar bilan birga boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilib chekni ro‘yxatdan o‘tkazganda, QQS qaytariladigan mahsulotlar uchun 12 foiz, boshqa turdagi mahsulotlar uchun 1 foiz keshbekka ega bo‘ladi;
- QQS to‘lovchisi bo‘lmagan tadbirkorlik sub’yektidan QQS qaytariladigan mahsulotlar sotib olganda, hozirgidek 1 foiz keshbek qaytariladi.
QQS summasi chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan oydan keyin oyning 25-sanasidan so‘ng “Soliq” mobil ilovasi orqali to‘lab beriladi.
Avvalroq, Kun.uz jurnalisti kambag‘allarga QQSdan keshbek qaytarilishi xarid chekiga bog‘lab qo‘yilishi bu tizimning ishlamasligiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi. Chunki shundoq ham kambag‘al qatlamga kiradigan odamlarda QQSni qaytarib olishda resurslar (smartfon, internet) bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkin. Boz ustiga, bu qatlam asosan dehqon bozorlarida bozorlik qiladi; bozorlarda esa aksariyat holatlarda chek berilmaydi.
Taxminiy hisoblashlar keshbek summasining juda kamligini ham ko‘rsatdi – bu esa uni qaytarib olishga qiziqish past bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
17:32 / 26.10.2024
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlari uchun bir martalik kompensatsiya beriladi
17:57 / 12.10.2024
Ayollar uchun xavfsiz boshpana – reabilitatsiya markazlari qanday ishlaydi?
21:01 / 23.09.2024
Odamlarning 1 foizi deyarli barcha aholidan boyroq ekani ma’lum bo‘ldi
23:10 / 22.09.2024