Jahon | 09:49 / 28.04.2023
14698
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainani minalardan tozalashga 757 yil talab etilishi mumkin

Globsec markazi hisobotiga ko‘ra, Ukraina hududining qariyb 30 foizi minalashtirilgan bo‘lishi mumkin, chunki shiddatli harbiy harakatlar kuzatilgan. Unga ko‘ra, Ukraina dunyodagi eng yirik minalashtirilgan hudud hisoblanadi.

Foto: press.lv

Ukraina hududining qariyb 30 foizi - 174 ming kvadrat kilometr maydon - minalashtirilgan bo‘lishi mumkin, chunki kuchli jangovar harakatlar kuzatilgan. Globsec tahlil markazining 26 aprel, chorshanba kuni chop etilgan hisobotiga ko‘ra, bu hududlar Rossiya kuchlari tomonidan qoldirilgan portlovchi moddalardan tozalanishi kerak.

Uning ekspertlari fikricha, Ukraina Afg‘oniston va Suriyani ortda qoldirib, dunyodagi eng katta minalashtirilgan hududga aylandi. Ayni paytda, Ukrainaning ko‘plab minalashtirilgan hududlarini o‘rganish va hatto ularga kirish qiyinligicha qolmoqda, Ukraina hududining taxminan 18 foizi ishg‘ol ostida.

Tahlilchilarga ko‘ra, eng ko‘p minalashtirilgan hududlar Ukraina qo‘shinlari tomonidan qaytarib olingan Xarkiv va Xerson viloyatlaridir, chunki "rus qo‘shinlari u yerda uzoqroq vaqt davomida bo‘lgan". Shu bilan birga, minalardan tozalash muammosining xarakteri 2022 yil fevral oyida Rossiya to‘liq miqyosli harbiy harakatlari boshlanishidan oldingi vaziyatdan farq qiladi, deb yozadi hisobot mualliflari hamda og‘irroq va uzoqroq harbiy harakatlarga, potensial ifloslanish maydonining 10 baravar ko‘payishiga, shuningdek, hozirda ishlatilayotgan o‘q-dorilarning ancha keng doirasiga ishora qiladi

Ularga ko‘ra, Rossiya kuchlari hayvonlar, jasadlarga qurbonlar tomonidan faollashtiriladigan minalar o‘rnatyapti, yo‘llar, dalalar va o‘rmonlarda qo‘shaloq hamda uchtalik mini-tuzoqlarni qoldiryapti. Qolaversa, ular qishloq xo‘jaligiga oid maydonlar va yerlarni ataylab minalashtirib, foydalanishga yaroqsiz holga keltiryapti.

Globsec ta’kidlashicha, Ukrainada 500 ga yaqin turli minalardan tozalash guruhlari ishlamoqda, ularga 5000 ga yaqin harbiy muhandis va sapyorlar jalb etilgan. 4700 kvadrat kilometr maydonni tozalash uchun ularga taxminan 20 yil kerak bo‘ladi. Agar 174 ming kvadrat kilometr maydonni o‘q-dorilardan tozalash kerakligi hisobga olinsa, unda hozir ishlayotgan mutaxassislarga buning uchun 757 yil kerak bo‘ladi, deb hisoblaydi mutaxassislar.

Mavzuga oid