Jahon | 08:05 / 13.04.2023
8737
2 daqiqa o‘qiladi

Gulagu.net asoschisi: ukrainalik asirni «Vagner» jangchilari qatl etgan

Gulagu.net inson huquqlari loyihasi asoschisi Vladimir Osechkinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi ukrainalik harbiy asir ekanligi taxmin qilinayotgan shaxsning videotasvirga olingan qatlida ishtirok etgan. 

Foto: Videodan kadr

Osechkin, uning so‘zlariga ko‘ra, Norvegiyaga qochib ketgan sobiq «vagnerchi» Andrey Medvedev bilan bog‘langan va u videoda o‘z xizmatdoshlarini aniqlagan. 

«U o‘sha yerdagi xizmatdoshlarini, «Vagner» XHK jangchilarini o‘ziga xos chaqiruv belgilari, gaplashish usuli, ratsiya orqali muloqot qilishda ovozidan aniqladi», dedi Gulagu.net asoschisi «Xodorkovskiy Live» Youtube kanalining efirida.

Osechkin, shuningdek, videodagi odamlar haqida ma’lumot uchun 3000 yevro mukofot taklif qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu loyiha tarixidagi birinchi bunday pretsedent bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlardagi Gulagu.net obunachilari xayriya orqali to‘lanadigan haq miqdorini oshirmoqchi.

Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») 12 aprel kuni internetda rossiyalik harbiylar ukrainalik asir ekani aytilayotgan shaxsni o‘ldirayotgani aks etgan video e’lon qilingani bo‘yicha sudgacha tergov boshlanganini bildirdi. «SBU»ning aniqlik kiritishicha, tergov Ukraina Jinoyat kodeksining 438-moddasi 2-qismi (Urush olib borish qonunlari va odatlarini buzish) asosida olib borilmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy butun dunyo yetakchilarini sodir bo‘lgan voqeaga reaksiya bildirishga va Ukrainaga Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishga yordam berishga chaqirdi. 

11 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki rus askarlari ukrainalik askarni shafqatsizlarcha o‘ldirgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Video Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlovchi Rossiya Telegram-kanallarida va Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida tarqaldi. 

Mavzuga oid