Jahon | 22:21 / 13.04.2023
41677
9 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: RF armiyasi Baxmutni egallashga juda yaqin

Urushning yangi bosqichida kamikadze dronlar va rossiyaliklarning og‘ir bombali samolyotlari asosiy rolni o‘ynay boshladi.

Vayron qilingan Baxmut. Foto: AR

 

 

Ukrainaning ko‘plab ekspertlar tomonidan kutilgan qarshi hujumi aprel oyining birinchi dekadasida ham boshlanmadi, rossiyaliklarning yurishi esa to‘xtamadi. «Vagner» XHK Baxmutda ilgarilashda davom etmoqda: yollanma jangchilarning so‘nggi kunlardagi hujumlari natijasida Ukraina QK endi faqat shaharning g‘arbiy chekkalarini nazoratida saqlab qolmoqda. Shimolda, Kreminna atrofidagi o‘rmonzorda esa havo-desant qo‘shinlarining yurishi qaytadan boshlangan va ular ukrainlarning bir qancha pozitsiyalarini egallashga muvaffaq bo‘lgan. Donetskdan shimoldagi Avdiyivka shahri atrofida qarama-qarshi janglar davom etmoqda: Ukraina QK rossiyaliklarning Avdiyivka istehkomini aylanib o‘tishga urinayotgan guruhlari qanotlariga hujum uyushtirmoqda, RF QK shaharni qurshovga olish uchun urinishlarini davom ettirmoqda. 

Rossiya yurishi ancha oldin va butunlayga muzlagandek ko‘ringan «ishlar pachava» bo‘lgan uchastkalarda ham (masalan, Luhansk oblastidagi Novoselovskoye va Kuzemovka qishloqlari atrofidagi kichik uchastka, bu yerda kuzda olib borilgan janglar Ukraina QKning kichik g‘alabasi bilan tugagandi), RF qurolli kuchlari yana faollashgan. 

Bu janglar (Baxmutdagidan tashqari) Rossiya armiyasiga katta yutuqlar olib kelmaydi, ammo bu RF QK qo‘mondonligi tashabbusni boy berishni istamayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, janglar tabiati o‘zgarmoqda: ikki tomon ham texnika, artilleriya, havo hujumidan mudofaa qurilmalari, okoplar va hatto alohida askarlarga zarba berish uchun kamikadze dronlarni tobora ko‘proq qo‘llamoqda. 

Endilikda nishonga borib urilgan dronlar telekameralariga muhrlangan videolar front chizig‘idan kelayotgan axborot oqimining yarmini tashkil qilmoqda. To‘g‘ri, bunga dron videolari «okopda olingan videodan yorqinroqligi» sabab. Ammo bu videolar tahlili shuni ko‘rsatadiki, kamikadze dronlar (qo‘lbola o‘q-dori tashlaydigan kopterlar va artilleriya zarbasini yo‘naltiruvchi dronlar bilan birga) chindan ham amaliyotning muhim qismi bo‘lmoqda. Teplovizorlar bilan jihozlangan dronlar tunda ham harakatlanmoqda. Dronlar yordamida jang maydoni izolyatsiya qilishga muvaffaq bo‘lingan holatlar ham uchramoqda — ya’ni qo‘shimcha kuchlar va o‘q-dorilar olib kelish, shuningdek yaradorlarni evakuatsiya qilish to‘liq imkonsiz qilingan holatlar. Ilgari urushlarda bu masala aviatsiya orqali hal etilishi kerak edi.

Shunday bo‘lsa-da, Rossiya aviatsiyasi ham jang maydoniga qaytdi, samolyotlar o‘tgan yil bahoridan buyon harbiy harakatlarda deyarli ishtirok etmayotgandi. Dastlabki yalpi zarbalar (jumladan, GLONASS tizimiga muvofiq ko‘rsatmalardan foydalangan holda yuqori aniqlikdagi zarbalar uchun qayta jihozlangan yirik kalibrli bombalar bilan) mart oyida Avdiyivkada berila boshlandi.

Aprel oyida RF havo-kosmik kuchlari (VKS) ko‘plab yo‘nalishlarda zarbalar berishga kirishdi: Kreminna atrofidagi o‘rmonzorlarda, Vuhledarda, Zaporijjya oblastida butun front chizig‘i bo‘ylab, Xerson oblastida Dniproning o‘ng sohili bo‘ylab. Katta ehtimol bilan, bu nafaqat aviatsiya yangi ommaviy ishlab chiqarilgan aniq yo‘naltiriladigan o‘q-dorilarga ega bo‘lgani, balki ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimlarida raketa taqchilligi yuzaga kelgani bilan ham bog‘liq.

Dron bilan solishtirganda aviatsiyaning kuchsiz tomoni shundaki, front chizig‘idan o‘nlab kilometr masofada turib bombalarni uchiradigan samolyotlar nishonni mustaqil razvedka qila olmaydi va quruqlikdagi bo‘linmalar nishonni belgilab berishini talab etadi; hozircha harakatdagi nishonlarga zarba berish haqida gap ketmaydi. Ammo aniq harakatlanuvchi, arzon va uzoqqa boruvchi bombalarga ega bo‘lgan uchuvchi boshqaruvchi aviatsiyadan keladigan eng katta xavf — samolyotlar ko‘p miqdorda o‘q-dori olib yuradi va front chizig‘idan ancha uzoqda turib zarba bera oladi. Shunday qilib, Rossiya havo-kosmik kuchlari bir necha hafta ichida shahar uchun quruqlikdagi janglar boshlanmay turib Avdiyivkaning katta qismini vayron qildi.

