Jahon | 21:59 / 26.05.2023
51524
2 daqiqa o‘qiladi

Astronomlar Quyoshdagi ulkan qora dog‘ni ko‘rsatishdi 

Quyosh diskini Yerdan to‘rt barobar katta qora dog‘ kesib o‘tgan. Hozir u Yerga qarab harakatlanmoqda. 

Foto: SDO/NASA

Janubiy koreyalik astronom Bum-Suk Yom birinchi bo‘lib Quyoshda juda katta qora dog‘ paydo bo‘lganini payqadi. Uni oddiy quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynakda ham ko‘rish mumkin. 

Business Insider xabariga ko‘ra, 23 may kuni Qo‘shma Shtatlarning ba’zi hududlarida uni ko‘zoynaksiz ham ko‘rishga muvaffaq bo‘lishgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ajablanarli emas - o‘sha kuni yaqin atrofdagi o‘rmon yong‘inlaridan paydo bo‘lgan tutun tabiiy filtr vazifasini bajargan. Boshqa sharoitlarda buning iloji yo‘q. 

Aslida, bu yangi dog‘ emas, astronomlar uni birmuncha vaqt davomida kuzatib kelishmoqda va AR3310 nomini berishgan. Bu hodisa kamdan-kam uchramaydi — hozir Quyosh o‘zining 11 yillik sikli doirasidagi faollikning eng yuqori cho‘qqisiga tayyorlanmoqda. Aynan shu holat qora dog‘larni paydo qiladi. Aslida, bu juda faol magnit maydonga ega bo‘lgan joylar. Ular jiddiy xavf tug‘dirmaydi, lekin kuchli quyosh chaqnashlariga olib kelishi mumkin. O‘z navbatida ular Yerda geomagnit bo‘ronlarni qo‘zg‘aydi. 

AR3310 allaqachon M-sinfidagi kuchlanishni keltirib chiqardi - bu intensivlik shkalasi bo‘yicha ikkinchi daraja. AQSh Okean va atmosferani o‘rganish milliy boshqarmasining ma’lum qilishicha, quyosh dog‘i Yer yuziga qarab harakatlanmoqda, demak, birinchi va eng kuchli daraja bo‘lgan X-sinf chaqnash ehtimoli 20 foizga teng. U go‘zal qutb yog‘dularini shakllantirishi, shu bilan birga radioaloqalardagi uzilishlarga olib kelishi mumkin, deb ogohlantiradi mutaxassislar. 

Mavzuga oid