Jahon | 21:07 / 01.05.2023
23647
15 daqiqa o‘qiladi

Putinning qo‘l boshqaruvi: u nimasi bilan xavfli?

Bir yil avval The Guardian gazetasi Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga asoslanib, RF qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni Vladimir Putin o‘z qo‘shinlarining harakati bo‘yicha shaxsan o‘zi qaror qabul qilishini yozib chiqqan edi. 

Meduza nashrining RF prezidenti administratsiyasiga yaqin manbalari ham vaziyatni qisqa ibora bilan sharhlashgan: «Prezident hozir urush bilan band». Ularning so‘zlariga ko‘ra, Putinni iqtisodiyot va ichki siyosat aslo qiziqtirmaydi. Uning bor-diqqat e’tibori Donbassga mixlangan, Rossiyadagi vaziyat esa Putin ularni «ishonchli» deb sanaydigan «menejyerlar» (eng avvalo hukumat) ixtiyoriga topshirilgan.

Demak, Putin avval u Rossiyaga qanday «qo‘l boshqaruvi» rejimida rahbarlik qilgan bo‘lsa, urushni ham shunday boshqarmoqda.

Jurnalist Andrey Persov Rossiya siyosiy tizimining asosiy elementlaridan biri «qo‘l boshqaruvi» qanday tuzilganini tahlil qilib chiqdi.

Nega Kreml Rossiyani «qo‘lda» boshqaradi?

Rossiya siyosiy tizimiga nisbatan qo‘llanadigan «qo‘l boshqaruvi» tushunchasi 2007 yilda — jahon moliyaviy inqirozi fonida shiddat bilan tarqala boshladi. O‘sha yili oktyabr oyida Putin shunday degan edi:

«Tizimli inqirozni tark eta turib biz juda ko‘p narsani qo‘l rejimi deb ataluvchi yondashuv bilan hal qilishga majburmiz. Bizning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy bazalarimiz o‘sib, barqarorlashganidan so‘ng qo‘l boshqaruvidan voz kechsak bo‘ladi».

2008 yilda boshlab Rossiya matbuoti bu so‘z birikmasidan faol foydalana boshladi.

«Qo‘l boshqaruvi» — bu normal vaziyatda davlat apparati qonunlar va mansab yo‘riqnomalari asosida avtomatik tarzda yechishi lozim bo‘lgan ishlarga mamlakat oliy rahbariyati aralashuvidir. Putin qo‘l boshqaruvi haqida gapirganda, bu ojizlik, lapashanglikka iqror bo‘lish sifatida tushunilgan. Shuningdek, bu iqror davlat apparatining yaroqsiz ekani: uni doim turtib, yo‘naltirib turish kerakligini ham anglatgan.

Bundan tashqari, Putin «qo‘l boshqaruvi»ni kasbiga ko‘ra nazariy jihatdan umuman aralashmasligi kerak bo‘gan sohalariga ham joriy etgan. 2009 yil iyunida Putin (o‘shanda u bosh vazir lavozimida edi) Leningrad oblastining Pikalevo shahriga kelgan: u yerda bir necha zavod to‘xtab qolgan, qarz tufayli ayrim turar joy binolari issiq suv ta’minotidan uzilgan, odamlar ko‘chalarni to‘sib namoyish o‘tkaza boshlashgan edi.

Televideniye s’yomka qilgan majlisda bosh vazir o‘rinbosari, vazir, gubernator, Rossiya temiryo‘llari va VTB banki rahbarlari, shuningdek, mahalliy korxonalar egalarini to‘plab, Putin zavodlarning ishga tushirilishini ta’minlovchi «bitim» imzolashni talab qilgan. Zavod xodimlarining kartochkalariga o‘sha kuniyoq maoshlari tushirib berilgan.

Aslida bu ishlarni bajartirish uchun Putinda hech qanday vakolat yo‘q edi, lekin u tadbirkor va formal jihatdan davlatga bog‘liqlik joyi bo‘lmagan Oleg Deripaska bilan qo‘l ostidagi xodimdek muomala qilgan. 

