Jamiyat | 15:45 / 21.04.2023
34880
14 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekning “Temir erkagi”ga aylangan san’atkor – Murod Rajabovni xotirlab

“Ajoyib xayolparast” filmidagi qishloq bolalarining fransuz tili o‘qituvchisi, “To‘ylar muborak”dagi sartarosh, “Tangalik bolalar”da Parijga ketish orzusida bo‘lgan Orif aka, xalqimizning “Temir erkagi”ga aylangan Murod Rajabov endi oramizda yo‘q.

O‘zbekiston xalq artisti, taniqli aktyor, o‘zbek kino xazinasidan joy olgan bir qator filmlardagi rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan Murod Rajabov 8 aprel kuni uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 74 yoshida vafot etdi. “Sevimli” telekanalida marhum san’atkor xotirasiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv efirga uzatildi. Kun.uz ko‘rsatuvda O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabovning do‘stlari, hamkasblari, shogirdlari tilidan yangragan iqtiboslarni jamladi.

Isamat Ergashev, kinorejissyor, aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

Foto: MTRK

– Yosh gvardiyachilar teatri 1968 yilda ochilganda, Malik Qayumov hammamizni kinoga olgan. Shunda bir yigit kelib, men bilan so‘rashdi. Shu teatrda ishlamoqchiman, dedi. Shunaqa tarzda tanishganmiz birinchi. U paytda institutda o‘qir edi. Teatrda chiroq beruvchi edim, Murod menga yordamchi bo‘lib kelgan. Keyinchalik spektakllarda birga o‘ynadik, men kinoga o‘tib ketgach, u teatrda qoldi. So‘ng kinolardayam birga o‘ynadik.

Bir kuni «Isamat aka, bir asar bor, men bosh rolda o‘ynasam, sizga beraman» deb qoldi. Oldin o‘qiylik dedim, so‘ng «Temir xotin» pesasini olib kelib berdi. Men ham bosh rolda Murodni ko‘rdim. Rahbarlar boshqa odamni aytishdi, men hech kimni sinamayman boshqa, Murod Rajabov o‘ynaydi, deganman.

Murod bilan ishlash juda maroqli edi. Albatta, nimadirlar o‘ylab topardi va asarga qo‘shilardi shu. «Temir xotin»da ham Sharof Boshbekov, ssenariychi Mahmud To‘ychiyevlar bilan birga Chust tumanida olganmiz kinoni, qiynalmaganmiz.

“Kino “o‘lgan”, lekin aktyorlarni o‘qitishda davom etyapmiz” — Murod Rajabov bilan katta intervyu

Farhod Bobojon, telejurnalist:

Foto: MTRK

– Murod Rajabov bilan 17 yoshdan do‘st edik. Otasi temiryo‘lda ishlardi, uylariga tez-tez borib turardim. Juda samimiy oila edi. U bitta o‘g‘il bo‘lgani uchun erkaroq edi.

Murod maqtanchoqlikni juda yomon ko‘rardi. Birov zo‘r chiqibdi deb gapirsa, g‘ashi ham kelardi. Keyin, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashardi. S’yomka oldi kechasi bilan tayyorgarlik ko‘rardi. Bir kuni uyiga borsam, o‘g‘lim hech qayerda chiqmayapti deb yig‘lab qoldi. Murodga aytsam, yo‘q dedi. Ssenariyni ko‘rsatgach, yoqib qoldi. O‘sha ko‘rsatuv juda mashhur bo‘lib ketgan.

Zulfiqor Musoqov, kinorejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi:

— Bu insonlarsiz men kino qilolmasdim. Vafot etgan aktyorlarimiz ko‘payib ketdi. Rimma Ahmedova, To‘ychi Oripov, Rixsiboy Muhammadjonov, Anvar Ergashev, Hojiakbar Nurmatov, Fathulla Ma’sudov, To‘ti Yusupova, Po‘lat Saidqosimov, Husan Sharipov, endi esa Murod aka... Men uchun qiyin. Xuddi «Osmondagi bolalar»dagi rejissyor qahramondek vokzalda bir o‘zim qoldim, hamma ketdi.

Murod aka yumorni maromiga yetkazardi. «Temir xotin»dagi sigir sog‘ish sahnasini ko‘rib, kulib, yiqilib tushganman. Haqiqiy o‘zbekka, xalqchil obraz olib chiqib, yurakka yetkazadigan qobiliyatlari bor edi. Melis Abzalov ta’biri bilan aytganda, zira hidi bor edi Murod aka ijodida.

Murod aka improvizatsiyani yaxshi ko‘rardi. Aktyor va rejissyor obraz ustida ishlayotganda bir-biriga yordam berishi kerak. Mana shunday paytlar eng baxtli onlarim bo‘lgan Murod aka bilan. Juda berilib ishlardi obrazlar ustida. «Kichkina tabib» filmida nabirasi yiqilib tushgan joyidagi yig‘lagan sahnani bir dublda olganmiz. Men ham yig‘lab yuborganman. Keyin bir-birimizni quchoqlab yig‘laganmiz shu paytda.

