Belgorod oblastiga hujum. Ikkinchi kundagi asosiy ma’lumotlar
RF mudofaa vazirligi oblast hududiga bostirib kirganlar yo‘q qilingani va qolgani siqib chiqarilganini e’lon qildi, ammo diversantlar hamon Belgorod oblasti hududida harakatlanishda davom etayotganini bildirgan.
Rossiyaning Belgorod oblastiga hujum 22 may kuni tongda chegaradagi Grayvoron rayoni va shu nomdagi nazorat-o‘tkazish punkti yoppasiga o‘qqa tutilishi bilan boshlandi. Belgorod oblastiga diversiyada kamida 10 ta zirhli texnika ishtirok etgan. RF mudofaa vazirligi bayonotlariga zid o‘laroq, katta ehtimol bilan, diversantlar hali mamlakatdan to‘liq siqib chiqarilmagan. Tinch aholi va harbiylar orasida qurbonlar bor.
Rossiya mudofaa vazirligi Belgorod oblastiga hujumning ikkinchi kuniga kelib 22 may kuni oblastga «bostirib kirgan» «ukrain millatchi tuzilmalari tor-mor etilgani» to‘g‘risida xabar berdi.
Bir kun oldin region rasmiylari Grayvoron shahar okrugi hududiga «Ukraina qurolli kuchlari diversiya-razvedka guruhi» kirgani haqida xabar bergandi. Glotovo, Kozinka va Gora-Podol aholi yashash manzillarida janglar ketayotgani aytilgandi. Bu aksiya uchun javobgarlikni «Rossiyaga ozodlik» regioni va «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» o‘z zimmasiga olgandi — bu tuzilmalar bir yildan oshiq vaqtdan buyon Ukraina tomonida turib jang qilmoqda.
RF mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov 23 may kungi brifingda ma’lum qilishicha, bostirib kirgan bo‘linmalar aviatsiya, artilleriya va G‘arbiy harbiy okrugning davlat chegarasini qo‘riqlash otryadlari yordamida «bloklangan va tor-mor etilgan». «Millatchilarning qoldiqlari Ukraina hududiga siqib chiqarildi, u yerda ularni to‘liq yo‘q qilish uchun zarbalar berildi», — degan Konashenkov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 70 nafardan ortiq «ukrain terrorchilari» o‘ldirilgan, shuningdek to‘rtta zirhlangan mashinalar va beshta pikap yo‘q qilingan. Mudofaa vazirligi vakili «Artemovsk shahrida mag‘lubiyatga uchragan» Ukraina hukumati Belgorod oblastiga bostirib kirishga qaror qilganini qo‘shimcha qilgan.
Vazirlik diversantlar pozitsiyalariga berilgan zarbalar aks etgan videoni namoyish etgan, ammo bu video orqali nishonlar qay darajada yo‘q qilinganini baholab bo‘lmaydi.
Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov hujumlar oqibatida tinch aholi vakillaridan 12 kishi yaralanganini ma’lum qilgan. Yana bir 80 yoshli ayol «evakuatsiya tadbirlari chog‘ida» avtobusda jon bergan. 22 may kuni oblast rahbari butun region bo‘ylab aksilterror operatsiyasi rejimi e’lon qilgandi.
23 may kuni Gladkov «hududni diversiya-razvedka guruhi kirishi oqibatlaridan tozalash ishlari davom ettirilayotgani»ni aytdi va evakuatsiya bo‘lgan aholini hozircha qaytmaslikka chaqirdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bir kun ichida to‘qqizta aholi yashash manzili evakuatsiya qilingan: bular Grayvoron, Novostroyevka, Gorkovskiy, Bezimeno, Mokraya Orlovka, Glotovo, Gora-Podol, Zamoste, Spodaryushino.
Gubernator 23 may kuni Grayvoron shahar okrugi atrofidagi qishloqlar «ko‘p sonli minomyot va artilleriya zarbalari ostida qolgani» haqida ham aytgan.