So‘nggi yillarda Putin shaxsan chiqindi poligonlarini yopgan, Yoshkar-Ola — Peterburg poyezdini ishga tushirgan, «Sirius» ta’lim markazi uchun nom o‘ylab topgan. Uning ko‘p soatlik to‘g‘ridan to‘g‘ri liniyalari esa alal-oqibatda kichik «Pikalevo»larga aylanib ketdi.

2019 yilda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni shunday tushuntirgan:

«Prezident shaxsan o‘zi fuqarolar bilan bog‘liq o‘tkir masalalar bilan shug‘ullanmoqda, chunki prezident uchun eng asosiy narsa fuqarolarga bo‘lgan munosabat va ularning og‘rig‘ini u o‘z og‘rig‘idek qabul qiladi. Ushbu holatda Prezidentning «qo‘l boshqaruvi»dan foydalanishdan boshqa chorasi yo‘q».

Ya’ni «qo‘l boshqaruvi»ni kremlchasiga tushuntirish quyidagicha ko‘rinishga ega: qonunlar yomon yozilgan, byurokratiya epchil ishlashni bilmaydi — shuning uchun faqat prezident qonundan va byurokratik tizim mantig‘idan yuqori turib, adolatli qarorlar qabul qila oladi.

«Qo‘l boshqaruvi»dan biror foyda bormi?

Kreml uchun, shubhasiz, foyda bor. «Qo‘l boshqaruvi» piar vositasi sifatida favqulodda samarali. U mamlakat usiz normal boshqarilmaydigan supersamarali prezident obrazini yaratadi. Bu tashkiliy tuzilma falsafasini bir paytlar RF prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari (hozirda Davlat dumasi spikeri) Vyacheslav Volodin hammadan ham yaxiroq ta’riflagan: «Putin bo‘lmasa — Rossiya bo‘lmaydi». 

Hattoki Putinning o‘zi kamida bir marta «qo‘l boshqaruvi»dan murod aynan piar ekanini og‘zidan «gullab» qo‘ygan. Bu 2012 yilda, uning mashhur turnalar bilan parvozi chog‘ida ro‘y bergan. «Vokrug sveta» jurnali bu voqeani yoritishdan bosh tortgan va nashr bosh muharriri Masha Gessen o‘z lavozimidan ayrilgan. Tez orada Putin uni uchrashuvga taklif qilib, bu parvoz va uning ishtirokidagi shunga o‘xshash aksiyalarning barchasi sahnalashtirilishini tan olgan. Ulardan maqsad «muammoga e’tibor qaratish» ekanini aytgan (turnalar bilan bog‘liq holatda qushlarning populyatsiyasi va umuman hayvonot olamini avaylash bosh maqsad bo‘lgan).

Biroq oradan besh yil o‘tib o‘zining katta matbuot anjumanida Putin «qo‘l boshqaruvi haqidagi mif juda bo‘rttirib yuborilgani»ni ta’kidlagan:

«Siz hukumat orqali naqadar ulkan ishlar massivi o‘tishini xayolingizga ham sig‘dira olmaysiz. Bu boshqaruv tizimidagi eng og‘ir va eng murakkab ish. Har bir masalaga aralashish — chuqurlashish-ku, mutlaqo imkonsiz, aralashishning o‘zi ham qiyin».

Putin o‘shanda bu «og‘ir va murakkab ishga» istalgan paytda ixtiyoriy tarzda aralashishi mumkinligini yashirgan, lekin ongli ravishda ularning orasidan eng yoqimlisi — millionlab teletomoshabinlar ko‘z o‘ngida muayyan masalani hal qilish mumkin bo‘lganini tanlab olishini mohiyatan tan olgan. O‘zining jurnalistlar bilan uchrashuvlari va fuqarolar bilan jonli liniyalarini u «odamlar davlatning birinchi raqamli shaxslariga arz qilishi mumkin bo‘lgan» teskari aloqa deb atagan:

«Ha, bu holat qo‘l boshqaruvi ishga tushganda paydo bo‘ladi, lekin bunday boshqaruv keyinchalik bu ishlarni tizimlashtirish uchun qilinadi», — degan Putin. 