«Kichkina tabib» ssenariysi yozilayotganda, Murod aka, siz uchun mana bu rol, deb aytib qo‘yganman. Sening xohlagan ssenariyingda o‘ynayman, degan. Xushchaqchaqlik bilan, juda ajoyib muhitda olganmiz kinoni.

G‘allaorolga tomoshabinlar bilan uchrashuvga borganmiz. Shunda «Zulfiqor, mening ham yoshim o‘tib qoldi. Meni bosh qahramon qilib ssenariy yoz» degandilar, boshlagandim ham ssenariyni...

Husan Musaboyev, prodyuser, aktyor va rejissyor:

Foto: MY5

— San’atni yaxshi ko‘radigan, ikir-chikirigacha e’tibor beradigan xarakter Murod Rajabovning otasida bo‘lgan. U kishi nay chalgan. Ota-onalarini ko‘rganman men.

Menga doim aytardi: «Traktorchi rolini o‘ynasang, o‘shaning ijobiy taraflarini ko‘proq och. Tashqi ko‘rinishga e’tibor ber. Traktorchilarning tirnog‘ining ichi, qo‘l qadoqlari qora moy bo‘lib turadi, shu narsalargayam e’tibor ber». Mana shunday narsalargayam e’tibor qaratardi. Murod akam tug‘ma aktyor edi.

Doim kitob ko‘tarib yurardi. Ko‘proq jahon adabiyotiga qiziqardi. Ayniqsa, Nozim Hikmat, Aziz Nesinni ko‘p o‘qirdi. Aziz Nesin asari bo‘yicha ssenariy ham yozgandi.

Mirzabek Xolmedov, aktyor va qiziqchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

Foto: YouTube / Mirzo teatri

— Yusufjon qiziq Shakarjonov haqida spektakl qo‘yilgan edi. O‘sha spektaklda ustozni o‘ynardi Murod Rajabov. Biz shu spektaklning dekaratsiyasini qurganmiz. Spektakl tugaganda rus millatiga mansub kishilar yig‘lab yuborardi. Nega yig‘layapsiz deb so‘raganimda, bunday ijroni ko‘rmaganman, deyishgan. Murod aka jiddiy rollarni juda maromiga yetkazib o‘ynardi.

Murod Rajabov g‘iybat qilmasdi. Biror davrada kimdir haqida gap ketib qolsa, qo‘yinglar bunaqa gaplarni, boshqa narsani gaplashamiz, derdi. Lekin, juda qattiq jahli chiqardi. Kayfiyati yaxshi bo‘lsa, jahlini chiqarib bo‘lmasdi. Hech kimga hasad qilmagan, haqiqiy shaxs edi. To‘g‘riso‘z edi.

Ergash qo‘rboshi rolini o‘ynagan edi. Juda maromiga yetkazib qo‘ygan. Lekin sovet tizimining kinosi bo‘lgani uchun, hozir to‘g‘ri kelmaydi. O‘sha kino s’yomkasidan keyin «Ajoyib xayolparast» filmida o‘ynagan, oldingi kino uchun sochini kal qilgani sababli parik kiyib o‘ynagan bu kinoda. Murod Rajabov barcha yo‘nalishdagi rollarni maromiga yetkazib o‘ynardi. Ulug‘ ustoz edi.

Dublyajda ishlamagan bo‘lsalar ham, juda chiroyli ovozlari bor edi. Raj Kapurning «Mening ismim Masxaraboz» kinosiga ovoz bergan edilar. Dublyajdan keyin kino qayta tug‘ilgandek bo‘lgan.

Murod akamdan ko‘p foydalansa bo‘lardi. Faqat komediyada emas, dramalarda, tragediyalarda foydalansa bo‘lardi. Nasib qilmadi... Mustaqillikdan keyin kino oyoqqa turmagan vaqtda ijtimoiy komediyalarda rol o‘ynadi, vaholanki, ulug‘ insonlar obrazini gavdalantirgan bo‘lardi.

San’atkor inson o‘z kasbining ustasi bo‘lsa, o‘sha insonning o‘rnini hech kim bosolmaydi. Yaxshiroq qilish, yaxshiroq yetkazish mumkin, lekin uningdek qilolmaydi. Murod akaning oddiy turishida rol bor edi.

Shohira Hamro, kinoshunos–jurnalist:

Foto: Facebook / Shohira Hamro

— Murod Rajabovning ijodiy hayoti ikkiga bo‘linadi. «Bosmachilar» haqidagi filmlar u davrda qolib ketdi, mustaqillikdan keyin esa Murod akaning yangi qirralari ochildi. «Temir xotin» filmi hayotiy achchiq haqiqatlarni ochib bergan film edi o‘sha davrda.

Murod Rajabovni teatr aktyori sifatida juda kam odam biladi. Lekin hozirgi O‘zbek Milliy drama teatrining eng yetakchi aktyorlaridan biri bo‘lgan. Mustaqillikning ilk yillarida teatr va kinoda inqiroz davri bo‘ldi, o‘sha paytlar tadbirkorlik ham qilganlar ma’lum muddat. Baribir peshonasiga aktyorlik bitilgan ekan, kinoga qaytdilar.

