Jahon | 22:54 / 18.04.2023
31269
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Kiyevdagi uchrashuvda BMT Bosh kotibi Guterrishni g‘azablantirdi - OAV 

8 mart kuni BMT Bosh kotibi Ukrainaga tashrif buyurdi. Tashrif yaxshi o‘tdi, ammo oxirida Guterrishning g‘azabini keltirgan voqea yuz bergani aytilmoqda. 

Foto: Volodymyr Tarasov/Ukrinform/Future Publishing via Getty Images

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 8 mart kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan juda norozi bo‘ldi. Bunday ma’lumotlar Pentagonning yaqinda internetga «sizib chiqqan» maxfiy hujjatlaridan birida keltirilgan, deb yozdi The Washington Post (WP)

Hujjatlarga ko‘ra, Amerika razvedka idoralari Guterrish suhbatlarini zimdan tinglab borgan. U o‘zining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik bilan suhbatda Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina rasmiylarining harakatlaridan «juda g‘azablanganini» tan olgan. 

Guterrish o‘z ishtirokidagi rasmiy tadbirlarda ukrainalik harbiy xizmatchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazilganidan norozi bo‘lgan. Bu tadbir Bosh kotib bilan oldindan kelishilmagan, ustiga-ustak prezident matbuot xizmati tadbirda olingan fotosuratlar va videolarni e’lon qilib yuborgan. 

Guterrish xuddi urushayotgan tomonlardan birining harbiylarini tabriklayotganga o‘xshagan, bu bosh kotibni xavotirga solgan. Guterrish matbuot kotibiga «iloji boricha tabassum qilmaslikka uringanini» aytgan. 

Foto: Volodymyr Tarasov/Ukrinform/Future Publishing via Getty Images

Shuningdek u Kiyev BMTni tanqid qilishda juda faolligidan shikoyat qilgan. Guterrishning ta’kidlashicha, u Ukrainaga yordam berish uchun borgan, ammo ukrainaliklar «tashkilotni yo‘q qilish uchun hamma narsani qilmoqda». 

WP gazetasiga bergan intervyusida Dyujarrik o‘z rahbari «Ukraina rahbarlari bilan Kiyevda bo‘lib o‘tgan juda samarali uchrashuv yakunida taqdirlash marosimi kelishilmasdan o‘tkazilganidan noxush hayratda qolganini» tasdiqlagan. Shu bilan birga, u Guterrish Kiyevning BMTni «tugatish» istagidan shikoyat qilganini rad etdi. 

2023 yil 8 mart kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Kiyevga tashrif buyurdi. Bu uning keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri uchinchi tashrifi edi. Zelenskiy bilan uchrashuvda u hozirgi urush sharoitida bir qator muhim masalalarni – g‘alla eksporti, ZAES atrofidagi vaziyat, Rossiya uchun maxsus tribunal tashkil etishni muhokama qilgan. 

Uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy va Guterrish qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdi. Rasmiy e’lonlardan so‘ng, haqiqatan ham 8 mart munosabati bilan ukrainalik ayollarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mukofotlanganlar orasida harbiy xizmatchilar ham, oddiy fuqarolar ham bor edi.

Mavzuga oid