O‘z-o‘zidan tushunarliki, «tizimlashtirish» uchun endi u javobgar bo‘lmaydi.

Putin shunday qilib sovetcha namunadagi yaxshi rahbar obrazini yaratib oldi. Bunday rahbar birinchi galda o‘ziga ishonib topshirilgan sohani ikir-chikirigacha biladi, ikkinchi navbatda tashkilotchilik, muvofiqlashtirish va vakillik bilan shug‘ullanadi. Ideal sovet zavod direktori (yoki og‘ir mashinasozlik vaziri) behafsala ishchiga qanday ishlash kerakligini ko‘rsatib qo‘yish uchun o‘zi stanokda ishlay olishi mumkin edi. Bu, albatta, ishchida ham, siyosiy byuroda ham chuqur taassurot qoldirgan. Biroq, ishchi va menejyerning vazifalari butkul farqli, shu sababli bunday yondashuv sovet iqtisodiyotini tanazzuldan asray olmadi.

Putinning oddiy odamlarga yordam berayotganining nimasi yomon?

Bosh muammo shundaki, Putin o‘sha «qo‘l boshqaruvi» rejimida nafaqat «oddiy odamlar»ning iltimosini, aytaylik, «Rosneft» rahbari Igor Sechinning ham iltimoslarini bajarmoqda. 

2019 yilda Putin Sechinning taklifiga ko‘ra, Rossiya OPeK bilan birga neft qazib olishni kamaytirmasligi haqida qaror chiqardi. Bosh maqsad raqobatchilardan bozorlarni tortib olish edi. Natijada, Rossiya neft narxi tushib ketishiga duchor bo‘ldi (holbuki OPeK aynan shuning oldini olish uchun qazib olishni kamaytirishga harakat qilgan edi), boz ustiga, yangi bozorlarga ham ega bo‘lmadi.

Bu voqea Kreml o‘zi ta’riflagan «qo‘l boshqaruvi» misoliga ko‘p ham o‘xshamaydi, lekin aslida prinsip o‘sha-o‘sha. Bir tomonnda ma’lum bir qoidalar bo‘yicha ishlab turgan tizim bor va u talablarga ko‘ra qaror chiqarishi kerak (xususan, neft qazib olish va OPeK bilan munosabatlar hukumatning vakolatiga kiradi). Ikkinchi tomonda esa barcha formal qoidalarga qo‘lini ko‘ndalang qo‘ygan Putin bor: u mavjud tizimning ishiga istagan vaqtida, istagan joyida va istagan vajga ko‘ra aralashadi.

Rossiyadagi «qo‘l boshqaruvi» haqida Kreml emas, ekspertlar so‘z ochishganda, ular aynan mana shu jihatlarni nazarda tutgan bo‘ladi, jonli liniyalardagi gap-so‘zlarni emas. Putin Rossiya iqtisodiyoti va siyosatidagi har qanday jarayonga shaxsan aralashish huquqiga ega. 

Mana yana bitta misol. Ma’lumki, Rossiyaning ko‘plab hududlari federal budjetdan dotatsiya ajratilishiga juda muhtoj. Bunday dotatsiyalar qaysi mezonga ko‘ra ajratilishi esa shaffof emas. Nazariy jihatdan, bu masalada quyidagi formula o‘rinli bo‘lardi: ma’lum bir iqtisodiy ko‘rsatkichlar (hududiy budjet taqchilligi, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot va sh.k.) asosida ma’lum bir dotatsiya ajratilishi kerak. Aslida esa, iqtisodchi Natalya Zubarevich 2013 yildayoq yozgani (vaziyat hanuz o‘zganmagan) kabi, «kimni yaxshi ko‘rsam — o‘shanga beraman» formulasi amalda. Ya’ni «ma’muriy savdo» qatnashuvchilari uchun Putin bilan shaxsiy munosabatlar obektiv ko‘rsatkichlar kabi muhim ahamiyatga ega. 

