Jahon | 19:06 / 24.05.2023
7291
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston yo‘talga qarshi siroplarni majburiy tekshiruvdan o‘tkazishni joriy qildi

Avvalroq, bunday siroplardan Gambiya, O‘zbekiston va Indoneziyada o‘nlab bolalar o‘limi yuz bergan edi.

Foto: AP

Hindiston davlat laboratoriyalari eksport qilinadigan yo‘talga qarshi siroplarni majburiy tekshiruvdan o‘tkazadi. Oldinroq bunday siroplardan Gambiya, O‘zbekiston va Indoneziyada o‘nlab bolalar o‘limi yuz bergan edi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

«1 iyundan boshlab, yo‘talga qarshi har qanday sirop eksport qilinishidan oldin davlat laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tkazilib, zararli moddalardan xoli ekani to‘g‘risida sertifikat olishi talab etiladi», deb yozdi nashr Hindiston hukumati xabariga tayanib.

Xabarda sinov o‘tkaziladigan 7 ta davlat laboratoriyasi, shuningdek, milliy akkreditatsiya organi tomonidan sertifikatlangan boshqa davlat laboratoriyalari sanab o‘tilgan.

Hindistonning 41 milliard dollarlik farmatsevtika sanoati dunyodagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Biroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonning uchta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplarda zaharli moddalarni topgach, uning obro‘siga putur yetgan edi. Ushbu kompaniyalardan ikkitasi ishlab chiqargan siroplar 2022 yilda Gambiyada 70 nafar va O‘zbekistonda kamida 20 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq.

Avvalroq, Hindistonda Maiden Pharmaceuticals tomonidan ishlab chiqarilgan, Gambiyada bolalar o‘limi bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘tal siroplaridan namunalar tekshiruvdan o‘tkazilganda, zararli moddalar topilmagan edi.

Biroq, O‘zbekistonda bolalar o‘limi bilan bog‘liq bo‘lgan Marion Biotech tomonidan ishlab chiqarilgan siroplarda zaharli moddalar topildi. Hozirda ushbu kompaniya faoliyati to‘xtatilgan, uning bir necha mansabdorlari hibsga olingan.

Mavzuga oid