«Turar joylar va tinch aholiga baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari bilan zarba berilgan, kvadrokopterlardan portlovchi qurilmalar tashlangan. Natijada tinch aholi vakillaridan 12 kishi yaralangan, 29 ta xususiy uyda va uchta mashinada shikastlanishlar qayd etilgan. Hozirda 14 ta aholi yashash punktida svet yo‘q, operativ vaziyat imkon berganida, uni tiklash ishlariga kirishamiz», — deya yozgan oblast rahbari telegram-kanalida. Shuningdek, Belgorod va Borisovskiy rayonlari, Valuyki va Shebekino shahar okruglarini o‘qqa tutish davom etayotganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Gladkov oblastning Borisovskiy rayoniga yangi «diversiya-razvedka guruhlari» bostirib kirgani to‘g‘risidagi ma’lumotni rad etgan. «Ayrim telegram-kanallar odamlar orasida vahima uyg‘otishga harakat qilmoqda. Hech qanday kirish bo‘lmagan. FXX, FVV va mudofaa vazirligi bu ma’lumotni tasdiqlamadi», — deya yozgan u.
Keyinroq Gladkov Kozinka qishlog‘ida ham bir kishi diversantlar hujumi vaqtida halok bo‘lganini ma’lum qildi.
«Afsus, baribir, bizda yo‘qotish bor. Kozinka qishlog‘ida tinch aholi vakili Ukraina qurolli kuchlari qo‘lidan halok bo‘ldi. Menga ma’lum bo‘lishicha, uning rafiqasi jarohat olgan holda shifoxonaga yotqizilgan, unga barcha zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Yaqin vaqtlar ichida uni ziyorat qilishga harakat qilaman», — deya yozgan Belgorod oblasti rahbari.
«Kommersant» nashri esa IIVdagi manbasiga tayangan holda Belgorod oblastiga hujum vaqtida Belgorod-22 harbiy shaharchasidagi harbiy qism o‘qqa tutilgani va bu yerda ikki harbiy xizmatchi halok bo‘lib, yana to‘rt nafari yaralangani to‘g‘risida xabar berdi.
Tergov qo‘mitasi Belgorod oblastiga uyushtirilgan hujum yuzasidan JKning olti moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan: terrorchilik harakati, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hayotiga suiqasd qilish, odam o‘ldirishga urinish, mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash, qurollar va portlovchi moddalarning noqonuniy aylanmasi.
23 may kuni kun oxiriga kelib Belgorod oblastida aksilterror operatsiyasi rejimi bekor qilingani ma’lum qilindi.
«Novaya gazeta Yevropa» RF qurolli kuchlaridagi manbasiga tayanib yozishicha, «Ukraina QK diversiya-razvedka guruhlari bosqini»dan keyin Belgorod oblastiga motoo‘qchilar kuchlari (3200 nafar atrofida jangchi va 20 ta texnika) va armiya maxsus topshiriqli bo‘linmalari (mingga yaqin kishi va 40 ta texnika) olib kelingan. Shuningdek, regionga FXX maxsus topshiriqlar markazining «Alfa» va «Vympel» guruhlari xodimlari jo‘natilgan.
RBK nashri IIVning hududiy boshqarmasi va politsiya hududiy bo‘limidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Belgorod oblastiga bostirib kirishda «Ukraina qurolli kuchlarining 10 ta zirhli texnikasi va soni aniqlanmagan miqdordagi piyoda askarlari qatnashgan». Agentlik suhbatdoshlari voqealar xronologiyasini keltirishgan.
RBK manbalariga ko‘ra, hujum Moskva vaqti bilan 22 may kuni soat 6:00 da boshlangan.
- Soat 6:00 dan soat 11:00 ga qadar Grayvoron shahri uzluksiz o‘qqa tutilgan.
- 11:30 da Ukraina qurolli kuchlari tanklari chegaradagi «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punktini o‘qqa tutgan, keyin tanklar bo‘linmasi Ukrainaga qaytib ketgan.
- 11:40 da Ukraina tomondan baravar o‘t ochish reaktiv tizimi chegaradan taxminan 10 kilometr masofada joylashgan harbiy qismni o‘qqa tutgan.
- 12:00 da Kozinka qishlog‘ini o‘qqa tutish boshlangan, bu yerga 120 millimetr kalibrli 60 ta mina va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan yana shuncha raketa uchirilgan. Keyin bu yerga o‘nta zirhli texnika va piyodalar kirib kelgan.
- 13:30 da oblast operativ shtabi yig‘ilishi o‘tkazilib, unda «Edelveys» rejasi harakatga keltirilgan. Bu vaqtda mudofaa vazirligi va Rosgvardiya bo‘linmalari Kozinka va Glotovo qishloqlariga kelish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan.