Davlat pudratlarini bo‘lish bilan bog‘liq holat ham shunga o‘xshash. «Qo‘l boshqaruvi» tizimini amerikalik iqtisodchi Robert Klitgard formulasi juda yaxshi ta’riflaydi: «monopoliya plyus o‘zboshimchalik minus mas’uliyat». Bu esa korrupsiyaning klassik formulasidir.

Biroq hattoki piar maqsadlaridagi (iqtisodiyotni nari qo‘ya turaylik) qo‘l boshqaruvi amalda hamma vaqt ham samarali bo‘lavermaydi. 2017 yil iyunida Apatit shahridan onkologik kasalikka chalingan qiz Darya Starikova o‘z shahridagi kasalxonani tezroq qurib ishga tushirishni Putindan so‘raydi. Putin «bu ustida ishlashi»ni va’da qiladi. Oradan bir yil o‘tgach Darya o‘ladi, qurilishi oxiriga yetkazilmagan yangi kasalxona esa buzib tashlanadi. Evaziga eskisi ta’mirlanadi.

2012 yilda o‘sha paytdagi prezident Dmitriy Medvedev «qo‘l boshqaruvi»ni bas qilish kerakligi haqida gapirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin boshqaruvining dastlabki sakkiz yilida partiyalarning yiriklashuvi, gubernatorlik saylovlari bekor qilinishi, «ayirmachilik tendensiyalarining chopilishi», umuman olganda «tizimning barqarorlashuvi»ga va bularning barchasiga «qo‘l boshqaruvi» orqali erishilgani, endi tizimli qarorlar davri kelganini aytgan edi.

Biroq Putin yana mamlakat ruliga qaytgach, «qo‘l boshqaruvi» hech qayerga yo‘qolmagani, qaytaga yanada kuchaygani ma’lum bo‘ldi.

Avtomatik tizimga azaldan ishonch yo‘q

1960 yilda insonning koinotga ilk parvozi chog‘ida Korolyov va uning maslakdoshlari bu parvoz to‘liq avtomatik rejimda o‘tishiga intilishgan: raketa o‘zi parvoz qiladi, kema orbitaga o‘zi joylashadi, o‘zi Yer atrofini aylanib uchadi, o‘zi tormoz dvigatelini ishga tushiradi, ma’lum bir balandlik o‘zi kosmonavtni katapultada itqitadi. Kosmonavt yerga qo‘nish chog‘idagi parashyut ham hatto avtomatik ochilishi kerak bo‘lgan. 

Gap shundaki, o‘sha paytda inson ongi va organizmiga kosmos qanday ta’sir o‘tkazishini hech kim bilmagan. Shu sababli kosmik kemaga qo‘l boshqaruvi baribir o‘rnatilgan, lekin uni avvaldan bloklab qo‘yishgan. Korolyovning o‘rinbosari Boris Chertok o‘z memuarlarida shunday hikoya qiladi:

«Faqat 125 kodini terib, ta’minotni qo‘l boshqaruviga o‘tkazish mumkin edi. Ilk parvozda bu kod kosmonavtga konvert ichiga solib berilgan. Agar u konvert ichidan qog‘ozni chiqarib olib, o‘qiy olsa va kodni tersa, demak uning aqli joyida bo‘ladi va unga qo‘l boshqaruvini ishonib topshirish mumkin, deb hisoblangan». 

Gagarin parvozni muvaffaqiyatli yakunlab kelganidan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, bu kodni parvoz oldidan sekingina uning qulog‘iga shipshib qo‘yishgan ekan. Yaxshiyamki, undan foydalanishga ehtiyoj bo‘lmagan.

Mavzuga oid