O‘zbekiston | 08:23 / 26.05.2023
5190
4 daqiqa o‘qiladi

"Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi e’lon qilindi

"Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Qonunning maqsadi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

  • Huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
  • shaxsning, ayniqsa voyaga yetmagan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash;
  • jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
  • huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, o‘rganish, ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • jabrlanuvchilarni, shuningdek huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan, huquqbuzarlik sodir etgan, shu jumladan ilgari sudlangan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda ijtimoiy moslashtirish;
  • jismoniy shaxslarning huquqbuzarlikdan jabrlanish xavfini kamaytirish;
  • voyaga yetmagan shaxslar nazoratsizligining, qarovsizligining, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining profilaktikasi, ularning sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish;
  • voyaga yetmagan shaxslarda konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish ruhida tarbiyalash;
  • ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan shaxslarni va oilalarni ijtimoiy-pedagogik jihatdan reabilitatsiya qilish;
  • shaxslarni huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etishga jalb qilish, undash hollarini aniqlash va ularga barham berish;
  • huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va huquqbuzarliklar profilaktikasida ishtirok etuvchi sub’yektlarning hamkorligini ta’minlash hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish.

Huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

  • qonuniylik;
  • insonparvarlik;
  • tizimlilik;
  • ishontirish usulining ustuvorligi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi yoki huquqbuzarliklar profilaktikasida ishtirok etuvchi sub’yekt, o‘z vakolatlari doirasida g‘ayriijtimoiy xatti-harakat, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan, huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar haqida ish (o‘qish) joyidagi ish beruvchini (ma’muriyatni), yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organini g‘ayriijtimoiy xatti-harakatning va sodir etilgan huquqbuzarlikning holatlarini, shuningdek ularga imkon berayotgan sabablar va shart-sharoitlarni ko‘rsatgan holda xabardor qilishga haqli.

Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish g‘ayriijtimoiy xatti-harakat yoki huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan, huquqbuzarlik sodir etgan, ilgari sudlangan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, huquqbuzarlikdan jabrlangan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan shaxslarga hamda oilalarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa yordam ko‘rsatishga va ularga jamiyatda umumqabul qilingan xulq-atvor normalari hamda qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.

Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlari qonunchilikda belgilangan tartibda huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi sub’yektlar tomonidan jabrlanuvchilarga, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan, huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

  • ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan, psixoaktiv moddalarni notibbiy maqsadlarda iste’mol qiluvchi, narkologik kasalliklarga chalingan, ruhiy holati buzilgan yoxud nazoratsizligi yoki qarovsizligi oqibatida hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diradigan yoki ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berish talablariga javob bermaydigan sharoitda bo‘lgan shaxslarning, shuningdek huquqbuzarliklarni yoxud boshqa g‘ayriijtimoiy harakatlarni sodir etayotgan shaxslarning hisobini yuritish;
  • ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan oilalarning, oila a’zolariga, shuningdek birgalikda yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘layotgan oilalarning, ota-onasi, oila a’zolari yoki birgalikda yashovchi shaxslar voyaga yetmagan shaxslarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yoki oila a’zolarini va birgalikda yashovchi boshqa shaxslarni ta’minlash, tarbiyalash hamda ularga ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlayotgan yoki lozim darajada bajarmayotgan oilalarning, nizolashish arafasida yoxud nizoli vaziyatlarda bo‘lgan oilalarning hisobini yuritish.

Mavzuga oid