Tog‘ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» asarini Shuhrat Abbosovga Murod aka olib borgan shuni qo‘yaylik deb. Shunday asarlarni tushungan, qadrlagan inson sifatida juda ham ziyoli aktyor edi. Bugun bunday fikrlaydigan, kitob o‘qiydigan aktyorlar kam.

Hamma joyda fayz berib turardi Murod aka. «Oshga marhamat» ko‘rsatuvi orqali ham ko‘p hissa qo‘shdilar milliyligimizga. Muqimiy teatrga direktor bo‘lib borganda, intervyu olganman, shunda qo‘shiq ham kuylab bergandilar. Afsuski, saqlanib qolmagan u intervyular. Teatrda ham nimalardir qilishga harakat qildilar. Murod aka filmlarda qoldi, cheksiz muhabbat bilan tomoshabin ham qoldi.

Oxirgi yillarda Murod aka juda kam intervyu berardi. Oxirgi marta borganimda onangiz o‘tib qolgani uchunmi, deb so‘raganimda, ha, kinolargayam, intervyulargayam onam uchun borardim, deganlar. Bir marta Murod akadan mukofot va boshqa narsalarini so‘rashganda, yig‘maganman, degan ekan, lekin onalari men yig‘ganman deb olib chiqqan ekan katta arxivni.

Matyoquv Matjonov, aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

— 1976 yilda teatrga borganimda, birinchi ko‘rgan insonim Murod Rajabov bo‘lgan. Baxtiyor Ixtiyorov taklifi bilan ko‘plab yoshlar teatrga borgan edi. O‘shanda biz, yoshlar ko‘proq Murod akam bilan ko‘proq chiqishib ketdik. O‘ziga odamlarni tortuvchi energiyasi bor edi. Ba’zi aktyorlarga o‘xshab g‘ayirlik, yoshlarni chiqishtirmaslik qilmasdilar. Aktyorlik mahoratini, sirlarini yoshlardan berkitmasdi. Men va men tengi aktyorlarni teatr va kinoga olib chiqqan inson Murod Rajabov bo‘ladi.

Boshqalarga o‘xshamaydigan tarzda suhbatlashardi odamlar bilan. Nihoyatda jaydari, xalqchil so‘zlar bilan tushuntirib qo‘yardi biror nimani. Teatrda «Hamlet»ni qo‘ying deb iltimos qildi yosh aktyorlar. Shunda hammaga rollarni bo‘ldi, Ozrik roli tushgan aktyor juda kam so‘zi bor ekan, bir marta ko‘rinarkan deb noligandek bo‘ldi. Murod akam «Bilasanmi, Ozrik bu. Yer-suvi ko‘p, boy odam bo‘ladi» degandi, u aktyor ham sodda edi, shundan xursand bo‘lgan. Demoqchimanki, xalqchil, oddiy gaplashardi, bizgayam shuni o‘rgatganlar.

Murod akaning shunchaki o‘tib ketadigan roli yo‘q. Oddiy epizodik rol bo‘lsa ham juda muvaffaqiyatli chiqqan. «To‘ylar muborak» filmidagi kichkinagina roli ham xalqimizning ko‘proq esida qolgan boshqa rollarga nisbatan.

Sog‘liqlari bilan bog‘liq holatda ijoddan uzilib qoldilar. Ish, ijod deb ko‘p e’tibor bermasdilar o‘ziga. Kasbini, qilayotgan ishini nihoyatda sevadigan inson edi. Maza qilib ishlardi. O‘zbek kinosi Murod akaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmadi. Ko‘pchilik oxirgi komedik rollarini biladi, lekin Murod aka buyuk tragik aktyor edi. Shukur Burhonov darajasida edi. Teatrda ham, kinoda ham foydalana olishmadi.

Ma’lum vaqt kinoga umuman e’tibor bo‘lmadi. Keyinchalik shaxsiy filmlar chiqa boshladi, ular esa iqtisodni o‘ylaydi. Xalqimiz komediyani yaxshi ko‘radi, shuning uchun shu rollarda o‘ynashga majbur bo‘ladi aktyor. Tirikchilik qilish kerak. Bir kuni Murod akamga kattaroq narsalarda o‘ynashingiz kerak, kichik narsalarda nima qilyapsiz, desam, mening boshqa tirikchiligim yo‘q, nima qilay, qani o‘sha katta asarlar, dedi. Endi sekin-sekin chiqyapti katta asarlar. Lekin shunday aktyor ketdi...

Oxirgi marta kasalxonada reanimatsiyada ko‘rgandim. Mashhur ijodkorlar to‘g‘risida turkum hujjatli filmlar olayotgandik. Murod akam haqida ham olamiz deb, suratga olish kunini belgilamoqchi edik, kerakmas dedilar. Ko‘ndirdim. Sovuq bo‘lgani uchun tabiat yashillashsin, keyin olamiz dedi, ammo mana armon bo‘lib qoldi, ololmadik. Kasalxonaga tushib qolgach, meni olib ketinglar bu yerdan, dedilar. Toki tirik ekanmiz, hech qachon xotiramizdan Murod Rajabov o‘chmaydi.

Mavzuga oid