O‘zbekiston | 07:33 / 11.04.2023
5096
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rsatma berdi

“Tashabbusli budjet” dasturida g‘olib bo‘lmagan ko‘plab loyihalarga ham mablag‘ ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

So‘nggi uch yilda 9 ming 500 ta mahallaga 57 trillion so‘m ajratilgan. Bu mablag‘lar hisobiga 3 ming 500 ta mahallada ichki yo‘llar, yana shunchasida bog‘cha, maktab va shifoxona ta’mirlangan. 1 ming 19 ta mahallada ichimlik va oqova suvi ta’minoti yaxshilanib, 452 tasi zamonaviy qiyofaga keltirilgan.

Bu yil mahallalarga ajratilayotgan mablag‘lar ko‘lami 25 trillion so‘mga yetkazildi. “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida 8 trillion so‘m ko‘zda tutilgan. Yaqinda ushbu dasturning 1-mavsumi yakunlandi. Yig‘ilishda uning natijalari va amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berildi.

Bu mavsumda aholi tomonidan yo‘l, suv, elektr, maktab, bog‘cha va shifoxonalarni yaxshilashga 34 mingta loyiha takliflari ovozga qo‘yilgan. Ovoz berish jarayoni yakuniga ko‘ra, 1 ming 666 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Bu borada odamlarning faolligi oshgan. 2021 yilda ovoz berish jarayonida 1 million 200 ming aholi ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil 1-mavsumning o‘zida ularning soni 16 milliondan oshdi. Ilk marotaba “Tashabbusli budjet” dasturida respublikaning barcha mahallalari o‘z loyihasi bilan ishtirok etdi.

Davlat rahbari g‘olib loyihalarni sifatli bajarish bilan birga boshqa loyihalarga ham e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. – Masalan, 1 ming 300 ta loyihaga 2 mingdan ortiq aholi ovoz bergan bo‘lsa-da, g‘olib bo‘lmagan. Bu – 4 milliondan ortiq aholi ko‘targan masala yechimini topmadi, degani. Shuning uchun aholining bu xayrli takliflarini qo‘llab-quvvatlashimiz zarur, – dedi prezident. Ushbu loyihalarga qo‘shimcha 1 trillion 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

“Tashabbusli budjet” dasturida qatnashgan 34 mingta loyiha kelgusi yil budjetini shakllantirish uchun tayyor taklif. Mahallalardagi tibbiyot muassasalarini ta’mirlash bo‘yicha mingdan ortiq, maktablarni parta va kompyuter bilan jihozlashga 5 mingdan ziyod loyiha taklifi kelib tushgan. Prezident “Tashabbusli budjet”da 1 ming 500 dan ortiq ovoz to‘plagan loyihalarni 2024 yilgi budjetni shakllantirishda inobatga olish zarurligini ta’kidladi.

Mavzuga oid