Jahon | 09:55 / 08.05.2023
8171
2 daqiqa o‘qiladi

"Dose": Rossiya "ukrainaliklar" nomidan YeIda aksiyalar uyushtirgan

Parijda Moskva tomonidan uyushtirilgan “ukrainaliklar”ning “antiturk” harakatlari Fransiya, Turkiya va Ukrainani nizoga olib kelishi kerak edi, deb yozadi Yevropa OAV va "Dose" markazi.

Foto: AP

Rossiya hukumati Yevropa Ittifoqida NATO bo‘yicha hamkorlar, xususan, Fransiya va Turkiya o‘rtasida nizo chiqarish, shuningdek, bu mamlakatlardagi ukrainaliklarga dushmanlik qilish maqsadida dezinformatsiya kampaniyalari uyushtirgan. Bu haqda 7 may, yakshanba kuni muxolifatchi Mixail Xodorkovskiy tomonidan moliyalashtiriladigan "Dose" markazi va Yevropaning bir qancha nashrlari, jumladan Süddeutsche Zeitung (Germaniya), Le Monde (Fransiya) va boshqalar xabar berdi. Dezinformatsiya kampaniyalari Rossiya huquq-tartibot idoralarining "Dose" markazi tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlarida tasvirlangan.

Xususan, bu hujjatlarda Parijda ukrainaliklarni tasvirlagan odamlar tomonidan uyushtirilgan miting haqida ma’lumotlar bor. Ukraina bayroqlari fonida yuzlari yashiringan noma’lum odamlar natsistlar salomi kabi qo‘llarini ko‘targan, ularning yonida ingliz tilida Turkiya prezidentiga murojaat yozilgan plakat bo‘lgan: "Erdo‘g‘an, zilzila rossiyalik sayyohlar uchun qasosdir. Alaniya keyingisi bo‘ladi!" Boshqa suratlarda niqoblilar tomonidan yoqib yuborilgan Turkiya bayrog‘i va Stop Erdogan, Alanya Next shiorlari aks etgan.

Jurnalistlar tomonidan o‘rganilgan hujjatlarda Turkiya, Fransiya va Ukraina o‘rtasida nizo chiqarish, shuningdek, Shimoliy Atlantika alyansining Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini zaiflashtirishi mumkin bo‘lgan ushbu va shunga o‘xshash harakatlar ssenariylari mavjud. "Dose" markazi va Yevropa ommaviy axborot vositalari Rossiya tomonidan uyushtirilgan ushbu harakatlardan kamida bittasi haqiqatan ham mart oyida Parijda bo‘lib o‘tganini, ammo ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmaganini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, Rossiya huquq-tartibot idoralari buni muvaffaqiyat deb baholagan, deya ta’kidladi jurnalistlar. Ular tomonidan o‘rganilgan hujjatlarda “ukrainaliklar”ning “antiturk” harakatlari uchun boshqa bir qator ehtimoliy joylar berilgan: Haaga, Frankfurt-Mayn, Bryussel.

Mavzuga oid