Jamiyat | 16:49 / 17.04.2023
18190
2 daqiqa o‘qiladi

“Korrupsiya – farovon hayot poydevori” nomli tanlov feyk ekani aytildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan davlat universitetida o‘tkazilgan insholar tanlovi “Korrupsiya – farovon hayotimiz poydevori” deb atalgani haqida xabarlar tarqaldi. G‘oliblarga berilgani aytilgan diplomda tanlov nomi shunday deb yozilganini ko‘rish mumkin. Diplomda imloviy xatoliklar ham ko‘zga tashlanadi.

Foto: NamDU

Suratni birinchi bo‘lib tarqatgan kanallardan birining admini Kun.uz bilan suhbatda surat bir tanishidan kelgani, ammo uni tekshirmaganini aytdi.

Namangan davlat universiteti surat feyk ekanini bildirdi.

“Namangan davlat universitetida 2022 yilning 16 noyabr kuni "Konstitutsiya – farovon hayotimiz poydevori" hamda "Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi" mavzusida eng yaxshi insholar tanlovi o‘tkazilgan. Tanlov g‘oliblari munosib ravishda pul mukofotlari bilan taqdirlangan, ammo hech bir ishtirokchi uchun diplom yoki sertifikat tayyorlab berilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "Diplom" universitet boshlang‘ich tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan "O‘tmishga nazar" shiori ostidagi Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" asari yuzasidan o‘tkazilgan savol-javoblar bellashuvidagi faol ishtirokchilar uchun berilgan. Ammo ushbu namuna Korrupsiya yoki Konstitutsiya bilan bog‘liq tanlovlar uchun berilmagan”, – deyiladi rasmiy izohda.

NamDU bayonotida qalbaki hujjatlar tayyorlaganlik uchun jinoiy javobgarlik borligi eslatilgan.

Foto: NamDU

Universitet tarmoqlarda tarqalgan diplom feyk ekanini urg‘ularkan, "O‘tmishga nazar” shiori ostidagi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari yuzasidan o‘tkazilgan savol-javoblar bellashuvida berilgan sertifikatning suratini e’lon qildi.

Mavzuga oid