- 16:30 da Ukraina tomonidan yo‘llangan zarbalar oqibatida Grayvoron shahar ma’muriyati binosi vayron bo‘lgan. Ikki kishi jarohatlangan, ulardan biri — ma’muriyat rahbari o‘rinbosari.
- 19:15 da hujum qiluvchilar Glotovo qishlog‘idan Kozinka hududiga siqib chiqarilgan.
«Rossiyaga ozodlik» legioni 23 may kuni kunduzi «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» bilan birgalikda «Belgorod oblastini ozod etishda davom etayotgani»ni e’lon qilgan.
«RF armiyasi qo‘liga qurol olgan va Rossiyaning erkin kelajagi uchun Moskva rejimiga qarshi ochiqdan ochiq qarshi chiqishdan qo‘rqmagan vatanparvar ko‘ngillilar guruhiga qarshi tura olmadi. RF fuqarolari xavfsizlikda va RF kuchli ekani haqidagi mif yana bir bor yo‘qqa chiqarildi, aslida — hukumat yillar mobaynida shunchaki budjetni talon-toroj qildi va barchasi yaxshiligini aytib aldab keldi. RFda harbiy inqirozlarga reaksiya qilish uchun zaxiralar yo‘q — barcha harbiy xizmatchilar halok bo‘lgan, yaralangan yoki Ukrainada. RF mutlaqo himoyalanmagan. Belgorod oblastida vahima, qisman tashkillashtirilgan evakuatsiya bor, ammo ko‘pchilik o‘zi qochmoqda», — deyilgan harbiy tuzilma telegram-kanalida.
Rossiya kuchishlatar tuzilmalarga aloqador bo‘lgan Mash telegram-kanali ham «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punktiga o‘rnashib olgan ukrain otryadlari hamon o‘z pozitsiyalarida qolayotganini yozgan.
«Rossiya ko‘ngillilar korpusi» rahbari Denis Nikitin Financial Times nashrining Kiyevdagi korrespondenti Kristofer Miller bilan suhbatda Belgoroddagi amaliyot davom etayotganini aytgan va yo‘qotishlar haqidagi xabarni rad etgan.
Muxbirning aytishicha, u «yaxshi kayfiyatda bo‘lgan va so‘zlaridan [Rossiya mudofaa vazirligi aytganidek] jangchilaridan 70 nafarini yo‘qotganga o‘xshab ko‘rinmagan». Shuningdek, Nikitin operatsiya davom etayotganini ta’kidlagan.
Keyinroq Miller BBC uchun bergan intervyusida RF mudofaa vazirligi tomonidan tarqatilgan video vaziyatni buzib ko‘rsatishini aytgan.
«Ular jangchilaridan birortasini yo‘qotmaganini da’vo qilmoqda. Ayni vaqtda bu ma’lumotni ham tekshirishning imkoni yo‘q. Ammo, men ular bilan [«Rossiya ko‘ngillilar korpusi» vakillari] telefon orqali gaplashganim ularning kamida bir qismi omon qolganini ko‘rsatadi», deya qo‘shimcha qilgan jurnalist.
Qolaversa, diversantlar 23 may kunining ikkinchi qismida, RF mudofaa vazirligi bayonotidan ancha vaqt o‘tganidan keyin ham Belgorod oblasti hududida harakatlanayotgani aks etgan videolarni namoyish etishdi. «Vatanning kichik, ammo endi o‘zimizniki bo‘lgan qismidagi vaziyat hamon tashvishli», deyiladi videolardan birida.
Ukraina hukumatidagilar 22 may kuni «Rossiyaning Belgorod oblastidagi voqealarni qiziqish bilan kuzatib borayotgani, ammo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador emasligi»ni bildirgandi. 23 may kuni Ukraina tomonidan bu masalada rasmiy izohlar berilmadi.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov matbuot uchun brifingda Belgorod oblastidagi voqealar «chuqur tashvish» uyg‘otishini aytdi. «Bu yana bir bor ukrainalik jangarilar mamlakatimizga qarshi o‘z faoliyatini davom ettirayotganini tasdiqlaydi. Bu bizdan katta sa’y-harakatlar ko‘rsatilishini talab etadi. Bu sa’y-harakatlar davom ettirilmoqda, kelgusida bunday bostirib kirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun maxsus harbiy amaliyot ham davom etmoqda», — degan Kreml rasmiysi.
Mavzuga oid
09:00
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024