Qirg‘izistonda O‘zbekiston bilan qo‘shma avtomobil zavodi to‘g‘risidagi qonun imzolandi
Zavodda 19 turdagi Chevrolet, Daewoo va Isuzu avtomobillari ishlab chiqariladi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 27 yanvar kuni imzolangan Qirg‘iziston Respublikasida avtomobil va tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida»gi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunni imzoladi.
Qonun Jogorku Kenesh tomonidan 2023 yilning 15 martida qabul qilingan.
«Ushbu kelishuvning ratifikatsiya qilinishi Qirg‘iziston Respublikasi hududida yengil va tijorat avtomobillarini yig‘ish, ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish imkonini beradi», deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, loyihaning Qirg‘izistonda amalga oshirilishi «mamlakat avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirishga turtki beradi, sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshiradi, avtoparkni yangilaydi, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratadi, mos ravishda mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish dinamikasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi».
Qirg‘iziston — O‘zbekiston avtomobil zavodi loyihasi uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
- 1-bosqich – 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 10 mingtagacha avtomobil SKD (yirik qismli) usulida yig‘iladi;
- 2-bosqich – 20 ming dona avtomobil ishlab chiqarilganidan keyin 4-5 yil davomida 1 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan holda avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqariladi;
- 3-bosqich - oltinchi yildan boshlab CKD (mayda qismli) usulda yig‘ish tashkil etiladi, 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, 30 ming dona avtomobil ishlab chiqariladi.
Zavodda 19 turdagi Chevrolet, Daewoo va Isuzu avtomobillari ishlab chiqariladi. Avtomobillar narxi 13 ming dollardan, yuk mashinalari esa 28 ming dollardan boshlanadi.
Zavod Chuy viloyati, Oq-Suv qishlog‘ida (Bishkekdan 50 km uzoqlikda) quriladi.
Loyiha O‘zbekistondan – «O‘zavtosanoat» AJ, Qirg‘izistondan – «DT texnika» MChJ va «Nur» AJ tomonidan amalga oshiriladi. Jami sarmoya hajmi 50 million dollarni tashkil etadi.
Mavzuga oid
16:44
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
17:21 / 06.11.2024