Baxmut

«Vagner» XHK, RF mudofaa vazirligi va kompaniya xo‘jayini Yevgeniy Prigojin xabar qilganidek, Baxmutdan shimoli-sharqi va janubi-g‘arbida qanotlardagi pozitsiyalarini muntazam qo‘shinlarga, jumladan, havo-desant bo‘linmalariga topshirgan. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, bu XHKga yollanma jangchilar otryadlari egallab turgan front chizig‘i masofasini 40 kilometrdan 20 kilometrgacha qisqartirish, bo‘shagan qo‘shinlarni Baxmutni shturm qilish va qurshab olish uchun yuborish imkonini beradi.

RF mudofaa vazirligi va Prigojinning bayonoti to‘g‘riligini tekshirishning hozircha imkoni yo‘q, ammo shaharning shturm qilinishi chindan kuchaygan. Yollanma jangchilar Baxmut temiryo‘l vokzaliga (Baxmut-2) va elevatorga yetib kelib, Ukraina bo‘linmalarini shaharning g‘arbiy kvartallariga surib chiqargan.

Shu bilan bir vaqtda, XHK Baxmutdan janubi-g‘arbdagi chiqish yo‘liga hujumlarni tiklagan. Shahar aholisi bu hududni „bugor“ (tepalik) deb ataydi, bejiz emas — bu chekkadagi bir qancha ko‘p qavatli uylar tepalikda joylashgan. Agar bu hudud yollanma jangchilar tomonidan egallansa (va harbiy harakatlar chog‘ida butkul vayron qilinmasa), XHK bu uylar derazalari va tomlaridan turib Baxmutning g‘arbiy qismidagi barcha yo‘llarni tankka qarshi raketalar bilan o‘qqa tutish imkoniga ega bo‘ladi.

Shimoli-g‘arbda ham yollanma jangchilar shahardan boshqa chiqish yo‘liga — Xromovo tomonda Baxmutni Ukrainaning «katta yeri» bilan bog‘lovchi «hayot yo‘li»ga yurish qilishda davom etmoqda.

Ukrainadagi manbalar xabar qilishicha, «Vagner» Xromovoning o‘ziga ham shimoldan hujumlarni qaytadan boshlagan, bu yurish mart oyi oxirida to‘xtab qolgandi.

Avdiyivka

Avdiyivkada ko‘p qavatli uyga zarba oqibati. 2023 yil 17 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Mart oyida Avdiyivkadan shimolda muhim pozitsiyalarini (Krasnogorovka va Novobaxmutskoye posyolkalari) boy bergan Ukraina qurolli kuchlari bu yo‘nalishda hujum qilayotgan Rossiya guruhi qanotlariga Novoselovka qishlog‘i yaqinida zarba berishga harakat qildi. Ammo, aftidan, RF qurolli kuchlarining yurishini to‘liq to‘xtatishga muvaffaq bo‘linmagan. Rossiya qo‘shini Avdiyivkadan shimolga ketadigan temiryo‘lning (hozirda undan foydalanilmayapti, ammo muhim mudofaa chizig‘i bo‘lib qolmoqda) g‘arbiga o‘tish uchun harakat qilmoqda.

Avdiyivkadan janubi-g‘arbda Rossiyaning yurishi u qadar muvaffaqiyatli kechmayapti. RF QK yurish boshlagan Vodyaniy va Ukraina QK mudofaani ushlab turgan Severniy o‘rtasidagi dalalar va o‘rmonzorlardagi jang maydoni „pirog qatlami“ni eslatadi: yagona fronta yo‘q, pozitsiyalarning qaysisida Ukraina qo‘shini, qaysisida — rossiyaliklar turgani tushunarsiz. Bu yo‘nalishdagi RF qurolli kuchlari o‘z yurishining eng birinchi maqsadi hisoblangan Severniyga o‘ta olmayapti.

Hozircha barchasi shuni ko‘rsatmoqdaki, Avdiyivka uchun jang Baxmut uchun jangning takroriga aylanadi — uzoq vaqt cho‘zilishi bo‘yicha ham, shiddatlilik borasida ham.

Kreminna

Qisqa jimlikdan keyin Rossiyaning Kreminna va Torskoye o‘rtasidagi o‘rmonzorlardagi yurishi davom ettirilmoqda. Katta ehtimol bilan bu hududga RF QK zaxira kuchlari keltirilgan, xususan, desant bo‘linmalari ham. Ular boshqa qurollar qatorida ilgari faqat harbiy okruglar qo‘mondonligi ixtiyorida mavjud bo‘lgan TOS-1 og‘ir o‘qotar tizimlariga ham ega bo‘lishgan.

Rossiya qo‘shinlari Ukraina qurolli kuchlarini o‘rmonning markaziy qismiga chekintirib, bir qancha o‘rmon yo‘llari ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan. Shunga qaramay, ukrain qo‘shini mudofaani ushlab turibdi. O‘rmonda jang qilayotgan Rossiya qo‘shini tezkorlik bilan Shimoliy Donni kechib o‘tib, Yampilga yorib kirgan holda Ukraina qurolli kuchlarini qurshov xavfi ostida qoldirishi dargumon.

Mavzuga oid